“Piyoda — jamoat transporti — velotransport — avtotransport” ustuvorligi asosida xavfsiz harakatlanish — ushbu tamoyil O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligiga oid so‘nggi yillardagi barcha rasmiy hujjatlarda belgilab qo‘yilgan.

Bundan 3 yil avval prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘chalarda piyodalar va velosipedchilar manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yish, keyin jamoat transporti va shundan keyingina shaxsiy avtomashinalarga ustuvorlik berilishini ta’kidlagandi. Shunga qaramay, Toshkentda avtomobilchilar uchun alohida g‘amxo‘rlik bilan qurilish va rekonstruksiya ishlari davom etmoqda. Poytaxt tajribasi esa — xoh yaxshi, xoh yomon bo‘lsin — boshqa shaharlar tomonidan tezda ko‘chiriladi.

Bu yilgi muhim yutuq avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklarning joriy etilishi bo‘ldi. Ular hamma joyda ham to‘g‘ri tashkil etilmagan va tez-tez uzilib qolsa-da, shunday holatda ham jamoat transporti ishini yaxshilash va ilgari taksini tanlagan yo‘lovchilarning ma’lum bir qismini jalb qilish imkonini berdi.

Ammo trotuar va veloyo‘laklarni qurish borasida Toshkent ushbu infratuzilma foydalanuvchilari manfaatlarini e’tiborsiz qoldirib, hatto ularni tinglamay, maqbul yondashuvlarni tatbiq qilmaslikda davom etmoqda. Bu, o‘z navbatida, savollarni tug‘diradi va avtomobillar shahar uchun hali ham ustuvor bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.

“Gazeta.uz” trotuar va veloyo‘laklarni qanday qurmaslik kerakligi, hokimiyat ularni birlashtirib, piyodalar va velosiped yo‘llaridan foydalanuvchilar o‘rtasidagi ziddiyatga sharoit yaratib bergani va shu kabi holatlarga bag‘ishlangan turkum maqolalarni e’lon qilgan. Mutasaddilar esa buni inobatga olib, kamchiliklarni tuzatishga va’da bergandi. Ammo hokimliklar ekspertlar tavsiyalari va shahar aholisining murojaatlarini e’tiborsiz qoldirishda davom etmoqda.

Muxbirimiz Parkent va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalarining hozirda yo‘laklar ta’mirlanayotgan qismlari bo‘ylab yurib, quruvchilar 2020-yilda yangi piyodalar yo‘laklari qurilishi boshlanishidan avval ham aytilgan xatolarni takrorlayotganiga guvoh bo‘ldi (qisqa izoh: “Gazeta.uz”dan loyiha tugaguniga qadar tanqid qilmaslik so‘ralgan).

Poytaxtdagi ko‘plab ko‘chalarda bo‘lgani kabi ushbu ko‘chalar chorrahasida ham yo‘l qatnovi bir yo‘nalishda yetti-sakkiz (!) yo‘lakka yetadi. Ammo mutasaddilar ortiqcha maydonni toraytirish, veloyo‘lak ajratish, piyodalar yo‘lagini kengaytirish, katta daraxtlarni ekish va boshqa zamonaviy ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish kabilarni qila olmaydi. Ehtimol, shaharliklar ko‘p narsa so‘rab yuborayotgandir.

Foto

veloyo‘lak, тошкент, trotuar

Avtomobillar uchun yettita yo‘lak (shundan ikkitasi hozirda avtobuslarga ajratilgan alohida yo‘lak) va tor trotuar.

veloyo‘lak, тошкент, trotuar

veloyo‘lak, тошкент, trotuar

Maktab oldidagi veloyo‘lakni panjara bo‘ylab joylashtirishga qaror qilishgan.

veloyo‘lak, тошкент, trotuar

veloyo‘lak, тошкент, trotuar

Qurilish vaqtida piyodalarning xavfsiz harakatlanishi uchun sharoit yaratilmagan.

veloyo‘lak, тошкент, trotuar

Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasida ayrim joylarda piyodalar yo‘lagi yo‘q. Muqimiy ko‘chasida ham xuddi shunday muammo borligi haqida xabar bergandik.

veloyo‘lak, тошкент, trotuar

veloyo‘lak, тошкент, trotuar

Parkent ko‘chasi bo‘ylab Parkent bozori joylashgan tomondan yursangiz, deyarli bitta ham daraxt yo‘q.

veloyo‘lak, тошкент, trotuar

Bir paytlar tramvay liniyasi o‘tgan ko‘chadan piyodalar yurib emas, balki yugurib o‘tishga majbur.