O‘tgan yakshanba kuni internetda poytaxtdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida birida ichki ishlar organlari xodimlari 3−4 yoshli bolalar bilan “tarbiyaviy soat” o‘tkazayotgani aks etgan video paydo bo‘ldi. Unda xodimlardan biri yaxshi inson bo‘lish, ota-onani hurmat qilish, keyin afsuslanmaslik uchun “aytganini qilish”, “oq bilan qorani ajrata olish” haqida gapiradi.

Video, kutilganidek, jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi. Maktabgacha ta’lim agentligi o‘z izohida maktabgacha ta’lim tashkilotlari bolalar bilan suhbat o‘tkazish uchun turli soha vakillarini taklif qilishlari mumkinligini, ammo bunday tadbirlar o‘yinlar, bayramlar, eksperimentlar, tomoshalar, kitob o‘qish va ekskursiyalar shaklida o‘tkazilishi kerakligini ma’lum qildi.

Mazkur masalaga hatto prezident Shavkat Mirziyoyev ham to‘xtalib: “Nima ish qilish kerakligini bilmagan ayrim profilaktika inspektorlari esa bog‘chalarga borib, 3−4 yoshli bolakaylarga „oq-qorani farqlash“ bo‘yicha ma’ruza o‘qish bilan band”, — dedi.

“Gazeta.uz” psixolog, psixologiya o‘qituvchisi Zulayho Shermatovadan vaziyatga izoh berishni so‘radi. U Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti bitiruvchisi, 13 yillik ish staji, shu jumladan 10 yillik terapiya va konsultatsiya tajribasiga ega, oxirgi 5 yil davomida nevropsixolog va kognitiv rivojlanish psixologi sifatida ixtisoslashgan.

“Vaqtni samaraliroq sarflash mumkin edi”

“Mazkur tadbir travmatik omillar bilan kechmagan bo‘lsa, ya’ni hech kim qo‘pollik qilmagan, hech kim qichqirmagan, bolalarni cho‘chitmagan bo‘lsa, bu videoda hech qanday qo‘rqinchli narsa yo‘q. Lekin bu tadbirdan ham foyda yo‘q deb qo‘rqaman. Mazkur tarbiyaviy soat maktabgacha yoshdagi bolalarning psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda tashkil etilganida edi, IIO xodimlari sarflagan vaqtni yanada konstruktiv o‘tkazish mumkin edi”, — dedi mutaxassis.

“Bolalar psixologi, psixologiya o‘qituvchisi sifatida aytishim mumkin: bolalar bog‘chasi yoshi kichik va katta maktabgacha yoshdagi — 2−3 yoshdan 6−7 yoshgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi, bu yoshlardagi bolalarda harakatlar uchun javobgarlik hissi va harakatlarning sabab-oqibat aloqalari emas, balki ijtimoiy-madaniy ko‘nikmalar faol shakllanadi. Ular faol ravishda boshqa psixologik xususiyatlar, masalan, o‘zini o‘zi baholash, o‘zi va boshqalar uchun turli rollarni o‘ynab ko‘rishga harakat qilish kabilarni shakllantiradilar”, — deya tushuntirdi u.

“Bolalar o‘zlariga turli rollarni olayotganlarida bularning barchasi ushbu yosh uchun yetakchi faoliyat — syujetli-rolli o‘yinlarni o‘ynash orqali shakllanadi. Misol uchun, o‘yinlarda ular ota, ona, shifokor, politsiyachi va hokazo bo‘lishadi. Shunday ekan, bolalarga nima yaxshi, nima yomon, kim bilan borish mumkinligi, qanday hollarda yordam so‘rash kerakligini tushuntirish uchun aynan shunday yondashuvdan foydalangan holda ma’lumotni yanada samaraliroq yetkazish mumkin bo‘ladi”, — dedi Zulayho Shermatova.

Videoda ko‘rsatilgan formatdagi bolalar o‘zlari tushunmaydigan tilda nimalardir gapirayotgan odamni tinglashlari kerak bo‘lgan suhbat “ular 7 yasharga yaqin yoshdagi bolalar bo‘lmasa, nolga teng”. Videoda bu yoshga to‘lmagan bolalar ko‘rinib turibdi va ular katta ehtimol bilan “shunchaki militsioner amakilar kelib, nimadir deganini anglab yetishgan”.

"Nega? Chunki bu yoshdagi bolalarda, ham kichik, ham katta maktabgacha yoshdagi bolalardagi asosiy faoliyat — o‘yin hisoblanadi. 3 yoshdan 4 yoshgacha bolalar uchun bu faol o‘yinlar bo‘lsa, 5 yoshdan 7 yoshgacha — rolli o‘yinlar. Aynan yetakchi faoliyat orqali va aynan ma’lum bir yoshdagi asosiy faoliyat turi orqali bolalar tashqi dunyoni qabul qiladilar va uni faqat ushbu vosita orqali o‘rganadilar", — dedi mutaxassis.

