Ichki ishlar organlari xodimlari kichik yoshdagi bolalarga “oq bilan qorani ajrata olish” haqida ma’ruza qilgan Toshkentdagi maktabgacha ta’lim tashkiloti uslubchisi va mudirasi intizomiy jazoga tortildi. Bu haqda 31-iyul kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rahbariyati ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Maktabgacha ta’lim agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Farruh Boboyev aslida bolalar bilan mashg‘ulotlar maxsus maydonchada o‘tkazilishi belgilanganini ta’kidladi. Ammo uchrashuv noto‘g‘ri tashkil etilib, guruhda o‘tkazilgan.

bolalar, maktabgacha ta’lim agentligi

Foto: AOKA

“Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yoz oylarida maktabga tayyorlov guruhlarimizdagi 6 yoshli bolajonlarimizga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish, harbiylar bilan uchrashish, ona vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida yozgi sog‘lomlashtirish dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Aynan har bitta bog‘chada yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatuvchi maydonchalar mavjud. [Videodagi] uchrashuv aynan o‘sha maydonchada emas, balki guruhda o‘tkazilgan. Uchrashuv noto‘g‘ri tashkil etilgani uchun tegishli mutasaddilar (agentlik axborot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, bog‘cha mudirasi va uslubchisi)ga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanildi”, — dedi Farruh Boboyev.

Eslatib o‘tamiz, 23-iyul, yakshanba kuni internetda poytaxtdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida birida ichki ishlar organlari xodimlari 3−4 yoshli bolalar bilan “tarbiyaviy soat” o‘tkazayotgani aks etgan video paydo bo‘ldi. Unda xodimlardan biri yaxshi inson bo‘lish, ota-onani hurmat qilish, keyin afsuslanmaslik uchun “aytganini qilish”, “oq bilan qorani ajrata olish” haqida gapiradi. Video, kutilganidek, jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi.

Maktabgacha ta’lim agentligi o‘z izohida maktabgacha ta’lim tashkilotlari bolalar bilan suhbat o‘tkazish uchun turli soha vakillarini taklif qilishlari mumkinligini, ammo bunday tadbirlar o‘yinlar, bayramlar, eksperimentlar, tomoshalar, kitob o‘qish va ekskursiyalar shaklida o‘tkazilishi kerakligini ma’lum qildi.

Toshkent maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmatining bayonot berishicha, holat 18-iyul kuni Uchtepa tumanidagi bog‘chalarning birida kuzatilgan. Bog‘cha mudirasining taklifiga asosan, tuman IIO FMB 2-sonli IIB “Farhod” mahallasiga xizmat ko‘rsatuvchi 40-sonli TP profilaktika katta inspektorlari kapitan F.T. va leytenant A.A. ushbu bog‘chaga kelgan (bu qism rasmiy munosabatda mavjud edi, ammo boshqarma xabarni o‘chirib, uni kanalga qayta joylaganda tushirib qoldirilgan).

Eslatib o‘tamiz, ushbu masalaga prezident Shavkat Mirziyoyev ham to‘xtalib: “Nima ish qilish kerakligini bilmagan ayrim profilaktika inspektorlari esa bog‘chalarga borib, 3−4 yoshli bolakaylarga „oq-qorani farqlash“ bo‘yicha ma’ruza o‘qish bilan band”, — degan edi Farg‘onadagi yig‘ilishda.

Avvalroq “Gazeta.uz” psixolog Zulayho Shermatovadan vaziyatga izoh berishni so‘radi. U bolalarning yoshini hisobga olish va bolalar bilan muloqot qiladigan odamlarni tayyorlash muhimligini ta’kidladi.