O‘zbekistonda 1-oktabrdan eksklyuziv huquqlar berilgan tadbirkorlik subyektlari reyestrini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 6-iyuldagi farmonida nazarda tutilgan.

Bu reyestrni yuritish hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan kamsitmaslik shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat Raqobat qo‘mitasiga yuklatiladi.

Qo‘mita bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga (ustun muzokara kuchiga) ega bo‘lgan subyektlarni aniqlashi va ular tomonidan ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishni taqiqlashi kerak.

Raqobatga qarshi kelishuvni tuzgan yoki o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatni sodir etgan yuridik yoki jismoniy shaxs bu haqda Raqobat qo‘mitasiga birinchi bo‘lib ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, u raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikdan ozod etiladi.

Davlat organlari davlat yordamini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ularning raqobat muhitiga ta’sirini baholashdan o‘tkazish uchun Raqobat qo‘mitasiga majburiy tartibda kiritadi.

Tovar, moliya va raqamli bozorda ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida sotiladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning monopol turlari bo‘yicha namunaviy shartnomalarni (ofertalarni) joylashtiradi. Bunda, Raqobat qo‘mitasi bu shartnomalarni doimiy ravishda raqobatni cheklashga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va manfaatlarini kamsitishga olib keladigan shartlar kiritilganligi holatlari yuzasidan o‘rganib boradi.

Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida Raqobat qo‘mitasining xodimlari davlat xaridlari, shu jumladan xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan, davlat-xususiy sheriklik hamda ishonchli boshqaruvga berish sohalaridagi tanlov (tender) komissiyalari tarkibiga kiritilmaydi.

Raqobatga qarshi harakatlarga chek qo‘yishda iqtisodiy ta’siri past holatlar bo‘yicha birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik subyektlariga javobgarlik choralarini qo‘llamagan holda, profilaktik tushuntirish tadbirlarini amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Biz sizni eshitamiz” loyihasi joriy qilinadi va bu loyiha doirasida har chorakda kamida bitta tarmoqdagi tadbirkorlar va xorijiy investorlar bilan uchrashuv o‘tkazish, raqobatga to‘siq bo‘layotgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida tashabbuslarni rag‘batlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga ko‘maklashish, ularni metodologik qo‘llab-quvvatlash, texnik ko‘mak taqdim etish, xodimlar malakasini hamda huquqiy bilimlarini oshirish orqali jamoatchilik nazoratini qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy qilinadi.

Qo‘mita 1-sentabrga qadar xo‘jalik yurituvchi subyektlar raqobatiga salbiy ta’sirni kamaytirishning samarali mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha hujjat loyihasini kiritishi kerak. Shu bilan birga, qo‘mita eksklyuziv huquqlarga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitmaslik qoidalarini joriy etishi zarur bo‘ladi.

Tashkilotga 20-dekabrgacha amalga oshirilayotgan loyihalarni tahlil qilgan holda tabiiy monopoliyalarning faoliyati mustaqil regulyatorlar orqali tartibga solinishini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, tabiiy monopoliyalarning tariflarini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarini yalpi xatlovdan o‘tkazgan holda maqbullashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini belgilangan tartibda kiritish vazifasi qo‘yilgan.

Bundan tashqari, iste’molchilarga mamlakat iste’mol bozorida muomalada bo‘lgan tovarlar (ishlar va xizmatlar) to‘g‘risida ma’lumotlarni onlayn tarzda olish imkoniyatini beruvchi “Tovar to‘g‘risida ma’lumot” axborot tizimi va mobil ilovasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Raqobatni rivojlantirish jamg‘armasi o‘z mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan budjetdan tashqari jamg‘arma sifatida faoliyat yuritadi.

Avval xabar berganimizdek, endilikda Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi yana prezident va Senat oldida hisobdor bo‘ladi. U o‘z vakolatlarini davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.

Biz shuningdek, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni ham tahlil qilib chiqqandik. Hujjatga iqtisodiy konsentratsiya operatsiyalari mezonlari va hukmron mavqeni aniqlash shartlarini qayta ko‘rib chiquvchi monopoliyaga qarshi komplayens tushunchasi kiritilgan.