O‘zbekiston Markaziy banki 1-apreldan boshlab ustav kapitalini minimal miqdor darajasiga yetkazmagan 4 ta bankning avtiv va passiv (kredit) operatsiyalarini chekladi, deya xabar bermoqda Spot regulyator matbuot xizmatiga tayanib.

1-apreldan banklarga ustav kapitali bo‘yicha qo‘yilgan minimal talab 350 mlrd so‘mgacha oshgan va bu 4 ta bankning ustav kapitali miqdori mazkur ko‘rsatkichdan past hisoblanadi. Regulyator banklar nomini ularning “reputatsiyasi bilan bog‘liq risklar” tufayli ochiqlamagan.

Markaziy bankning Bank nazorat qo‘mitasi qoidalarga amal qilmagan banklarga apreldan boshlab kreditlar berish va depozitlar qabul qilishni taqiqlovchi buyruq chiqargan.

2023-yilning aprel oyida Shavkat Mirziyoyev banklar ustav kapitalining minimal miqdorini oshirish bo‘yicha qonunni imzolagandi.

Unga ko‘ra, bank ustav kapitalining eng kam miqdori:

  • 2023-yil 1-sentabrgacha 100 mlrd so‘mni;
  • 2023-yil 1-sentabrdan 200 mlrd so‘mni;
  • 2024-yil 1-apreldan 350 mlrd so‘mni;
  • 2025-yil 1-yanvardan 500 mlrd so‘mni tashkil etadi.

1-aprel holatiga ko‘ra, ustav kapitali 350 mlrd so‘mdan kamroqni tashkil etuvchi banklar 6 ta bo‘lib, ular “Poytaxt bank” (164 mlrd so‘m), “Garant bank” (286 mlrd so‘m), Apex Bank (329 mlrd so‘m), Hayot Bank (171 mlrd so‘m), Madad Invest Bank (243 mlrd so‘m) va “Yangi bank” (195 mlrd so‘m) hisoblanadi. 2023-yil oktabr oyida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ustav kapitali minimal talabga javob bermaydigan “Poytaxt bank” sotuvga qo‘yilgani uchun unga nisbatan sanksiyalar qo‘llanmayotganini aytgandi.