Bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida bloger, “Oynaga qarang” MCHJ rahbari Abduqodir Mo‘minovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi, deya xabar berdi Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining raisi S. Sodiqov e’lon qilgan hukmga ko‘ra Abduqodir Mo‘minov fuqarolar L. M., F. K. va E. E.ning pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan egallash holatlari bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermaganligi hamda uning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b”, “v” bandlari bilan aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi hamda jinoyat ishining shu qismlari Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 1, 2-bandlariga asosan tugatildi.

Mo‘minov Jinoyat kodeksining 141−1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a” bandi, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Unga Jinoyat kodeksining 45 (muayyan huquqdan mahrum qilish) va 57 (yengilroq jazo tayinlash) moddalarini qo‘llagan holda Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodiri etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 3 yil muddatga jurnalistik (blogerlik) faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tattirilish belgilandi.

Shuningdek, Abduqodir Mo‘minovdan jabrlanuvchilar foydasiga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish belgilandi.

Birinchi instansiya hukmidan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirish huquqi mavjudligi ma’lum qilinadi.