31-may kuni “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi qurultoyida prezidentlikka o‘z nomzodini ko‘rsatmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi va O‘zLiDeP partiyasidan amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda partiya rahbari Alisher Qodirov ma’lum qildi.

“Bu qaror davlat, xalq va partiyaning manfaatlari nuqtai nazaridan eng to‘g‘ri qaror deb hisoblayman”, — dedi partiya yetakchisi, 2021-yildagi saylovda prezidentlikka nomzod bo‘lgan Alisher Qodirov.

алишер қодиров, milliy tiklanish, сайлов-2023, шавкат мирзиёев

13-may kuni “Milliy tiklanish” partiyasi O‘zLiDeP nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgandi. Ta’kidlanishicha, “bugungi murakkab davr birlashishni talab qilmoqda”. “Biz amaldagi prezident atrofida mustahkam birlashib, ona vatanimiz qudrati va xalqimiz farovonligini taminlashning eng samarali yo‘lini topishimiz zarur”, — degandi Qodirov.

алишер қодиров, milliy tiklanish, сайлов-2023, шавкат мирзиёев

Alisher Qodirov 30-may kuni O‘zLiDeP qurultoyida. Foto: Manba / Telegram.

Bir kun avval O‘zLiDeP Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida tasdiqlagan. Davlat rahbari saylovoldi dasturida sanoat sohasidagi “megaloyihalar”, Ijtimoiy himoya milliy agentligini tashkil etish, avtomobil ishlab chiqarishni 1 mln dan ortiq donaga yetkazish va boshqalar haqida gapirgan.

Ekologik partiyadan prezident saylovi uchun Abdushukur Xamzayev nomzod etib tasdiqlangan. Uning dasturida bir martalik plastik va polietilen idishlardan voz kechish, elektron sigaretlarni mamlakatga olib kirishni, 2030-yildan benzinli avtomobillarni sotish va sotib olishni taqiqlash va boshqalar taklif qilingan.

“Adolat” SDPdan prezidentlik saylovi uchun Robaxon Mahmudova nomzod sifatida tasdiqlangan. Uning saylovoldi dasturida “Ijtimoiy davlat-2030” dasturini ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va boshqalar ko‘zda tutilgan.

Xalq demokratik partiyasidan partiya raisi Ulug‘bek Inoyatov prezidentlikka nomzod sifatida ma’qullangan. Uning dasturida qimmat mol-mulk uchun soliq joriy etish, sudlov hay’ati institutini tashkil qilish va boshqalar o‘rin olgan.