Toshkentdagi Milliy (“Bunyodkor”) stadionda 20-iyun kuni Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (MOFA, inglizchasiga CAFA) Millatlari kubogi (CAFA Nations Cup)ning final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi — tarixda ilk bor o‘tkazilgan musobaqa g‘olibiga aylangan Eron terma jamoasiga oltin medallarni DXX raisi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov va MOFA rahbari Rustam Emomali topshirdi.

Musobaqa finalidagi mag‘lubiyat milliy terma jamoa muxlislari xafsalasini pir qilgan bo‘lsa, musobaqa boshlanganidan beri unga bog‘liq boshqa bir mavzu — o‘yinlar vaqtidagi bukmekerlik kontorasi reklamasi muhokamalarga sabab bo‘layotgandi.

CAFA nima, CAFA Nations Cup qanday musobaqa?

Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi 2015-yili tashkil etilgan bo‘lib, u mintaqaning Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK)ga a’zo olti mamlakati — Afg‘oniston, Eron, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni birlashtiradi. Tashkilotga boshida O‘zbekiston futbol federatsiyasining marhum prezidenti Mirabror Usmonov, undan so‘ng O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov rahbarlik qilgan. Hozirda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning o‘g‘li, Tojikiston Senati raisi, Dushanbe hokimi, Tojikiston futbol federatsiyasi prezidenti hisoblangan Rustam Imomali CAFA’ni boshqarmoqda.

Otabek Umarov (chapda), Rustam Imomali (markazda) va Abdusalom Azizov (o‘ngda). Foto: O‘FAOtabek Umarov (chapda), Rustam Imomali (markazda) va Abdusalom Azizov (o‘ngda). Foto: O‘FA

Tashkilot unga a’zo mamlakatlarning turli yosh toifalaridagi terma jamoalari o‘rtasida muntazam musobaqalar o‘tkazib keladi. Ammo shu vaqtgacha milliy (kattalar) terma jamoalar darajasida mintaqaviy turnir o‘tkazilmagan edi (2018-yilgi dastlabki urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangan). 2023-yil martida musobaqa Toshkent va Bishkek mezbonligida o‘tkazilishi, unda tashkilotga a’zo olti mamlakatdan tashqari yana ikki mehmon jamoa ham qatnashishi aytildi. Ma’lum vaqtgacha ushbu mehmonlar Rossiya (musobaqada Rossiya termasining qatnashishi mumkinligi bir qator faollarning noroziligiga sabab bo‘lgandi), Qozog‘iston, Tailand bo‘lishi mumkinligi aytildi, ammo yakunda faqat O‘mon qatnashdi.

10−20-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan musobaqa davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi dastlab “A” guruhida Ummon (3:0), Turkmaniston (2:0) va Tojikiston (5:1) terma jamoalarini mag‘lub etdi. Eronga qarshi finalda (eronliklar Qirg‘iziston va Afg‘oniston bilan birga “B” guruhidan joy olib, Bishkekda o‘tgan barcha uchrashuvlarda yirik hisobda g‘alaba qozondi) o‘zbekistonliklar 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Shu tariqa milliy terma jamoalar darajasida o‘tkazilgan CAFA Nations Cup’ning ilk g‘olibi Eron bo‘ldi. Musobaqa kelgusi yillarda ham o‘tkaziladimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum.

Taqiqlangan, lekin to‘xtatilmagan reklama

“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 46-moddasiga muvofiq, O‘zbekistonda qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, shu jumladan telekommunikasiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasi taqiqlangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 16-avgustdagi 176-sonli “Qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, O‘zbekistonda qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni (shu jumladan bukmekerlik va totalizatorlar) tashkil etish va o‘tkazish taqiqlangan.

Jinoyat kodeksining 278-moddasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatganlik, dasturiy ta’minotni nashr qilganlik, ko‘paytirganlik, tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan.

