Prezidentning “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori imzolandi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasining suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishi doirasida:

a) 2023-yil 1-noyabrdan boshlab:

  • ijobiy ekologik ekspertiza xulosasini olmagan obyektlarga nisbatan moliyalashtirish, kreditlash va boshqa moliya operatsiyalarini to‘xtatib turish mexanizmi joriy etiladi;
  • ekologik huquqbuzarlik sodir etganlarga nisbatan zararni qoplash bilan bir qatorda, zarar yetkazilgan tabiat obyektini tiklash va uning muayyan muddat daavomida muhofaza qilinishini ta’minlash majburiyati yuklandi;

b) suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish maqsadida 2024-yil 1-yanvardan boshlab:

  • respublikaning uzoq muddatli suv balansi prognozini yuritish, shu jumladan, uni har yili yangilash va suv resurslarini tejash dasturlarini qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining, keyinchalik esa, bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish uchun kreditlar 10 foiz stavkada (foiz stavkalarini subsidiyalash hisobiga) ajratilishi ta’minlanadi;

v) atmosferaga zararli tashlanmalar hajmini kamaytirish maqsadida xalqaro “karbon market” tizimi doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar tomonidan barpo etiladigan yashil maydonlarni tashkil qilish xarajatlarini qisman jalb qilingan grant mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda, barpo etilgan yashil maydonlar (yaylovlarni ozuqabop ekinlar bilan, qishloq xo‘jaligi yerlarini daraxtlar bilan qoplash) bo‘yicha kompensatsiyalar issiqxona gazlarini zararsizlantirish darajasiga mutanosib ravishda ajratiladi.