Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), BMT Bolalar jamg‘arnasi (UNICYeF) va Jahon banki O‘zbekiston prezidenti huzurida Milliy ijtimoiy himoya agentligi tashkil etilganini olqishlaydi. Payshanba kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotda bu haqda so‘z boradi.

“Jahon miqyosida va O‘zbekistonda ijtimoiy himoya islohotini qo‘llab-quvvatlovchi yetakchi tashkilotlar sifatida ishonchimiz komilki, bu O‘zbekistonning ijtimoiy himoya sohasidagi kun tartibini ilgari surishda hamda butun hayotlari davomida alohida shaxslar va oilalarning kambag‘allik, zaiflik va ijtimoiy chetlanishini kamaytirishga va oldini olishga qaratilgan Milliy ijtimoiy himoya strategiyasini, shuningdek O‘zbekistonning milliy rivojlanish maqsadlari va Barqaror Rivojlanish Maqsadlarini amalga oshirishdagi muhim qadamdir”, — deyiladi bayonotda.

“Agentlikning vazifalari qatoriga aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimining kompleks va har tomonlama chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish va amalga oshirish, zaiflikning oldini olish va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoya qilish kiradi. Tashkil etilgan Agentlik tarqoqlik, ijtimoiy himoya funksiyalaridagi bo‘shliqlarni bartaraf etish, tizim monitoringi va baholashni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishiga qat’iy ishonamiz”, — deya qayd etildi bayonotda.

Xalqaro tashkilotlar tomnidan agentlik bolalarni himoya qilish va nogironligi bo‘lgan shaxslar inkyuziyasi borasidagi ustuvor yo‘nalishlarga xalqaro standartlar va me’yorlarga muvofiq ravishda alohida e’tibor berishi quvonarli ekani e’tirof etildi.

“Ushbu agentlik vakolatli organ sifatida ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy xizmatlarni o‘zida mujassamlashtirgan ijtimoiy himoya siyosatini ishlab chiqishni, shuningdek bandlik sektori va boshqa xizmatlar bilan o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirishni ta’minlaydi. Umid qilamizki, Agentlik milliy ijtimoiy himoya siyosatining me’yoriy asoslarini belgilab beradi, alohida dasturlarni ishlab chiqishga rahbarlik qiladi hamda chora-tadbirlarning amalga oshirilishini dalillarga asoslanib nazorat qilgan holda ularning muvofiqlashtirilganini ta’minlaydi”, -deya umid bildirildi.

“Agentlik doirasida O‘zbekistonda oilalar va bolalar farovonligiga ta’sir etuvchi, uzoq davom etadigan yoki to‘satdan sodir bo‘ladigan zarba va inqirozlarga moslashuvchi va tezkor javob beradigan, ularning chidamliligini mustahkamlaydigan ijtimoiy himoya tizimini yaratish uchun ulkan imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz”, — deya qayd etildi bayonotda.

“XMT, YUNICYeF va Jahon banki mamlakatda barchaning manfaati yo‘lida ijtimoiy himoyani rivojlantirish uchun O‘zbekiston hukumatini bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor”, — deya ta’kidladi uchta tashkilot.

Agentlik tashkil etilgungacha bo‘lgan olis yo‘l

Mahalliy ekspertlar va xalqaro tashkilotlar aholini ijtimoiy muhofaza qilish uchun mas’ul yagona idora yaratish zarurligi haqida uzoq yillardan buyon gapirib kelmoqda. Ijtimoiy himoya qilish funksiyalari shu paytgacha bir qancha vazirlik va idoralar o‘rtasida taqsimlangani bu boradagi ishlar samaradorligini pasaytirdi. 2019-yilda 2022-yilgacha ijtimoiy himoyaga mas’ul vazirlikni tashkil etish rejalari e’lon qilindi.

Bir yil avval davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va institutsional islohotlar sohasi mutaxassisi Aziza Umarova “Gazeta.uz” “Mavjud bo‘lmagan eng muhim davlat organi” sarlavhali maqolasida O‘zbekiston zudlik bilan yangilangan ijtimoiy himoya tizimiga muhtojligi hamda ehtiyojmandlar bilan ishlaydigan professional kadrlarni tayyorlash zarurligi haqida yozgan (rus tilida — tahr.) edi. 2018-yilda biz uning “Odamlar uchun islohotlar” maqolasini e’lon qildik, unda ham samarali ijtimoiy himoya tizimini ta’minlash uchun yagona muvofiqlashtiruvchi organ zarurligi ta’kidlangan edi.

Shavkat Mirziyoyev 30-may kuni O‘zLiDeP partiyasi s’ezdida prezidentlikka nomzod sifatida so‘zga chiqib, Ijtimoiy himoya milliy agentligini tashkil etish taklifini ma’lum qildi.

1-iyun kuni esa Shavkat Mirziyoyev Mansurbek Olloyorovni prezidentning ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Agentlikning tashkil etilishi haqidagi hujjat esa hozircha internetda e’lon qilingani yo‘q.