Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov 22-iyul kuni Telegram`dagi kanalida kambag‘allik mavzusida post yozdi. Uning o‘ylashicha, kambag‘allik — mag‘lubiyatga rozilik degani.

“O‘zbekistonda kambag‘allik yo‘q deb, uzoq yillar o‘zimizni aldab keldik. 7 yil avval, xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 34 foiz aholi kambag‘al edi, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 14 foizgacha qisqaribdi. Xalqaro mezonlar o‘z yo‘liga, kambag‘allik — mag‘lubiyatga rozilik, deb o‘ylayman”, — deb yozgan u.

алishyer қодиров, deputatlar баҳси, доniёд ғаniев, kambag‘allik

Foto: Qonunchilik palatasi

Alisher Qodiroving so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda harakati, ilmi va hunari yo‘q odam kambag‘al bo‘ladi. “Kimdir hayoti davomida imkoniyat izlasa, kimdir aybdor izlaydi. Menimcha, davlat qancha harakat qilmasin, mag‘lublar kambag‘al bo‘lib qolaveradi”, — deya qayd etgan deputat.

Shundan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev Twitter`dagi sahifasida Nobel sovrindorlari fikrlarini yozib qoldirdi.

“Nobel sovrindorlari Abxijit Banerji va Ester Dyufloning („Poor economics“) fikricha, odamlar mehnat qilmagani uchun emas, balki ko‘p hollarda „kambag‘allik qopqoni“ (ochlik, kasallik, ishsizlik, ta’lim ololmaslik) ga tushib qolishi ortidan qashshoqlikdan chiqolmaydi”, — deb yozdi parlament deputati.

Alisher Qodirov o‘z Telegram kanalida yozuvchi Mark Tvenning quyidagi so‘zlarini keltirib o‘tdi: “Hech qachon ahmoqlar bilan tortishmang. Ular o‘z darajalarida tajribalari hisobiga sizni ezib tashlaydilar”.

Parlament deputati Doniyor G‘aniyev esa Twitter`da “To‘g‘ri, ilmi, hunari yo‘q, dangasa odam kambag‘al bo‘lishi mumkin. Lekin bu hamma kambag‘al shunday degani emas. Xuddi ahmoq odamlar ham deputat bo‘lishi mumkin, lekin bu hamma deputat ahmoqligini anglatmagandek”, — deya tvit yozdi.

Bloger Dima Qayum deputat Alisher Qodirovning kambag‘allik haqidagi gaplariga 90 foiz qo‘shilishini ta’kidlab, Facebook`dagi sahifasida o‘z fikrini bildirdi.

“Kimnidir aybdor qilishdanda oson ish yo‘q. Muzdekkina yoki issiqina ofisda post yozayotganingizda (kambag‘alni o‘ylab) men yigirma mingdan oshiq kam ta’minlangan, kambag‘al, qashshoq oilalarni xonadoniga kirdim, kiryapman ko‘pining ahvoli esa o‘sha-o‘sha. O‘zgarayotgani bor oz foizda bo‘lsa ham”, — deydi bloger.

Uning aytishicha, hukumatning kambag‘al qatlamga yordam berishi natijasida tekinxo‘r armiya paydo bo‘lgan.

“Hukumat tomonidan o‘sha kambag‘allarga o‘zgarsin deb chok moshina, svarka apparat, motorol, har xil uskunalar, kreditlar berilmoqda. Ammo ular ishlatmay, sotib, pulini bo‘lmag‘ur narsalarga sarf etmoqda. Gektarlab issiqxonalarning ahvoli ayanchli (o‘sha kambag‘allar ishlamayapti). Hokimiyat eshigi tagida shantaj qilayotgan, janjal qilib, uy, yer, pullarni qayta-qayta so‘rayotgan armiya paydo bo‘ldi. Kechirasizlaru, g‘irt tekinxo‘r”, — deb yozdi Dima Qayum.