CAFA Nations Cup’dagi O‘zbekiston — Tojikiston (5:1) uchrashuvidan lavha. Foto: O‘FACAFA Nations Cup’dagi O‘zbekiston — Tojikiston (5:1) uchrashuvidan lavha. Foto: O‘FA

Shunga qaramay, CAFA Nations Cup musobaqasining Toshkentdagi uchrashuvlarida Milliy stadiondagi reklama ekranlarida, tashviqot materiallarida, chiptalarda 1XBET bukmekerlik kompaniyasining logotipi muntazam namoyish etildi. O‘yinlar jonli efirda namoyishda etilgani uchun bukmekerlik kompaniyasi reklamasi faqat stadionning o‘zi bilan cheklanib qolgani yo‘q.

Musobaqada bukmekerlik kompaniyasi logotipi CAFA va kompaniya o‘rtasida imzolangan homiylik shartnomasi doirasida namoyish etildi. Iyun oyida boshida CAFA kompaniya bilan kelishuvga erishilganini ma’lum qilarkan, tashkilot bosh kotibi tojikistonlik Ulug‘bek Karimov “ushbu hamkorlikni qadrlashi va u samarali bo‘lishiga ishonchi komil”ligini ta’kidlagandi.

Qayd etish joiz, Tojikiston va Qirg‘izistonda bukmekerlik tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berilgan. Shu bois, CAFA Nations Cup’ning Bishkekdagi o‘yinlari translyatsiyasi vaqtida qirg‘izistonlik sharhlovchilar musobaqa homiysini bir necha bor alohida tilga olib, targ‘ib ham qildi. Ammo O‘zbekistonda bukmekerlik tashkilotlari va totalizatorlar taqiqlangani bois Toshkentdagi o‘yinlar vaqtida namoyish etilgan bunday reklama o‘zbek jamoatchiligining e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Rasmiylar jim

O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarda bukmekerlik kontorasining reklamasi namoyish etilgach, ushbu holatdan norozi bo‘lganlar dastlab O‘FAni vaziyat yuzasidan izoh berishni talab qildi. Tashkilot esa bu reklamaga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.

“Bu xalqaro musobaqa, O‘zbekiston esa uning ishtirokchisi. Reklama beruvchilar turnir tashkilotchilari bilan kelishuv imzolaydi. Media va marketingga oid barcha huquqlar CAFA’ga tegishli. Shu bois savollar CAFA’ga qaratilishi lozim”, — deya ma’lum qildi O‘FA “Daryo”ning so‘roviga javoban. O‘zbekistonliklarning e’tiroziga javoban CAFA alohida munosabat yo izoh bermadi.

“Gazeta.uz” holat yuzasidan Bosh prokuratura, Adliya vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga murojaat qildi. Bosh prokuratura va Adliya vaziriligi bu masalada vakolatli organ Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ekanini va ular munosabat bildirishi kerakligini qayd etdi. Qo‘mita 16-iyundayoq voqea yuzasidan alohida munosabat berilishini bildirdi, ammo shu kungacha hech qanday izoh berilmadi.

Savol ochiq qolayotgani, vakolatli organlar munosabat bildirmayotgani sabab, foydalanuvchilar ijtiomiy tarmoqlarda faol bo‘lgan siyosiy arboblar, amaldorlarga murojaat qila boshladi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov bu holat bo‘yicha o‘z fikrini bildirarkan, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 46-moddasi totalizatorlarni taqiqlagani bilan, qonunning 3-moddasida “xalqaro shartnomalarda qonunda nazarda tutilganidan boshqa qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro qoidalar qo‘llanilishi” ko‘rsatilganiga e’tiborni qaratdi.

E’tiborga molik tomoni, o‘zbekistonlik sportchilar ishtirokidagi tadbirlarda bukmekerlik kompaniyalarining reklamasi birinchi marta namoyish etilayotgani yo‘q va avvalgi bir necha holatlar bo‘yicha Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi rasmiy munosabat bildirgan edi. Xususan, 2022-yil iyunida “Zo‘r-TV” telekanalida MMA bo‘yicha musobaqadan tashkil etilgan jonli efir vaqtida bukmekerlik kontorasining reklamasi ko‘ringanida qonunbuzilishi holatini bartaraf etish to‘g‘risida telekanalga, 2023-yil martida aralash jang san’ati ustasi Mahmud Murodov ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida bukmekerlik tashkilotini reklama qilganida sportchiga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab O‘zbekiston aralash jang san’ati federatsiyasiga murojaat qilingani ma’lum qilingan edi.

