O‘zbekistonda 2023-yil 1-iyuldan boshlab 2010−2012-yillarda berilgan haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Shu kundan boshlab eski hujjatlar haqiqiy emas deb topilib, ularni almashtirishga ulgurmagan haydovchilar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasiga muvofiq yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi bo‘yicha javobgarlikka tortilishi kerak (jarima — BHMning 1 baravari yoki 330 ming so‘m).

Belgilangan muddatdan keyin guvohnomani almashtirishga murojaat qilinganda jarima belgilanmaydi, deb xabar qildi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati.

праva, haydovchilik guvohnomasi

Hujjatlarni almashtirish uchun butun mamlakat bo‘ylab YHXB bo‘linmalariga (manzil va telefon raqamlari) va Adliya vazirligining Davlat xizmatlari markazlariga (faqat haydovchilik guvohnomalari uchun) murojaat qilish mumkin. Buning uchun eski haydovchilik guvohnomasi va talon, shuningdek, pasport bo‘lishi kerak.

праva, haydovchilik guvohnomasi

Shuningdek, haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun internet orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga murojaat qilish mumkin. Jarayon avtomatlashtirilgan — tayyor hujjatni tanlangan davlat xizmatlari markazidan yoki pochta orqali ikki ish kuni ichida (qo‘shimcha to‘lov 25 ming so‘m evaziga) olish mumkin. Ko‘rsatma quyida keltirilgan.

Barcha haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarnini almashtirish muddati 2023-yilda tugaydi. Sana hujjatlarning chiqarilgan yiliga bog‘liq:

  • 2010−2012-yillarda berilgan hujjatlar uchun — 30-iyun;
  • 2013−2015-yillarda berilgan hujjatlar uchun — 30-sentabr;
  • 2015-yildan keyin berilgan hujjatlar uchun — 31-dekabr.

O‘zbekistonda 2017-yil oktabridan yangi haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar joriy etilgan. Dastlab, ularni 2020-yil 31-dekabrgacha yangisiga almashtirish rejalashtirilgandi. 2020-yil bahorida muddat bir yilga, so‘ngra 2021-yil noyabr oyida 2022-yilning oxirigacha, 2022-yil aprelda esa yana 2023-yilning oxirigacha uzaytirildi.