Samarqandda to‘rt nafar yigit ko‘p qavatli uyning derazasidan tushib ketgan qizchaning hayotini saqlab qoldi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

1-iyun kuni Samarqand shahridagi maktablardan birining 11-sinfini bitirayotgan Sh.Boborahimov, M.Saidalimov, O.O‘tkirov va J.Eshnazarov sayr qilib yurishganda ko‘p qavatli uyning 4-qavatida boshi panjara orasiga tiqilib, tanasi havoda osilib turgan kichik yoshdagi qizni ko‘rib qolgan.

O‘quvchilardan biri qizaloqning ota-onasiga xabar berish uchun kvartiraga chiqqan, qolganlari u osilib qolgan balkon ostida qo‘llarini cho‘zib, tirik qutqaruv panjarasini hosil qilgan. Shu paytda qizaloq pastga qulab tushganda yigitlar uni tutib olgan.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Aniqlanishicha, qizning onasi uy ishlari bilan ovora bo‘lgan paytda u balkonga chiqib qolgan. Qiz peshonasidan yengil jarohat olgan va kasalxonaga yotqizilgan. Hozirda u o‘zini yaxshi his qilmoqda, deyiladi Ogoh.uz xabarida.