16−18-may kunlari Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) yillik forumi bo‘lib o‘tmoqda. YeTTB bosh iqtisodchisi Beata Yavorchik hamda YeTTB yetakchi mintaqaviy iqtisodchisi Erik Livni “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida iqtisodiyot uchun yangi global risklar, zarur islohotlar, investitsiyalarni jalb qilish strategiyalari, xususiylashtirish jarayonidagi ustuvorliklar hamda islohotlarni jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati haqida so‘zlab berishdi.

— Bu yil YeTTBning yillik yig‘ilishi “Barqarorlikka sarmoya kiritish” mavzusida o‘tkazilmoqda. Milliy iqtisodlar, jumladan, O‘zbekiston uchun ularning barqarorligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan yangi xavflar haqida gapira olasizmi?

Beata Yavorchik: Men uchta global xavfni keltiraman. Birinchisi, bu xalqaro qarzlar bo‘yicha xarajatlar. Biz faoliyat yuritayotgan mamlakatlarda [Rossiyaning Ukrainaga qarshi] urushi boshlanganidan buyon xalqaro bozorlarda qarz olish xarajatlari oshgan. O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. Bu xarajatlar qariyb ikki baravar oshdi. 2011-yilda Standard & Poor’s xalqaro reyting agentligi AQSh reytingini o‘zgartirganida bo‘lgani kabi, AQShda qarzning eng yuqori me’yorini oshirish bo‘yicha munozaralar va keskin muzokaralar AQSh qarzi reytingini pasaytirish imkoniyatini yaratdi. Agar bu safar ham ushbu holat sodir bo‘lsa, bu rivojlanayotgan bozorlar uchun qarz olish xarajatlarini yanada oshirishi mumkin. Urush boshlanganidan beri qarz olish xarajatlarining mutlaq ma’noda ham, Germaniya va AQSh kabi mamlakatlarda qarz olish narxiga nisbatan ham oshganini ko‘rdik. Chunki notinch davrlarda investorlar makroiqtisodiy xatararga ko‘proq e’tibor berishadi. Shu boisdan agar AQShda kelishuvga erishilmasa, bu xalqaro bozorlarda bezovtalikka olib kelishi hamda investorlar makroiqtisodiy xatarlar uchun talab qiladigan kompensatsiya hajmini oshirishi mumkin.

Ikkinchi xavf — bu hamma joyda mavjud bo‘lgan inflyatsiya. Biroq u rivojlanayotgan bozorlarda rivojlangan mamlakatlardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan biroz yuqoriroq bo‘ladi. Bizning hisobotlarimizga ko‘ra, YeTTB mamlakatlarida inflyatsiya o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan. Ammo bu, asosan, energiya va oziq-ovqat xarajatlarining pasayishi hisobiga sodir bo‘ldi, ayni paytda bazaviy inflyatsiya beqarorligicha qoldi. Shu munosabat bilan XVJ inflyatsiya prognozlari biz uchun juda optimistik ko‘rinadi. Bu yerda siz rivojlangan iqtisodiyotlar va rivojlanayotgan bozorlar o‘rtasidagi farqni ko‘rib chiqishingiz kerak. AQShda ikki xonali inflyatsiya oxirgi marta 1970-yillar oxirida, 50 yil avval kuzatilgan. Shuning uchun odamlar buni eslamaydilar. Dunyoning bu qismida ko‘pchilik, ayniqsa 50 yoshdan oshganlar giperinflyatsiya davrini yaxshi eslashadi. Va shuning uchun bu yerda odamlar inflyatsiyaga nisbatan sezgirroq bo‘lishlari mumkin. Va inflyatsion kutilmalar chuqur ildiz otishi mumkin, bu esa inflyatsiyaga qarshi kurashishni qimmatlashtiradi.

Uchinchi xatar esa, bu — “frendshoring”, uzilish va fragmentatsiya kabi tendensiyalardir. Boshqacha aytganda, bu geosiyosiy keskinlik bo‘lib, dunyoni ikki blokka ajratishi, mamlakatlarni qaysi blokda bo‘lishni tanlashga majbur qilishi mumkin. Tranzit to‘g‘risidagi oxirgi hisobotimizda biz bu holat YeTTB mamlakatlari uchun nimani anglatishi mumkinligi haqidagi tadqiqot natijalarini taqdim etganmiz. Xulosa shunday: bundan hamma yutqazadi.

беата яворчик, еттб, эрик ливни

— Shu nuqtai nazardan, islohotlar jarayonini tezlashtirish uchun hukumatlar qanday siyosat yuritishlari kerak?

