O‘zbekiston Markaziy banki birinchi marta to‘lov tashkilotlari uchun xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha cheklovlarga izoh berdi.

Regulyatorga ko‘ra, Brio Group to‘lov tashkiloti (Oson brendi) oluvchi va (yoki) jo‘natuvchi haqidagi talab qilingan ma’lumotlarni aks ettirmagan, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalarining 31¹-bandi talablari bo‘yicha ushbu turdagi xalqaro pul o‘tkazmalarini aniqlash uchun asosli va imkoni mavjud bo‘lgan zaruriy choralarni ko‘rmagan.

“Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, rezident yuridik shaxslarga chet elda hisobvaraqlar ochish va undagi valyuta mablag‘larini tasarruf etish prezident yoki hukumatning qarorlari doirasida amalga oshirilishi mumkin, deya ta’kidladi Markaziy bank.

“Biroq, amaliyotda „Brio Group“ MCHJ (Oson) to‘lov tashkiloti xorijiy bankda hisobvaraq ochib, mazkur bank hisobvarag‘i orqali yuqoridagi qonun talablariga zid ravishda amaliyotlar o‘tkazgan”, — deyiladi xabarda.

“To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga asosan to‘lov tashkiloti — bank hisoblanmaydigan, to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs hisoblanadi. Shuningdek, to‘lov tashkilotlari Markaziy bank litsenziyasi asosida respublika hududida to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega.

Shu bilan birga, to‘lov xizmatlari — to‘lov yetkazib beruvchining (to‘lov tashkiloti) to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchiga (mijozga) ko‘rsatadigan xizmati bo‘lib, bunda to‘lov tashkilotlari bevosita tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchi yoki sotuvchi sifatida ishtirok etmaydi va to‘lovlarini chet eldagi benefitsiarlarga yetkazib berish hamda ulardan qabul qilish xizmati ular uchun tashqi savdo operatsiyasi hisoblanmaydi.

Shu munosabat bilan to‘lov tashkilotlari o‘z mijozlarining to‘lovlarini chet eldagi benefitsiarga yetkazib berish amaliyotlarini tashqi savdo operatsiyasi sifatida tasniflab, qabul qilingan mablag‘larni boshqa valyutalarga ayirboshlashlari, shuningdek, transchegaraviy va davlatlararo tranzit tashkiloti sifatidagi operatsiyalarda ishtirok etishlari qonunchilikka muvofiq emas, deya qayd etgan Markaziy bank.

Regulyatorga ko‘ra, O‘zbekistonda xalqaro to‘lov xizmatlari va transchegaraviy pul o‘tkazmalari, shuningdek, xalqaro onlayn xizmatlarga to‘lovlar bo‘yicha hech qanday cheklovlar o‘rnatilmagan bo‘lib, tijorat banklarining platformalari orqali to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin.

“Markaziy bank bundan keyin ham to‘lov tashkilotlari faoliyatida qonunchilik buzilishi holatlarini muntazam ravishda nazorat qilib, to‘lov tashkilotlari qonunchilik doirasida faoliyat yuritishlari borasida barcha choralarni ko‘radi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi oxirida Markaziy bank Oson`ni to‘lov operatsiyalarini amalga oshirishda jinoyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunni buzgani uchun jarimaga tortgani ma’lum bo‘lgandi.

Kompaniya jarimaga izoh berib, O‘zbekistonning ellikdan ortiq fintex tashkiloti Markaziy bankdan 5-sentabrdan boshlab transchegaraviy davlatlararo tranzit operatsiyalarini taqiqlash to‘g‘risida xat olganini qayd etgan. Bu xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, o‘yin xizmatlari va xorijiy kompaniyalar xizmatlari uchun to‘lovlar hamda bir qator boshqa operatsiyalarni amalga oshirishning to‘xtatilishini anglatadi.

Seshanba kuni Oson Markaziy bankdan jarima to‘lash bo‘yicha barcha so‘rovlarni qaytarib olishini va regulyator tomonidan qo‘yilgan jarimani to‘lashini e’lon qildi. 5-sentabrdan boshlab Oson mustaqil ravishda xorijiy pul operatsiyalarini amalga oshirmayapti, deya qayd etdi kompaniya.

Oson bilan bir qatorda boshqa to‘lov tashkilotlari, jumladan, PayWay ham xalqaro pul o‘tkazmalari va xorijiy xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘xtatdi.

Markaziy bank bayonoti e’lon qilinishidan avval O‘zbekiston banklari veb-saytlarida Markaziy bankning to‘lov tizimlarining transchegaraviy tranzit operatsiyalarini to‘xtatish haqidagi qarorini qo‘llab-quvvatlovchi bir xil mazmundagi xabarlar paydo bo‘ldi. Ularda qaror moliya tizimi va fintex bozorini xatarlardan, jumladan, sanksiyalar bilan bog‘liq risklardan himoya qilish uchun ishlab chiqilgani aytiladi.