Yanvar oyi keng va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan esda qolarli voqealarga boy bo‘ldi. Xususan, anomal sovuq natijasida aholi, ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlarning elektr hamda gaz ta’minoti, o‘z navbatida, isitish tizimi bilan bog‘liq jiddiy muammolar kuzatildi.

Anomal sovuq ortidan yuzaga kelgan bu kabi infrastruktura muammolarining salbiy oqibati o‘laroq, mazkur oyda mamlakatda sanoat ishlab chiqarish 2022-yilning yanvar oyiga nisbatan 10 foizga qisqardi. Ayni paytda, iqtisodiy faollik pasaydi. Ayrim turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxi keskin oshdi (piyoz narxi qanday ko‘tarilganini o‘quvchilar yaxshi eslashadi, nazarimda). Aksariyat aholi qatlamlari yanvar oyida yuqori narx o‘sishidan aziyat chekdi.

E’tiborli jihati shundaki, aholi o‘z tanasida his etgan sezilarli inflyatsiya negadir Davlat statistika agentligi tomonidan yanvar oyi uchun e’lon qilingan inflyatsiya ko‘rsatkichida aks etmadi. Qolaversa, anomal yanvarda oylik inflyatsiya ko‘rsatkichi o‘zining so‘nggi uch yildagi eng past darajasini qayd etganligi qanchalik haqiqatga yaqin (yoki uzoq) ekanligi ko‘pchiligimizga qiziq, shunday emasmi?! Bugungi maqolamizda aynan shu o‘rinli savollarga javob izlab, real voqelikda inflyatsiya darajasi rasmiy inflyatsiya ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lganiga ishora qiluvchi bir qator statistik raqamlarni tahlil qilishni lozim topdik.

Shunday qilib, Davlat statistika agentligi taqdim etgan rasmiy statistikaga ko‘ra, joriy yilning dastlabki oyida yillik inflyatsiya ko‘rsatkichi 2022-yilning dekabr oyida kuzatilgan 12,3 foizlik darajada saqlanib qoldi, oylik inflyatsiya ko‘rsatkichi esa 2022-yilning yanvar oyiga nisbatan biroz sekinlashib, o‘zining so‘nggi uch yildagi eng past darajasini qayd etdi. Xususan, 2022-yilning yanvarida oylik inflyatsiya 0,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar oyida bu ko‘rsatkich 0,8 foizni tashkil etdi. Oylik inflyatsiyaning sekinlashishi asosan oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘sish sur’atining sekinlashganligi bilan izohlanadi. Xususan, 2022-yil yanvar oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxi oylik o‘sishi 1,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda mazkur ko‘rsatkich 1,0 foizni tashkil etgan. Nooziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi biroz tezlashgan, xizmatlar inflyatsiyasi esa o‘tgan yilning mos davri bilan bir xil darajani qayd etgan.

anomal sovuq, inflyatsiya, statistika agentligi, statistika

Grafik Davlat statistika agentligi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Biroq, yuqorida ta’kidlanganidek, yanvar oyida aholi o‘z tanasida his qilgan inflyatsiya darajasi rasmiy inflyatsiya ko‘rsatkichidan sezilarli yuqori bo‘ldi. Ya’ni, anomal sovuq davrida aholi o‘z iste’mol savatidagi ko‘plab mahsulotlar, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlarining narxi keskin o‘sganligini his qildi. Biroq, rasmiy statistikaga ishonilsa, aynan oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada sekinlashgan, qolaversa, inflyatsiyaning aynan shu tarkibiy qismi rasmiy statistikada inflyatsiya ko‘rsatkichining nisbatan past qayd etilishida asosiy omil bo‘lib xizmat qilgan.

Ma’lumot uchun, Statistika agentligi rasmiy statistikani hududlardagi dehqon bozorlari hamda do‘konlardagi narxlar o‘rtacha darajasini o‘rganish orqali aniqlaydi. Shundan so‘ng tovarlarning iste’mol savatidagi vazniga ko‘ra oylik inflyatsiya ko‘rsatkichi hisoblab chiqiladi. Statistika agentligi har oy ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rtacha narxlarini taqdim qiladi. Hozirgi kunda jami 41 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining dehqon bozorlari hamda do‘konlardagi o‘rtacha narxlari e’lon qilib boriladi.

