16-iyun kuni Oliy Majlis Senatida Xorazm viloyatidan bo‘shab qolgan o‘rin uchun saylov bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi xabar qildi.

Urganch shahridagi viloyat musiqali drama teatri binosida xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev ishtirok etdi.

Saylov yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshirildi. Natijalarga ko‘ra, viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov Senat a’zoligiga saylandi.

Ma’lumot uchun, prezident farmoni bilan Jo‘rabek Rahimov 2022-yil dekabr oyida Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. Mart oyi oxirida esa viloyat hokimi etib tasdiqlangan. Bunga qadar 2019-yil 11-fevraldan buyon Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani hokimi lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va Sirdaryo viloyati hokimi Akmal Mahmudaliyev ham senator bo‘lgandi.