TikTok`da O‘zbekiston harbiy xizmatchilari harbiy texnikalarda Rossiyaga yordam berish uchun poligon hududida shay bo‘lib turgani, ammo vaziyat o‘zgargani uchun borishdan qoldirilgani aks etgan video tarqaldi. Mudofaa vazirligi video bo‘yicha izoh berdi.

Vazirlikning qayd etishicha, mazkur xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Tasvirlangan videoda shu yilning mart oyida Chirchiq shahrida bo‘lib o‘tgan Vatanparvarlik festivaliga jalb etilgan texnikalar aks etgan.

Mudofaa doktrinasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi siyosati boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ehtimol tutilgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillariga asoslanadi.

“Respublikamizdagi barcha elektron nashrlar va blogerlardan ma’lumotlarni noto‘g‘ri talqin qilmasliklarini so‘raymiz. Eslatib o‘tamiz, asoslanmagan yolg‘on xabar tarqatganlik uchun javobgarlik mavjud”, — deya eslatgan vazirlik.

Eslatib o‘tamiz, 23-iyun kuni Vagner XHK rahbari Yevgeniy Prigojin RF Mudofaa vazirligini XHK lageriga raketa hujumida ayblab, Mudofaa vazirligi rahbariyatiga qarshi isyon va Moskvaga yurishni e’lon qildi. XHK jangchilari Rostov-Donga kirib, harbiy va ma’muriy obyektlarni egallab olishdi, shundan so‘ng Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, 25 ming kishidan iborat bo‘lgan guruhning alohida qismlari Moskva tomon harakatlanishdi. Ular Voronejdan o‘tib ketishga muvaffaq bo‘lishgani xabar qilingandi.

Vladimir Putin televideniye orqali ruslarga murojaat qilib, “orqadan pichoq urish” va “xiyonat” haqida gapirib, isyon tashkilotchilari “muqarrar jazoga tortilishini” bildirdi. Moskva, Moskva viloyati va boshqa viloyatlarda aksilterror choralari ko‘rildi.

24-iyunga o‘tar kechasi Moskvaga qarshi “adolat marshini” boshlagan Vagner XHK rahbari Yevgeniy Prigojin o‘z kolonnalarini ortga — dala lagerlariga qaytarishga qaror qildi.