Singapurning Changi Airports International (CAI) kompaniyasi yangi Toshkent aeroporti qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishda yordam beradi, deya xabar qildi “Gazeta.uz” muxbiri.

24-may kuni Toshkentda Singapur prezidenti Halima Yaqubning O‘zbekistonga tashrifi munosabati bilan o‘tkazilgan O‘zbekiston-Singapur biznes-forumi doirasida Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva va Changi Airports kompaniyasi bosh direktori Yujin Gan o‘rtasida kelishuvlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi.

Ra’no Jo‘rayeva Toshkent Yevropa va Osiyoni bog‘lay oladigan xalqaro xab sifatida ulkan eksport salohiyatiga ega ekanligi, biroq mavjud aeroport ko‘plab cheklovlarga egaligi, chunki poytaxt rivojlanib borishi bilan u amalda shahar markazida bo‘lib qolganini ta’kidladi.

“Yo‘lovchilar oqimini tahlil qilib, biz o‘sish juda tez, degan xulosaga keldik. Bugungi kunda, eng tig‘iz soatlarda terminallar yo‘lovchilarni deyarli sig‘dira olmaydi va samolyotlar uchun to‘xtash joylari yetarli emas. Shu bois yangi aeroport qurish masalasi ustida ishlayapmiz. Maslahatchilar sifatida biz dunyodagi eng yaxshi aeroport — Changi Airports International`ni taklif qildik. Ularning vazifasi xalqaro xab yaratish va yangi havo bandargohini qurishda eng zamonaviy aeroport texnologiyalaridan foydalanishni hisobga olgan holda texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqishda bizga yordam berishdan iboratdir”, — dedi u.

Shuningdek, CAI vakillari bir vaqtning o‘zida mavjud aeroport faoliyatini aviatsiya va noaviatsion faoliyat nuqtai nazaridan optimallashtirish bo‘yicha konsalting bilan ham shug‘ullanadi, — dedi Uzbekistan Airports rahbari.

2022-yilda mamlakat bosh havo bandargohining yo‘lovchi tashish hajmi 5 mln yo‘lovchini tashkil etgan holda pandemiyadan oldingi davrdan oshib ketdi. Joriy yilda Uzbekistan Airports tahlilchilarining prognozlariga ko‘ra, 8 mlnga yaqin yo‘lovchi kutilmoqda.

Uzbekistan Airports matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, shartnoma imzolangandan so‘ng tomonlar tez orada ikki yo‘nalish bo‘yicha ish boshlaydilar: mavjud aeroport faoliyatini optimallashtirish, jumladan, raqobatbardoshligi va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda yo‘lovchi tashish hajmini oshirish, shuningdek, 2023−2024-yillarda yangi Toshkent aeroporti loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari ustida. Avval xabar qilinganimizdek, loyiha qiymati 1 mlrd dollargacha bo‘lishi mumkin.

“Changi Airports International kompaniyasi Uzbekistan Airports bilan hamkorlik qilishdan mamnun. O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng tez rivojlanayotgan biznes va turizm salohiyatiga ega mamlakatlardan biridir. Biz mavjud Toshkent aeroportining sig‘imi, ish standartlari va moliyaviy ko‘rsatkichlarini optimallashtirish, shuningdek, yangi aeroportni rivojlantirish rejalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida aeroportni rivojlantirish va boshqarish bo‘yicha tajribamiz bilan o‘rtoqlashishni intiqlik bilan kutamiz”, — dedi Changi Airports International bosh direktori Yujin Gan.

Changi Airports International — xalqaro aeroporti, Osiyodagi aviatsiya xablaridan biri va Singapurdagi yagona aeroportdir. 1981-yilda ochilganidan buyon aeroport aviatsiya sanoatida etalonga aylandi va 1987−2007-yillar davomida 280 dan ortiq mukofotlarga sazovor bo‘ldi. Aeroport 2019-yilda 68,3 mln yo‘lovchini ro‘yxatga oldi va xalqaro yo‘lovchilar soni bo‘yicha dunyodagi yettinchi eng band aeroportga aylandi.