Mazkur ro‘yxatdagi mahsulot turlari bo‘yicha yanvar oyidagi narx o‘sishiga e’tibor qaratilsa, guvohi bo‘lish mumkinki, ro‘yxatdagi 41 turdagi oziq-ovqat tovarlaridan faqatgina 13 tasida narx o‘sishi 2022-yilning yanvar oyiga nisbatan pastroq bo‘lgan, qolgan tovarlar narxlari esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan tezroq o‘sgan. Joriy yilning yanvarida narxi o‘tgan yilning yanvaridagiga qaraganda arzonroq bo‘lgan tovarlar orasida iste’mol savatida nisbatan yuqori vaznga ega bo‘lgan tovarlar — shakar, bug‘doy, paxta yog‘i kabi tovarlar bor.

Biroq, shunisi e’tiborliki, 2023-yil yanvar oyida narx o‘sishi tezlashgan tovarlar qatorida bug‘doy uni (oliy hamda birinchi nav), non, tuxum, mol go‘shti, kungaboqar yog‘i, piyoz, kartoshka, guruch kabi asosiy iste’mol savati hamda o‘rtacha o‘zbekistonlikning kunlik iste’molida yuqori ulushga ega bo‘lgan tovarlar ham bor. Boshqacha aytganda, joriy yilning yanvarida inflyatsiyaning asosiy tarkibiy qismi hisoblangan oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasiga asos qilib olinuvchi oziq-ovqat mahsulotlarining aksariyatida amalda yuqori narx o‘sishi kuzatilgan (ba’zi tovarlar narxi hatto “anomal” darajada ko‘tarilgan).

O‘rinli savol tug‘iladi: yig‘ma indeks — umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichidagi vazni yanvar oyida qariyb 54 foizni tashkil etgan oziq-ovqat mahsulotlarining aksariyatida yuqori narx o‘sishi kuzatilganligiga qaramay, rasmiy inflyatsiya qanday asosga ko‘ra so‘nggi uch yildagi eng past darajani qayd etgan bo‘lishi mumkin?

Quyidagi grafikda, Statistika agentligining rasmiy ma’lumotlariga asoslangan holda, ayrim turdagi tovarlarning 2022-yil va 2023-yilning yanvar oylaridagi narx o‘sishi tasvirlangan. Grafikda nomi keltirilgan 14 ta turdagi tovarlarning hech birida 2022-yilgi narx o‘sishi yuqori bo‘lmagan. Xususan, piyoz narxining 2022-yil yanvar oyidagi o‘sishi 1,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilning yanvar oyida bu ko‘rsatkich 35,1 foizni tashkil etgan. Yoki kartoshka narxi 2022 va 2023-yilning ilk oylarida mos ravishda 0,7 foiz va 11,5 foizga o‘sgan.

anomal sovuq, inflyatsiya, statistika agentligi, statistika

Grafik Davlat Statistika agentligi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Yanvarda amaldagi oylik inflyatsiya darajasi rasmiy raqamlardan yuqoriroq bo‘lganligiga ishora qiluvchi boshqa omillarni ham keltirish mumkin. Xususan, yilning dastlabki oyida import tovarlarining narx indeksi 1,6 foizni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 2022-yilning yanvar oyida import tovarlari inflyatsiyasi 1,0 foizni tashkil etgan edi. Ya’ni, oylik import inflyatsiyasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori shakllanganiga qaramay, joriy yilning yanvarida umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichi so‘ngi uch yildagi eng past (sekin) ko‘rsatkichni namoyon qilganligi, yumshoqroq aytganda, ajablanarli.

