O‘zbekistonda 2022-yil yakuniga ko‘ra tadbirkorlik faoliyatini tekshirishlar soni qariyb ikki baravarga ko‘paydi.

tadbirkorlik faoliyatini tekshirish, biznes, biznes ombudsman

Yil davomida 32 ta nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlar faoliyatida jami 167 mingdan ortiq tekshiruv o‘tkazilgan. 2021-yilda esa bu raqam 86,5 mingni tashkil qilgan.

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p tekshiruvlar Toshkent shahrida — qariyb 35 mingta, shuningdek, Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida qayd etilgan.

Tekshiruvchi organlar orasida soliq organlari eng faol bo‘ldi — 71,3 foiz tekshiruvlar.

Biznes-ombudsman moliyachi Otabek Bakirovning tekshirishlar ko‘paygani va asossiz tekshirishlar bo‘yicha harakatsizlik haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali amalga oshirilgan.

Tekshiruvlardan 164 965 tasi xabardor etish tartibida, 2072 tasi biznes-ombudsman bilan kelishilgan holda o‘tkazilgan. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarida tekshiruv o‘tkazishni kelishish uchun kiritilgan buyurtmalarning 53,3 foizi rad etilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlar faoliyatida o‘tkazilgan noqonuniy tekshirish va tekshirish tartibi buzilgan holatlari bo‘yicha biznes-ombudsman tomonidan jami 686 ta ta’sir choralari qo‘llangan. Jumladan, 666 ta ma’muriy bayonnoma, 19 ta bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma, 30 ta intizomiy jazo, shuningdek, mansabdor shaxslar lavozimidan ozod qilingan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning sentabr oyida Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlagandi. Buning natijasida tadbirkorlik faoliyatini tekshirishni tartibga solish va asossiz aralashuvlarning ma’lum darajada oldini olish mumkin bo‘ladi, deyilgan xabarda.

2023-yilning yanvar-aprel oylarida 27 ta nazorat organi tomonidan tadbirkorlik subyektlarida 31 112 ta tekshirish o‘tkazilib, 2022-yilning shu davriga nisbatan tekshirishlar soni 30 873 taga (61 985 ta bo‘lgan) kamaydi.
2017-yilda tadbirkorlik subyektlari soni 283 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni qariyb 1 millionga yetdi, deya ta’kidladi biznes-ombudsman idorasi ham.

“2023-yilning yanvar-aprel oylarida o‘tkazilgan tekshiruvlarni tadbirkorlar soniga bo‘ladigan bo‘lsak, tekshiruvlar tadbirkorlar soniga nisbatan 3% ni ham tashkil qilmaydi”, — deyiladi biznes ombudsman xabarida.

Prezident maslahatchisi, sobiq adliya vaziri Ruslanbek Davletov 2022-yilning fevral oyida 2020-yilning birinchi yarmi va 2021-yil uchun Business Indicator reytingini solishtirar ekan, har 1000 nafar tadbirkorga to‘g‘ri keladigan tekshirish va auditlar soni 2,5 barobarga oshganini ta’kidlagan.

“Tekshirishlar eski tizim sanaladi. Biz audit tizimiga, kameral tekshiruv tizimiga o‘tmoqdamiz, lekin baribir, reviziyalar bor — ular bizning avtomatlashtirilgan tizimimizda aks ettiriladi”, — degan Adliya vazirligining sobiq rahbari.