18-may kuni Xitoyning Sian shahridagi Tan sulolasi bog‘ida “Markaziy Osiyo — Xitoy” birinchi sammitida ishtirok etayotgan davlatlar rahbarlarini rasman kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasini Xitoy raisi Si Szinpin va rafiqasi kutib olgan.

Markaziy Osiyo - Xitoy

Markaziy Osiyo - Xitoy

Marosimda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va rafiqasi, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham ishtirok etdi. Ular birgalikda suratga tushdi.

Markaziy Osiyo - Xitoy

Markaziy Osiyo - Xitoy

Mehmonlarga saroy oldidagi maydonda Xitoy tarixi va madaniyatini o‘zida aks ettirgan sahnalashtirilgan chiqishlar va konsert dasturi namoyish etildi. Sammitning asosiy tadbirlari bugun, 19-may kuni bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston prezidenti 2022-yil yanvar oyida Markaziy Osiyo va Xitoy davlat rahbarlari ishtirokidagi videoanjumanda ishtirok etgandi. Davlat rahbari o‘shanda 2023-yilni “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va san’ati yili” deb e’lon qilishni taklif qilgan.

Yil doirasida asosiy e’tiborni akademik va talabalar almashinuvi dasturlariga, yoshlar forumlari va sport musobaqalarini o‘tkazishga qaratish reja qilingan.