“Shuning uchun bu yoshda bolalarga nimanidir yetkazmoqchi bo‘lsak, e’tiborga olishimiz va shunga mos ravishda ertaklar, hikoyalar, o‘yinlardan ko‘proq foydalanishimiz kerak. Xuddi shu militsioner amaki xonaning o‘rtasida turishi, bolalarni yaqinroq taklif qilishi, do‘stona muhit yaratishga harakat qilishi, ularga nima qilish kerakligini va biror narsa sodir bo‘lganda qanday yo‘l tutish lozimligini o‘rgatish uchun kelgan do‘st sifatida paydo bo‘lishi mumkin edi. Buni rasmiy va bir xil ohangda emas, balki rang-barangroq aytib bergan bo‘lardim”, — dedi Zulayho Shermatova.

Ular foydalangan bunday formatda bolalarning murg‘ak dunyosiga mutlaqo yo‘l topib bo‘lmaydi, ular vaqtni behuda sarflashgan va afsuski, bu hisobot uchun qilingani aniq”, — dedi u.

Bolalar bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lishi zarur

“Bunday ko‘rinishdagi tarbiyaviy soatlarni o‘smir bolalar bilan o‘tkazgan yaxshiroq, chunki biz, kattalar „mas'uliyat“ deganda tushunadigan mas’uliyat aynan 11 yoshdan shakllanadi. Qachonki siz qandaydir g‘amxo‘rlik hamda qaysidir holatlarning jiddiyligini haqiqatdan ham sezganingizda, havflilik darajasini ham baholay olasiz. O‘smirlarga esa tashqi omillar ko‘proq ta’sir qiladi, bu yoshda oila, ota-onalar ikkinchi o‘ringa tushadi, mobodo undan ham pastroq bo‘lmasa. Do‘stlar, jamiyat, ko‘cha birinchi o‘ringa chiqadi”, — deya ta’kidladi psixolog.

“Birinchi sinfda bunday suhbatlarni o‘qituvchi orqali o‘tkazish fikr yomon emas, chunki boshlang‘ich maktab yoshida bolalarda o‘zini o‘zi baholash shunday shakllanadiki, bu jarayonda aynan o‘qituvchi asosiy obro‘-e'tiborli odamga aylanadi. Ya’ni, ustoz aytgan hamma narsa to‘g‘ri bo‘ladi. Undan keyin — faqatgina mening aytganlarim, keyin — ota-onamning aytganlari. Kichik va katta maktabgacha yoshda esa aksincha — bu yerda, birinchi navbatda, ota-onalar aytgan hamma narsa to‘g‘ri, keyin — tarbiyachi, keyin esa bolaning o‘zi. Bu yoshda o‘zini o‘zi baholash mana shunday rivojlanadi, shuning uchun ma’lumot syujetli rol o‘ynash faoliyati — ertaklar, hikoyalar, kitoblar, plakatlar orqali yaxshiroq qabul qilinadi”, — deya fikrini takrorladi mutaxassis.

Kichikroq yoshda esa ota-onalar bilan suhbatlashish foydaliroq bo‘lardi. “Ota-onalarni taklif qilish, bolalar ham birga o‘tirishlari mumkin edi. Nima bo‘lganda ham ular qilgan ish — samarasiz edi”, — deydi Zulayho Shermatova.

Videodan ko‘rish mumkinki, bolalar o‘tirishibdi va yurishgani yo‘q, suhbat esa erkin formatda bo‘lmagan, ularga shovqin qilish mumkin emasligi aytilgan bo‘lishi mumkin (videoda tarbiyachining “tshshsh” degani ham shundan dalolat beradi). “Umuman olganda, buni shunday formatda o‘tkazish shartmidi? Rostini aytsam, tushunmayapman. Men bu militsionerlarning vaqtlarini bunga sarflamagan bo‘lardim. Uni boshqa narsaga sarflagan bo‘lardim. Bu yana bir bor tizim noto‘g‘ri ishlayotgani va o‘z resurslarini noto‘g‘ri taqsimlayotganidan dalolat beradi”, — dedi mutaxassis o‘z fikrini.

“Suhbatlarning bunday formati bolalarning asta-sekin qattiqqo‘llikka, tarbiyachi talab qiladigan narsaga, o‘tirish, eshitishga o‘rganib qolishlariga olib keladi. Kichik yoshdagi bolalar uchun bunday munosabat fobiyaga olib kelishi mumkin. Qo‘pollikka yo‘l qo‘yilsa, bolalar ko‘chaga chiqqanida militsionerlardan qo‘rqishlari mumkin. Shuning uchun ular yoshining psixologik xususiyatlari va yetakchi faoliyatini hisobga olgan holda ma’lumotlarni taqdim etish kerak edi. Kimnidir tarbiyaviy soatga jo‘natishdan avval bu haqda aytish zarur”, — dedi psixolog.

Uning fikricha, bu “bizning tizimimizda, har qanday tizimda shu kabi bo‘shliqlar borligidan, bunday muhim ma’lumotlarni taklif etilayotgan mutaxassislarga yetkazishi lozim bo‘lgan psixolog-mutaxassislarning ishlamayotganidan” darak beradi. “Har qanday universitetda, qaysi yo‘nalishda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘qitish metodologiyasi mavjud ekani bejiz emas, chunki biror narsani, ayniqsa bolalarga yetkazishdan oldin, bu haqda bilish kerak”.

“Natijada bolalar ba’zida hatto ular bilan nimadir ro‘y berganida ham o‘qituvchilarining oldiga borib, bu haqda aytishdan qo‘rqishadi, chunki uni urishib berishlaridan cho‘chishadi”, — deya xulosa qildi Zulayho Shermatova.