Blogerga ko‘ra, aholini kambag‘allikdan chiqarishning yagona va to‘g‘ri yo‘li ish bilan ta’minlash hamda yetarli maosh berishdir. “Ammo tekinxo‘rga milliard bersangiz ham oz. Fikrlar o‘zimniki. Siz uchun xato bo‘lishi mumkin”, — deya postini yakunlagan u.

Deputat Alisher Qodirov ham Dima Qayumning fikrlariga munosabat bildirarkan, u odatdagidek, jaydari, asosli fikr o‘qigani, ikkisini bu xulosaga keltirgan asoslar bir xil ekanini ta’kidladi.

“Tanganing har ikki tomonini ko‘rib xulosa chiqaradigan odamlarning ko‘pligi jamiyatda konstruktiv muloqot, pirovardida hammani qiynayotgan muammolarga tezroq yechim topishga muhit yaratadi. Trollar, provokatorlar, kaltabinlar va doimo norozilar o‘z yo‘liga, tuppa-tuzuk, ba’zi fikrlariga quloq tutish mumkin bo‘lgan ayrim faollar ham, o‘pkasi yo‘q xeyterlarga aylanib qolgani, albatta, achinarli…”, — deydi Qodirov.

Uning qayd etishicha, deputatlarning ahmoq bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikr — kaltabinlik. “Qolaversa, saylovchiga, mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shgan va qo‘shayotgan amaldagi va sobiq deputatlarga nisbatan hurmatsizlik qilindi”, — deya qo‘shimcha qilgan u.

“Fikr egasidan bu xulosaga qanday kelganini so‘rab ko‘rish kerak. Chunki uning juda yaqin qarindoshlari ichida o‘z davrining fidoyi deputatlari bor. Har holda, insonni ahmoq deyish uchun uni juda yaqindan bilish kerak. Shaxsan men bunday deputatlarni bilmayman”, — deydi “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari.

Deputatning fikricha, o‘zbek xalqini teng va bir xil obod hayot ta’minoti haqidagi balandparvoz va yolg‘on va’dalar bilan boshini qotirib, yakunda o‘zi ham, g‘oyasi ham yo‘q bo‘lib ketgan sovet sotsializmi xulosalar uchun yetarli bo‘lishi kerak.

“Takror aytaman, inson yaxshi yashashiga xalaqit beradigan muammolarni yengib o‘tishi kerak. Istasa, davlatni, istasa, ota-onasini, istasa, butun dunyoni aybdor deb bilsin: boy berilgan hayot unikidir! Inson qayerda va qanday holatda bo‘lishidan qat’i nazar, harakati, bilimi va hunari bilangina maqsadiga erishadi. Ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlam butun dunyoda davlatning qaramog‘ida bo‘lishi muhokama mavzusi emas. Men O‘zbekistonni o‘zbek xalqining insonparvar qadriyatlariga sadoqatli boylari ko‘p, ijtimoiy davlat sifatida tasavvur qilaman”, — deydi Alisher Qodirov.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev 24-iyul kuni Telegram kanalida bahsli mavzuga oid post qoldirdi. Uning yozishicha, kambag‘allarga nisbatan diskriminatsiya emas, hamdardlik va qo‘llov kerak.

“Bir paytlar xorijdagi migrantlarimiz „dangasa, noshukr“ deb atalib, ulardan jirkanish siyosati targ‘ib qilinganiga ham guvoh bo‘lganmiz. Shukurki, hozirda davlat pozitsiyasi bu borada 180 gradus o‘zgargan. Bugun hatto davlat rahbari ham migrantlarni dangasa deb emas, balki zamonamiz qahramonlari sifatida e’tirof etmoqdalar. Lekin, afsuski, ba’zi fikr egalari (o‘zlari bilib-bilmaymi?) haliyam o‘tgan epoxadagi kabi iqtisodiy nochor qatlamlarni kamsituvchi, ularga nisbatan noto‘g‘ri qarashlarni shakllantiruvchi aporofobik siyosat tarafdori ekanini ko‘rish achinarli”, — deydi deputat.