Beata Yavorchik: Ehtimol savol hukumat qanday islohotlarni amalga oshirishi kerakligida emas, chunki buni o‘zlari hal qiladi, balki islohotlarni amalga oshirishda qanday tamoyillarga amal qilish kerakligi to‘g‘risida.

Xalqaro tajriba bizga nima deydi? Birinchisi — bashoratlilik. Bashorat qilsa bo‘ladigan muhit kerak, chunki bu xususiy sektor va xorijiy investorlarning hayotini yengillashtiradi. Bashoratliliksiz investitsiyalar oqimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan noaniqlik vujudga keladi.

Xalqaro tajribaga ko‘ra, tashqi dunyoga ochiqlik tashqaridan bilim va texnologiyalarni olish uslubidir, bu xoh savdo, xoh to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar orqali, xoh odamlar harakati natijasida bo‘lsin.

Uchinchi yo‘nalish esa xususiylashtirish. Davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki bilan bog‘liq muammolar haqida so‘z yuritiladigan boy adabiyot mavjud. Agar YeTTB mamlakatlariga nazar tashlasangiz, bizning mamlakatlarda davlatning iqtisodiyotdagi ulushi xuddi shunday daromad darajasiga ega mamlakatlarga qaraganda ko‘proq. YeTTB mamlakatlarida davlat sektorida band bo‘lganlarning umumiy bandlikdagi ulushi boshqa mamlakatlarga nisbatan o‘rtacha 7 foiz punktga yuqori.

Albatta, iqtisodiyotda davlat ishtiroki zarurligiga jiddiy sabablar bor. Biroq bu tug‘diradigan muammolar ham mavjud. Ulardan biri — davlat kompaniyalarining xizmat ko‘rsatishidir. Ular har xil turdagi xizmatlarni ko‘pincha tannarxidan past narxlarda taqdim etish vakolatiga ega. Ammo buning uchun budjetlarni rejalashtirish va ishlab chiqarishning aniq mexanizmi yo‘q. Shuning uchun ular xizmatlarni tannarxidan arzonroqqa taqdim etadi va taqchillikka duch keladi. Natijada, ular hukumatdan transfert olishlari kerak va holat takrorlanaveradi. Shu bois davlat sektorida ham faoliyatni yaxshilash uchun ko‘plab islohotlarni amalga oshirish kerak bo‘ladi.

Erik Livni: O‘zbekistonda odamlarda tadbirkorlik xususiyatlari bor. Farg‘ona vodiysiga borib, har qarich yerni shudgor qilib, mehnat qilishayotganini ko‘rasiz. Xuddi, odamlar hech qachon to‘xtamaydigandek. Bunday vaziyatda eng yaxshi strategiya odamlarni tinch qo‘yishdir. Albatta, bajarilishi va bajarilmasligi kerak bo‘lgan juda ko‘p narsalar mavjud.

2017-yildan buyon O‘zbekiston uchun muhim muvaffaqiyat omillaridan biri ochiqlik bo‘ldi. Mijozlarimiz orasida ko‘plab kompaniyalar o‘z faoliyatini 2018-yilda boshladilar, to‘satdan savdo qilish, valyuta ayirboshlash imkoniyatlari paydo bo‘ldi va kompaniyalar bashorat qilinadigan muhitda ishlay boshladilar.

Xususiylashtirish jarayoni ham katta omil. U juda tez bo‘layotgani yo‘q, lekin biz, masalan, Vengriyaning OTP banki tomonidan “Ipotekabank” sotib olingani bank sohasida katta yutuq bo‘lganini ko‘rdik. Bu shunchaki bank sotuvi emas, bu bank ishiga munosabatni butunlay o‘zgarishidir. Xuddi shunday hodisa birinchi to‘liq raqamli bank bo‘lgan Gruziyaning TBC bankga ham taalluqli. Ularning yordami bilan tartibga solish va raqamli bankning butun tizimi qayta qurildi. Va hozir TBC raqamli yo‘nalishga o‘tayotgan mahalliy banklar bilan mustaqil ravishda raqobatlashishi kerak. Shunday qilib, tashqaridan keladigan katta raqobat asosiy benefitsiarlar — iste’molchilar uchun foydalidir.

O‘zbekistonda hali ham sanoatning juda katta ulushi davlatga tegishli. Va bu kompaniyalarning aksariyati o‘z sohalarida muhim rol o‘ynaydi. Ulardan ba’zilari monoindustrial shaharlarda joylashgan bo‘lib, bu boshqa qiyinchiliklar qatlamini yaratadi. So‘nggi ikki yil ichida xususiylashtirish tajribasiga nazar tashlasangiz, xususiylashtirish unchalik tez bo‘lmaganini tushunishingiz mumkin, chunki bu jarayon ehtiyotkorlikni talab qiladi.

