Armaniston va Ozarbayjon bir-birining hududiy yaxlitligini o‘zaro tan olishga kelishib oldi. Bu haqda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning Moskvadagi YeOII yig‘ilishidagi bayonotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.

“Shu asosda biz munosabatlarimizni tartibga solish yo‘lida muvaffaqiyatlarga erishmoqdamiz”, — dedi siyosatchi.

O‘z navbatida, “Boku va Yerevan o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishish imkoniyati bor, ayniqsa, Armaniston Qorabog‘ni Ozarbayjonning bir qismi sifatida rasman tan olganini hisobga olsak”, — dedi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev. Shuningdek, u Ozarbayjonning Armanistonga nisbatan hududiy da’vosi yo‘qligini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Nikol Pashinyan Yerevanda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida agar Boku Tog‘li Qorabog‘dagi armanlarning huquqlarini hurmat qilsa, Armaniston bu hududni Ozarbayjonning bir qismi sifatida tan olishga tayyorligini ma’lum qilgandi.

Armaniston va Ozarbayjon hukumatlari may oyi boshida Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha mojaroni hal qilish jarayonini jadallashtirgan: ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Vashington va Moskvada, davlatlar rahbarlari esa Bryusselda hukumat faollari — Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel nazorati ostida uchrashgan.

Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ uchun mojaro 1980-yillarning oxiridan beri davom etib keladi. 2020-yil sentabr oyi oxirida vaziyatning navbatdagi keskin keskinlashuvidan so‘ng Yerevan Tog‘li Qorabog‘ning bir qismini Boku nazoratiga qaytarishga rozi bo‘lgan, tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida bitim imzolagan.