алishyer қодиров, deputatlar баҳси, доniёд ғаniев, kambag‘allik

Foto: Abdullo Yodgorov / “Gazeta.uz”

Uning qo‘shimcha qilishicha, mamlakat aholisining 14 foizini (5 mln fuqaro) yoppasiga harakatsizlik, mas’uliyatsizlikda ayblab, ularni o‘z sharoitlariga loyiq, deb hisoblash aporofobik (qashshoqlik yoki kambag‘al odamlarga nisbatan kuchli antipatiya yoki nafrat) diskriminatsiyaning eng klassik ko‘rinishi hisoblanadi.

“Xavotirlisi shuki, jamiyatda bu kabi diskriminatsiya, stereotiplarning shakllanishi nafaqat ijtimoiy va iqtisodiy tengsizliklarni yanada kuchaytirishi, balki kambag‘al aholi qatlamining “qashshoqlik tuzog‘i”dan chiqib ketishini ham qiyinlashtiradi. Xayriyatki, bu kabi jamiyatni bo‘luvchi siyosiy qarashdagilar hokimiyat tepasida emas. Bugun kambag‘allikni qisqartirish, eng avvalo, inklyuziv ijtimoiy siyosatni ilgari surish, kambag‘al aholiga sifatli ijtimoiy xizmatlarda (ta’lim, tibbiyot) keng foydalanish imkoniyatini yaratish orqali erishilishini hukumat yaxshi anglab yetgan”, — deb yozadi u.

Doniyor G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy jihatdan nochor fuqarolar uchun teng huquq va imkoniyatlarni yaratish, barchaga o‘z potensialini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar yaratish davlat rahbarining saylov dasturida eng asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida aks etgani ham bejiz emas.

“Shu bilan birga, kambag‘al fuqarolarga nisbatan kamsitishlarning oldini olishda davlat bilan jamiyat ham birdek mas’ul ekanini unutmasligimiz kerak. Bunda kambag‘allik bilan bog‘liq stereotiplarga qarshi turish, shuningdek, jamiyatning boshqa vakillari orasida kambag‘al shaxslarga nisbatan hamdardlik va tushunish (empatiya)ni yoyish muhim. Zero, jamiyatdagi turli iqtisodiy qatlamlar o‘rtasidagi ijtimoiy hamjihatlik va barqarorlik hammamizning farovonligimiz uchun kerak”, — deydi parlament deputati.

U deputatlar haqidagi fikri haqida yozarkan, “Men u gapni o‘z fikrimni tushuntirish uchun oddiy bir misol tarzida ishlatgandim. Ya’ni deputatlarning katta qismi ahmoq bo‘lmaganidek kambag‘allarning ham ko‘pi dangasa emas ma’nosida. Lekin hech bir sobiq yoki amaldagi deputatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ahmoqlikda ayblamagandim. Agar kimdir bu gapimdan o‘zini ahmoq deb haqoratlangan his etgan bo‘lsa, demakki, gaplarimni o‘zlarining tasavvurlariga moslab olishgan, xolos”, — degan Doniyor G‘aniyev.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda “Milliy tiklanish” partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lgan Alisher Qodirov saylovchilar bilan muloqotda migrantlardan ham soliq undirish taklifini bildirgandi. “Kelinglar, endi yana ham vatanparvarroq bo‘laylik, migrantlar ham o‘zining solig‘ini mamlakat taraqqiyoti uchun to‘lasin”, — degan edi u.

Bundan bir yil muqaddam Alisher Qodirov va sobiq deputat Rasul Kusherbayev o‘zaro tortishib qolgandi. Bunga fuqarolarning shaxsiy elektron ma’lumotlarini olishga imkon beruvchi qonun loyihasi sabab bo‘lgan.