“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Bahodirjon Sidiqov 25-avgust kuni Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan press-turda O‘zbekistonda gaz qazib olish bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarni noto‘g‘ri deb atadi.

“Prezidentimiz Buxorodagi yig‘ilishda „bu yil qish boshqacha bo‘ladi“ degan bir jumlani aytdilar. Haqiqatda, xalqda bu savol tug‘diryapti: „Nimasi boshqacha bo‘ladi?“ Yangiliklarda ko‘ryapmiz, biz tarafga juda katta e’tiroz bo‘lyapti. „Gaz qazib olish tushib ketibdi. O‘tgan yilga nisbatan tushib ketibdi. Bular rejalarini o‘zgartirib olibdi, tushirib olibdi“ deyishyapti. Bu noto‘g‘ri ma’lumot. Qaysi ma’noda? Biz hozirgi muammodan xabardormiz, [ishlab chiqarish] tushmadi. Biz haqiqiy muammodan xabardormiz. Bizda bu muammoga qarshi kurashish uchun aniq chora-tadbirlar mavjud”, — dedi u Kun.uz nashri lavhasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mutaxassislari qanday vazifalarni hal qilishlari kerakligini, shuningdek, maqsadlarga erishish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar miqdorini biladi.

“Prezidentimiz o‘tgan qishdagi ahvoldan kelib chiqib, bizning oldimizga qattiq vazifa qo‘yganlar… Bizning hozirgi tayyorgarligimiz: agar mabodo qo‘shni davlatlardan tabiiy gaz importining imkoni bo‘lmay qolsa-chi? Har xil sabab bo‘lishi mumkin. O‘tgan yili bizga kelgan qish qo‘shni davlatlarga ham kelgan”, — dedi “O‘zbekneftgaz” rahbari.

Bahodirjon Sidiqov o‘tgan yili qishda O‘zbekistonda kuniga 15−20 mln kub metr gaz yetishmaganini, bu yilgi qish mavsumida gaz tanqisligining oldini olish choralari belgilab olinganini qayd etdi.

баҳодиржон сидиқов, gaz, gaz qazib olish, uзбекнефтgaz

Shuningdek, u mamlakatdagi uglevodorod zaxiralari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 1,85 trln kub metr gaz va 150,3 million tonna suyuq uglevodorodlar tasdiqlangan hajmi bo‘lgan 296 ta neft va gaz konlari mavjud. “O‘zbekneftgaz” 933,2 mlrd kub metr (50,3 foiz) va 53,3 mln tonnalik 122 ta konga (shundan 35 tasi konservatsiyada) egalik qiladi.

баҳодиржон сидиқов, gaz, gaz qazib olish, uзбекнефтgaz

баҳодиржон сидиқов, gaz, gaz qazib olish, uзбекнефтgaz

Prezident huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2023-yilning yanvar-iyul oylarida gaz qazib olish hajmi 27,47 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,5 foizga yoki 2,87 milliard kub metrga kamaygan. Buning fonida import keskin oshdi — bu davrda xorijdan 201 mln dollarga gaz xarid qilindi, bu o‘tgan yilga nisbatan 49,1 foizga ko‘p hisoblanadi.

Aprel oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov gaz qazib olishning kamayishi asosan “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati hissasiga to‘g‘ri kelganini ta’kidlagan, chunki “kompaniya konlarining 75−80 foizi o‘zlashtirilib bo‘lingan”. U O‘zbekistonda gaz qazib olish dinamikasi yilning ikkinchi yarmidan boshlab ijobiy tomonga o‘zgarishini ta’kidladi, biroq ko‘rsatkichlar o‘tgan yilga nisbatan pastligicha qolishda davom etmoqda.

Bundan tashqari, “O‘zbekneftgaz” 2023-yil uchun tabiiy gaz qazib olish prognozini 1,8 mlrd kub metrga — 34,1 mlrd dan 32,3 mlrd kub metrga pasaytirdi. Kompaniya rahbarining birinchi o‘rinbosari Behzod Usmonov taqdim etgan jadvalga ko‘ra, hozirgi konlarda tabiiy ishlab chiqarish pasayishda davom etadi va 2024-yilda qazib olish hajmini 34,1 mlrd kub metr darajasida ushlab turish uchun geologiya-qidiruv ishlari orqali 4,6 mlrd kub metr, 2025-yilda 7,1 mlrd kub metr, 2026-yilda 9,6 mlrd kub metr gazni kompensatsiya qilish kerak bo‘ladi.