25-iyul kuni Xitoy parlamenti yetti oydan beri tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Sin Ganni lavozimidan ozod qildi, deb xabar bermoqda Global Times nashri.

Ganning o‘rniga KPK Markaziy Qo‘mitasining Tashqi ishlar komissiyasi devoni rahbari Van I tayinlandi.

Sin Ganning iste’fosi uning uzoq vaqt davomida jamoatchilikka ko‘rinish bermagani fonida sodir bo‘ldi. Gazetaning yozishicha, Ganni oxirgi marta 25-iyun kuni Pekinda Rossiya, Vetnam va Shri-Lanka tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvda ko‘rilgan.

Vazir iyul o‘rtalarida Indoneziyadagi ASEAN sammitiga ham bormagan, uning o‘rniga Van I ishtirok etgan edi. TIV buni Ganning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar bilan izohlagandi.

Avvalroq, Sin Gan yo‘qligi sababli Pekinga safari Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli tomonidan bekor qilingan, iyul oyi boshida esa Xitoy Yevropa Ittifoqi tashqi xizmati rahbari Jozep Borrelning tashrifini ortga surgan edi.