5-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda MSK a’zolari, siyosiy partiyalar vakillari, O‘zbekiston prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining a’zolari ishtirok etdi.

Majlisda Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Ilyosovich Inoyatovni, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Anvarovna Maxmudovani hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Xudoyqulovich Xamzayevni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotni o‘tkazish masalalari muhokama etildi va tegishli qaror qabul qilindi.

Qaror bilan prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 2023-yil 7-iyundan boshlanishi qayd etilib, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining respublika va hududiy teleradiokanallarida bepul ajratiladigan efir hajmi va vaqti, “Yangi O‘zbekiston”, “Pravda Vostoka”, “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” kabi Respublika gazetalarida hamda 24 nomdagi mahalliy gazetalarda bepul ajratiladigan nashr maydoni tasdiqlandi.

Ommaviy axborot vositalari saylovoldi tashviqoti davrida bepul ajratiladigan efir vaqti va nashr maydoni doirasida O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti davrida chiqishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.

Tashviqotlar 7-iyulgacha davom etadi. 8 va 9-iyul sukut kuni hisoblanadi. Qonunchilikka ko‘ra, saylov o‘tkaziladigan kunda va unga bir kun qolganda tashviqot yuritishga yo‘l qo‘yilmaydi.