O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy temiryo‘lining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish yakunlandi

Transport vaziri Ilhom Mahkamov Xitoyda O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temiryo‘li qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish yakunlanganini aytdi. Qo‘shma bayonotda tomonlar qurilishni boshlashga tayyorgarlik ko‘rishda yordam berishga tayyorligi qayd etilgan.

Xitoy O‘zbekistonning chegaraoldi hududlarida logistika markazlarini tashkil qiladi

Xitoy logistika kompaniyalari O‘zbekistonda nafaqat tovarlarni ayirboshlab, transport xizmatlari ko‘rsatadi, balki chegaraoldi hududlarida logistika markazlarini ham tashkil qiladi, dedi transport vaziri Ilhom Mahkamov. Shuningdek, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” kompaniyasi bilan qo‘shma korxona ham ochiladi.

25 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish pasporti 5 yil muddatga berilmoqda

25 yoshga to‘lmagan O‘zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish pasporti 5 yil muddatga berilayotgani ma’lum bo‘ldi. Ilgari bu 16 yoshni tashkil etgan. Bu bo‘yicha prezident farmoni bir yil avval qabul qilingan bo‘lsa-da, bu haqda jamoatchilikka keng ma’lumot berilmagan.

Xorazmda bolalarga qo‘lni ko‘targancha yo‘ldan o‘tish va haydovchilarga minnatdorlik bildirish o‘rgatiladi

Xorazm YHXB “ilg‘or mamlakatlar tajribasi” asosida bolalar ishtirokidagi YTHlarning oldini olishning yangi usulini taklif qildi. Unga ko‘ra, o‘tish joylaridan oldin STOP belgisi chiziladi. O‘quvchilar qo‘llarini ko‘tarib, yo‘lni kesib o‘tadi va minnatdorlik belgisi sifatida haydovchilarga ta’zim qiladi.

Biznesga internet reklamalari uchun to‘lovni xorijiy valyutadagi korporativ karta orqali amalga oshirishga ruxsat beriladi

O‘zbekistonda 1-iyuldan yuridik shaxslar xorijiy ijtimoiy tarmoqlarda reklama berish uchun to‘lovni chet el valyutasidagi korporativ kartalar orqali amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda xarajatlar chegarasi belgilab qo‘yilgan.

Paynet orqali ham naqd pul yechib olish mumkin bo‘ladi

1-iyundan Paynet orqali naqd pul yechish xizmati sinov tarzida ishga tushiriladi. Sinov muddati 2023-yilning dekabr oyigacha davom etadi.

Samarqandda voyaga yetmagan haydovchi 52 yoshli erkakni urib yubordi

Samarqand shahrida otasining mashinasini haydab ketayotgan 16 yoshli o‘smir tezlikni oshirib, yo‘lni kesib o‘tayotgan erkakni urib yubordi. Jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan.

O‘zbekistonga to‘rt oy davomida 2 milliondan ortiq sayyoh keldi

2023-yilning to‘rt oyida O‘zbekistonga 2 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Turistlarning asosiy qismi qo‘shni Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, Rossiyadan kelgan.

Andijonda Diniy qo‘mita mutaxassisi Umra uchun fuqarolardan olgan 1,6 mlrd so‘mni onlayn qimorga tikib yubordi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Xo‘jaobod tumani mutaxassisi fuqarolardan Umra ziyorati uchun olgan 1 mlrd 650 mln so‘mni onlayn qimor o‘yinlariga tikib yuborgani ma’lum bo‘ldi. Sud davomida jabrlanuvchilar arizalarini qaytarib olgani sababli moddiy zarar to‘lanmagan. Sobiq xodim esa besh yilga qamalgan.

Qoraqalpog‘istonda Cobalt yuk mashinasi bilan to‘qnashishi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi

G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu avtomobil yo‘lida yuqori tezlikda harakatlangan Cobalt yuk mashinasiga borib urildi. Oqibatda yengil mashina yo‘lovchilaridan biri voqea joyida, ikkinchisi esa shifoxonada vafot etdi.

Toshkentda Inter Pares global dasturiga bag‘ishlangan anjuman boshlandi

22-may kuni Toshkentda Yevropa Ittifoqining parlamentarizmni mustahkamlash bo‘yicha global dasturi — Inter Pares rasmiy boshlanishiga bag‘ishlangan anjuman o‘z ishini boshladi. Unda senatorlar, Inter Pares global dasturi vakillari, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari ishtirok etdi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan fotoreportaj:

Foto: Namanganda xalqaro gullar festivali boshlandi

Namangan shahrida 62-Xalqaro gullar festivali boshlandi. “Gazeta.uz” minglab odamlarni bir yerga jamlagan festivaldan fotoreportaj tayyorladi.