Qozog‘istonning QazaqGaz kompaniyasi oktabr oyidan O‘zbekistonga Rossiya gazi tranzitini boshlamoqchi. Bu haqda kompaniya boshqaruvi raisi Sanjar Jarkeshov Atirau viloyatiga tashrifi doirasida ma’lumot berdi, deya xabar bermoqda Kazinform.

“Kompaniya rahbari Markaziy Osiyo magistral gaz quvurining Qozog‘iston qismi — Rossiya gazini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tashish markazi bo‘yicha tayyorgarlik ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi. O‘zbekistonga gaz tranziti 2023-yil oktabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning noyabr oyi oxirida Vladimir Putin Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning “uch tomonlama gaz ittifoqi”ni tuzishni taklif qilgani ma’lum bo‘lgandi.

7-dekabr kuni energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakat qo‘shnilardan gazni “qandaydir alyans yoki ittifoq” orqali emas, balki tijorat shartnomasi doirasida import qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazayotganini qayd etgan. Oradan bir kun o‘tib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin “bu energetik alyans bo‘lishi mumkin”ligini aytgan.

24-yanvar kuni O‘zbekiston va “Gazprom” o‘rtasida gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi. Biroq hujjat tafsilotlari keltirilmadi. Ushbu yangilik tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng Energetika vazirligi “yo‘l xaritasi” bo‘yicha tushuntirish berdi. “Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q”, — deyiladi xabarda.

4-iyun kuni Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev 2024-yilgi kuz-qish mavsumida mamlakat infratuzilmasi Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish uchun tayyor bo‘lishini ma’lum qilgandi. 16-iyun kuni Energetika vazirligi Rossiya gazini O‘zbekistonga Qozog‘iston hududi orqali eksport qilish bo‘yicha Sankt-Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumida shartnoma imzolangani va unga muvofiq gaz yetkazib berish 2023-yilning to‘rtinchi choragidan boshlanishini xabar qildi.

Keyinchalik kelishuv tafsilotlari bo‘yicha ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, hujjat ikki yilga tuzilgan, yetkazib berish hajmi kuniga 9 million kub metrni, yillik hajm deyarli 2,8 milliard kub metrni tashkil etadi. Lekin gaz qanday narxda sotib olinishi haligacha noma’lum. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bu bo‘yicha ma’lumot berolmasligini bildirgan. Narx bo‘yicha berilgan savolga vazir “Kelishuvdagi narxlar milliy manfaatlar, bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib, raqobatbardosh narxlar belgilandi”, deya javob bergan.