O‘zbekistonda davlat budjeti taqchilligi birinchi yarim yillikda 6,18 foizga yetdi. Bu Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning 4-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qilgan chiqishida ma’lum bo‘ldi. Lekin hukumat a’zosi o‘z nutqida defitsit so‘zini ishlatmadi.

Gap faqat davlat budjeti haqida ketyapti. U davlat maqsadli jamg‘armalarining budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (suveren jamg‘arma) mablag‘larini ham o‘z ichiga oluvchi konsolidatsiyalashgan budjet tarkibiga kiradi. Vazir konsolidatsiyalashgan budjet to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilmadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yilning dastlabki olti oyida davlat budjeti daromadlari 100 trillion so‘mni tashkil etdi (76 trillion so‘mi Soliq qo‘mitasi, 24 trillion so‘mi Bojxona qo‘mitasi tomonidan ta’minlandi), bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan (92,6 trln so‘m) atigi 8 foizga ko‘p.

budjet xarajatlari 129 trillion so‘mdan oshdi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan (103 trillion so‘m) 25,3 foizga ko‘p. Shundan 65 trillion so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirildi, dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Shunday qilib, davlat budjeti xarajatlari daromadlardan 29 trillion so‘mga oshib ketdi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti ushbu davrda 469,9 trillion so‘mni tashkil etganini hisobga olsak, davlat budjeti taqchilligi (konsolidatsiyalashgan budjet emas) 6,18 foizga yetdi.

Ta’kidlash joizki, hukumat joriy yilgi Davlat budjetining daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi ijobiy farq 4,2 trillion so‘mga teng bo‘lishini prognoz qilgandi. Xususan, 2023-yilda daromadlar 232,1 trillion so‘m, xarajatlar 227,9 trillion so‘mni tashkil etishi kerak.

Defitsit davlat maqsadli jamg‘armalari xarajatlarining ularning daromadlaridan 28,9 trillion so‘mga oshib ketishi hisobiga yuzaga kelishi kutilgandi. Ammo bu ma’lumotlar ochiqlanmadi.

Konsolidatsiyalashgan budjet defitsiti (davlat budjeti + davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, budjetdan tashqari jamg‘armalar va TTJ mablag‘lari) 32,5 trillion so‘m (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz atrofida) miqdorida prognoz qilingandi.

Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun faqat 2 milliard dollar tashqi qarz jalb qilishi mumkin. Qonunchilik palatasi deputatlari budjetning ijrosi yuzasidan savol bermadi. Jamshid Qo‘chqorov defitsitni nimaning hisobidan qoplash rejalashtirilayotgani haqida ma’lumot bermadi.

Moliyachi Otabek Bakirov O‘zbekistonda oxirgi yillarda budjet intizomi butunlay izdan chiqib bo‘lgani, amalga oshirilgan xarajatlar ular ishlatib bo‘lingach, ya’ni postfaktum ma’qullanishi normaga aylanganini ta’kidladi. Eslatib o‘tamiz, deputat Doniyor G‘aniyev o‘tgan yili hukumat budjet defitsiti limitini oshirishni so‘raganida “Agar biz noyabrda qilib bo‘lingan xarajatlar uchun moliyalashtirishni tasdiqlaydigan bo‘lsak, bu parlamentni noqulay ahvolda qoldiradi”, deb ta’kidlagan edi.

Avval xabar berganimizdek, prezident qarori loyihasida 2023-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining maksimal hajmini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan 5 foizga yoki 53,4 trillion so‘mgacha oshirish taklif etilgan. Agar hukumat xarajatlar chegarasidan yana o‘tib ketsa, bu davlat xarajatlarining 1,8 milliard dollarga oshishiga olib keladi.

Avvalroq Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov budjet taqchilligi haqida so‘ralganda, aniq miqdorni aytmagan, biroq bu limitdan “biroz yuqori” ekanini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkichning o‘sishi gaz importining ortishi bilan bog‘liq, vaholanki, birinchi olti oyda O‘zbekiston bor-yo‘g‘i 200 million dollarga gaz import qilgan (2,5 milliard dollar kamomaddan ancha kam).

2022-yilda hukumat davlat budjetining yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdoridagi chegarasida ushlab turolmadi, shu sababli parlament xarajatlarni 2 milliard dollarga oshirishni va YAIMning 4 foizigacha bo‘lgan chegarani tasdiqladi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov davlat xarajatlarining oshishi hisobiga inflyatsiya darajasi kutilganidan yuqori ekanini, shu sababli budjetni konsolidatsiyalash (xarajat va daromadlarni optimallashtirish) roli ortib borayotganini ta’kidladi.