Shuningdek, 2022-yil noyabrida Toshkentda futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda bukmekerlik kompaniyasi reklamasi qilinganida qo‘mita “holat o‘rnatilgan tartibda o‘rganilayotgani va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilayotgani”ni bildirgan, ammo keyinchalik bu o‘rganish va harakatlar natijasi ma’lum qilinmagan edi.

Qayd etish joiz, xorijiy musobaqalar vaqtida ham yo musobaqa atrofidagi reklama ma’lumotlarida, yo sportchilarning liboslarida, yo musobaqa ramzlarida bukmekerlik kontoralarining logotiplarini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston va bukmekerlik

2007-yilning avgustida O‘zbekistonda bukmekerlik tashkilotlari va totalizatorlar faoliyati rasman taqiqlangan (ayrim kuzatuvchilar bunga o‘sha yili Toshkent shahrining Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilinishi sabab bo‘lgan, deb hisoblaydi — bungacha O‘zbekistonda bukmekerlik kontoralari erkin faoliyati yuritgan). 2016-yildan keyingi davrda bukmekerlik O‘zbekistonda qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonuniylashtirish masalasi bir necha bor ko‘tarildi.

Jumladan, 2019-yil dekabrida prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yildan O‘zbekistonda “sportni, ayniqsa, futbolni rivojlantirish, shuningdek, uning sarmoyaviy jozibadorligini oshirish” maqsadida bukmekerlik shoxobchalarini ochishga ruxsat beruvchi farmonni imzolagan edi. Masala 2021-yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraksiyalarida ham muhokama qilingan edi. Biroq 2022-yil aprelida davlat rahbari bukmekerlik kontoralari faoliyatini qonuniylashtirishga doir 2019-yilgi farmon talablarini bekor qilish to‘g‘risidagi yangi hujjatga imzo chekdi.

Ammo oradan bir yil o‘tib, 2023-yil aprelida prezident Shavkat Mirziyoyev futbolni rivojlantirishga doir yangi qarori bilan “2023-yil yakuniga qadar ilg‘or xorij tajribasi asosida futbolni moliyalashtirish tizimini kengaytirishda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish” bo‘yicha topshiriq berdi, shu bilan bukmekerlik tashkilotlari faoliyati qonuniylashtirilishi masalasi yana kun tartibiga qaytdi.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, onlayn lotereyalar va bukmekerlik kontoralarining “qora bozori” orqali har yili 50 mln dollarga yaqin mablag‘ O‘zbekistondan chetga chiqib ketadi. Bosh vazirning sobiq o‘rinbosari Aziz Abduhakimov “bukmekerlik kontoralarini qonuniylashtirib, bundan tushgan foydaning ma’lum foizini mahalliy sportni rivojlantirish uchun sarflash lozim”ligini ta’kidlagandi. 2019-yili ushbu g‘oyani prezidentning o‘sha vaqtdagi maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov ham qo‘llab-quvvatlagandi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanidagi bozordagi bukmekerlik kompaniyasi reklamasi olib tashlangani haqidagi axborotidanRaqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanidagi bozordagi bukmekerlik kompaniyasi reklamasi olib tashlangani haqidagi axborotidan

Ayni vaqtda, bukmekerlik va totalizatorlarning qonuniylashtirilishi, bunday faoliyatga ruxsat berilishining salbiy oqibatlaridan ogohlantirayotganlar ham yetarlicha ko‘p. Ko‘p miqdordagi pulini onlayn qimor va totalizatorlarga tikib yutqazgan va oqibatda og‘ir ahvolga tushib qolgan, hatto o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetib borgan kishilar haqida xabarlar bor. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bukmekerlik va totalizatorlar faoliyatini targ‘ib qilish holatlariga qarshi olib borilayotgan kurash, shunday faoliyatni yurituvchi saytlarga kirishni cheklash ishlari haqida muntazam axborot berib keladi.