Ma’lumot uchun, import tovarlari 2022-yilda YAIMning 38 foizini tashkil etgan. Bu esa import tovarlari narxining yuqori shakllanishi amalda ichki bozorda narxlarning o‘sishiga ta’sir o‘tkazishini anglatadi. Masalan, 2022-yil mart oyida inflyatsiyani tezlashtirgan asosiy omil import inflyatsiyasi bo‘lgan edi. Xususan, 2021-yilda yillik inflyatsiya 10 foizgacha sekinlashgan bo‘lsa, 2022-yilda nisbatan yuqori import inflyatsiyasi hisobiga yillik inflyatsiya 12,3 foizgacha tezlashganiga guvoh bo‘lgan edik.

anomal sovuq, inflyatsiya, statistika agentligi, statistika

Grafik Davlat Statistika agentligi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Bunda tashqari, yanvar oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya ham keskin tezlashganiga guvoh bo‘lish mumkin. Xususan, aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya dekabr oyidagi 15,6 foizdan yanvar oyida 19,5 foizgacha yetgan edi. Inflyatsion kutilmalar esa dekabr oyida 15,5 foizni tashkil etgani holda, yanvar oyiga kelib 18,9 foizgacha oshgan edi. Albatta, sezilgan inflyatsiya hamda inflyatsion kutilmalar haqiqiy inflyatsiya ko‘rsatkichidan doimo yuqori shakllanib kelgan. Biroq, sezilgan inflyatsiya hamda inflyatsion kutilmalarning keskin tezlashganligi aholi yanvar oyida nisbatan yuqori narx o‘sishini his qilganligidan dalolat beradi.

Yuqoridagi, bevosita Statistika agentligi ma’lumotlariga asoslangan tahlillar yanvar oyida narxlar o‘sishi darajasi sezilarli tezlashganligiga ishora qiladi. Shunga qaramay, rasmiy statistika negadir bu davrda inflyatsiyaning sekinlashganini ko‘rsatmoqda.

Qayd etish joizki, hozirgi kunda Markaziy bank o‘rta muddatli target ko‘rsatkich sifatida 5 foizlik inflyatsiyaga erishishni maqsad qilgan hamda shu maqsadda asosiy foiz stavkasini inflyatsiyaning trendidan kelib chiqqan holda doimiy ravishda o‘zgartirib bormoqda. Xususan, 2022-yil mart oyida inflyatsion xatarlarning kuchayishi fonida regulyator asosiy stavkani 14 foizdan 17 foizgacha oshirdi.

Boshqacha aytganda, inflyatsiya darajasi endilikda Markaziy bank monetar siyosati asosiy yo‘nalishini belgilashda asosiy vosita hisoblanadi. Agar mazkur ko‘rsatkich mamlakatdagi “haroratni” — haqiqiy inflyatsiya darajasini to‘g‘ri ko‘rsatmasa, bu mamlakatda makroiqtisodiy siyosat mutlaqo noto‘g‘ri yo‘nalishdan ketishiga olib kelishi mumkin.

Shu o‘rinda, ta’kidlash joizki, biz eski deb atay boshlagan davrda rasmiy inflyatsiya hech narsani ifodalamaydigan yasama, buzuq ko‘rsatkichga aylanib bo‘lgan edi. Mamlakatda hech kim inflyatsiya ko‘rsatkichini kuzatmas, e’tibor ham bermasdi. Yangi davrda esa inflyatsiya, yuqorida qayd etib o‘tilganidek, makroiqtisodiy siyosatni belgilashda muhim ko‘rsatkichlardan biriga aylandi. Biroq, negadir joriy yildan boshlab bu ko‘rsatkich o‘z ahamiyatini yana yo‘qota boshlagandek tuyulmoqda. Ya’ni hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan pallada rasmiy statistika bilan real hayot o‘rtasidagi korrelyatsiya yo‘qolib qolgandek. Shuni unutmasligimiz kerakki, hozirgi muhim va murakkab islohotlar davrida inflyatsiya real hayot bilan bog‘liqligini yo‘qotsa, buning badali juda qimmatga tushadi.