Sanoatda ustun mavqega ega bo‘lgan kompaniyani xususiylashtirishda, bu holat o‘sha sohada xususiy monopoliyani yaratmasligiga ishonchingiz komil bo‘lishi kerak. Shuning uchun O‘zbekistonga xususiy monopoliyalar kerak emas. Va bu qurilish hamda sanoat kabi ko‘plab sohalarga tegishli. Qishloq xo‘jaligida o‘g‘it ishlab chiqaruvchi juda yirik korxonalarimiz borki, ular ilgari davlatga qarashli bo‘lgan yoki hozir ham shunday. Gap ularning qanday xususiylashtirilishi, kimga va qanday sotilishi, soha qanday tartibga solinishi, raqobat qanday saqlanib qolishi haqida boradi. Bu masalalarning barchasi nafaqat Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, balki Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining ham faol ishtirokini taqozo etadi.

беата яворчик, еттб, эрик ливни

— RFning Ukrainaga qarshi urushi global ishlab chiqarish zanjirlariga tubdan ta’sir ko‘rsatib, uzilishlarga olib keldi. Global ishlab chiqarish zanjirlari uchun yangi bir reallik allaqachon shakllandimi yoki u hali shakllanyaptimi va bu jarayonda O‘zbekiston o‘z o‘rnini qanday topa oladi?

Beata Yavorchik: Bugungi kunda xalqaro savdoda uchta asosiy tendensiya mavjud. Birinchisi, bu — [koronavirus] pandemiyasi davrida boshlangan global ishlab chiqarish zanjirlarining qayta ko‘rib chiqilishi. Bu, asosan yetkazib beruvchilarning bir joyda to‘planishi xavf tug‘dirayotganini anglash bilan bog‘liq. Urush boshlanganda, davlatlar Rossiya yoki Ukraina global ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyalashgani uchun emas, balki unday bo‘lmagani uchun harakat qila boshladilar. Kompaniyalar to‘satdan geosiyosiy keskinlik hech qayerga yo‘qolmasligini va shuning uchun harakatsizlik jarayonga aralashgandan ko‘ra ko‘proq yo‘qotish olib kelishini tushunib qolishdi.

Bunga qadar hech kim global ishlab chiqarish zanjirlarini qayta ko‘rib chiqishni xohlamagan, chunki ular xarajatlar nuqtai nazaridan optimallashtirilgan edi. Ortiqcha barqarorlikni yaratish esa qo‘shimcha xarajatlarni anglatadi. O‘tgan yozda biz Germaniyadagi 3000 firma o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdik va ularning uchdan ikki qismi allaqachon qo‘shimcha yetkazib beruvchilarni topganliklarini, qolgan yarmi esa kelgusi 12 oy ichida buni amalga oshirish niyatida ekanligini aytishdi. Bu jarayon uzoq vaqt davom etadi.

Ikkinchi katta tendensiya, bu — savdoning o‘zgarishi. Jumladan, urush va sanksiyalar natijasida Rossiya bilan savdo. Va bu yerda biz G‘arbiy Yevropa hamda AQShdan Rossiyaga eksport hajmi keskin kamayib borayotgani, G‘arbiy Yevropadan Markaziy Osiyo va Kavkazga esa eksportning ko‘payishini va o‘z navbatida, bu mamlakatlardan Rossiyaga qayta eksportning ortishini kuzatyapmiz. Hajmi bo‘yicha bu vositachilik savdosi yo‘qolgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoning kichik foizini tashkil qiladi. G‘arbiy Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi aloqalarning qisqarishi boshqa eksport qiluvchi mamlakatlar, masalan, Turkiya va Xitoyga Rossiya bozoriga tovar yetkazib berish imkoniyatini yaratdi.

Va nihoyat, biz ko‘rib turgan uchinchi tendensiya AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi, shuningdek, ko‘plab mamlakatlarning savdodan qurol sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan Xitoyga bog‘lanib qolishdan qo‘rqib, Xitoyga qaramlikdan voz kechish niyatida ekanligi bilan bog‘liq. [Donald] Tramp ma’muriyati davrida boshlangan AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi hali ham davom etmoqda: 2017−18 yillarda kiritilgan tariflar hali ham amalda va AQSh, masalan, texnologiya eksportiga qo‘shimcha cheklovlar kiritdi. Iqtisodiyotlarning uzilishi va dunyoni savdo bloklariga bo‘lish tendensiyasi davom etishi mumkin.

