Markaziy bank muomaladan chiqarilgan bir qator banknotlarni bir xil qiymatdagi yangi namunalariga almashtirishni qayta tikladi. Tegishli qaror 3-iyun kuni regulyator tomonidan qabul qilindi, deb xabar qildi MB matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, bir qator hududlardagi fuqarolardan to‘lov qobiliyatini yo‘qotgan, nominal qiymati 50, 100, 200 va 500 so‘m bo‘lgan banknotalar hamda 50 va 100 so‘mlik tangalarni almashtirish bo‘yicha murojaatlar kelib tushmoqda.

Ayirboshlash avvalgidek Markaziy bankning hisob-kitob kassa markazlarida amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, eski banknotlarni muomaladan chiqarish tartibi va shartlari ilk bor 2019-yilda tasdiqlangan:

  • 2019-yil 1-iyulgacha — 2001−2002-yillar namunalaridagi 50 so‘mlik, 2004 va 2009-yil namunalaridagi 100 so‘mlik tangalar hamda 1994-yil namunasidagi 50 va 100 so‘mlik banknotlar;
  • 2020-yil 1-iyulgacha — 1997-yil namunasidagi 200 so‘mlik, 1999-yil namunasidagi 500 so‘mlik banknotlar.

Avvalroq ayirboshlash muddati 2023-yil 1-yanvargacha uzaytirilgandi.