O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron prezidenti Ibrohim Raisiyning taklifiga binoan 18-iyun kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga boradi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Tehronda Ibrohim Raisiy va mamlakat oliy diniy rahbari Oyatulloh Sayyid Ali Xomanaiy bilan uchrashadi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Eron munosabatlarini turli yo‘nalishlarda rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashiladi.

O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.