Erik Livni: O‘ylaymanki, Markaziy Osiyo davlatlari hozir bir-biriga avvalgidan ham ko‘proq muhtoj ekanini anglab yetmoqda. Bunda esa O‘zbekiston o‘zining geografik joylashuvi, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, shuningdek, Afg‘oniston bilan chegaradoshligi bilan muhim rol o‘ynaydi. Ushbu markaziy qismsiz har qanday mintaqaviy integratsiya imkonsiz bo‘ladi.

Biz ulkan diplomatik faollikni kuzatyapmiz. Prezident Mirziyoyevning qo‘shni davlatlarga borib, suv-energetika resurslari sohasida hamkorlik qilish, chegara nazoratini yaxshilash, tovar aylanmalarining to‘siqsiz harakatlanishini ta’minlash bo‘yicha muhim shartnomalar imzolayotganini ko‘rib turibmiz. Yaqinda O‘zbekiston avtomobilsozligi Qirg‘izistonda avtomobil zavodi qurilishini boshladi, Qozog‘istonda ham shunga o‘xshash yig‘ish ishlari olib borilmoqda. O‘tgan yili Qozog‘istonda yig‘ish hisobiga avtomobil ehtiyot qismlari eksportida sezilarli o‘sish kuzatildi va Qirg‘izistonga nisbatan ham xuddi shunday o‘sishni kutish mumkin.

O‘zbekiston nafaqat markaziy mavqei yoki eng katta bozorga egaligi, balki eng katta ishchi kuchiga ega mamlakat sifatida ham muhim hisoblanadi. Mamlakatda malakali kadrlar va texnik imkoniyatlar mavjud. Avtomobilsozlik, oziq-ovqat yoki to‘qimachilik bo‘ladimi, ishlab chiqarishdami, tajriba mavjud. Bu an’ana va malakalar esa ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirishda nihoyatda muhim. O‘zbekistonning bu qiyosiy ustunligi mamlakatni Markaziy Osiyodagi ishlab chiqarish markaziga aylantirishi mumkin.

— Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan joriy qilingan sanksiyalar mintaqa iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatmoqda, ayrim hollarda hatto Markaziy Osiyo mamlakatlari va RF o‘rtasidagi savdoni rag‘batlantirmoqda ham. YeTTB va mintaqa hukumatlari o‘rtasida ushbu sanksiyalarning oqibatlari va ularga amal qilish bo‘yicha tajribalarni taqdim etish bo‘yicha muzokaralar olib borilyaptimi?

Beata Yavorchik: YeTTBning bunday muhokamalardagi ishtirokidan xabarim yo‘q. Yevropa komissiyasi yangi sanksiyalar paketini ko‘rib chiqmoqda. Markaziy Osiyo va Kavkaz orqali savdo hajmi qisqarib borayotgan savdo hajmi bilan solishtirganda kichik bo‘lsa-da, mintaqaning ko‘plab iqtisodiyotlari uchun u YAIMning katta qismini tashkil qiladi. Shunday qilib, u daromad manbaiga aylanmoqda. Masala shundaki, bu daromad manbai sifatida qanchalik barqaror bo‘ladi, chunki savdodagi bunday o‘zgarishlar G‘arbda kuzatilgan va u yerda bunday turdagi savdoni cheklashga harakat qilish istagi paydo bo‘lishi mumkin.

Erik Livni: Bu savdo to‘liq vositachilik emas. Uning bir qismi tabiiy eksport hisoblanadi. Ko‘pgina kompaniyalar Rossiya bozorini tark etishdi. Vakuum vujudga keldi va uni ba’zi O‘zbekiston kompaniyalari to‘ldirishi mumkin. Masalan, maishiy elektronika, maishiy texnika (gaz yoki elektr plitalari, muzlatgichlar) va boshqalar. Xuddi shu narsa qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavot va to‘qimachilikka ham taalluqli. Bu bizni haddan tashqari tashvishga soladigan narsa emas.

— Ayni paytda O‘zbekiston hukumati kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri kambag‘allikni qisqartirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdir. Sizningcha, kambag‘allikni qisqartirishda iqtisodiyotning qaysi tarmoqlari katta rol o‘ynashi mumkin va ustuvor bo‘lishi kerak? Investitsion muhitni yaxshilash uchun qanday asosiy yo‘nalishlar ustida ishlash lozim?

Beata Yavorchik: Dunyoda investitsiyalarni jalb qilish uchun juda qattiq raqobat ketmoqda. Xorijiy sarmoyadorlar e’tiborini jalb qilishning bir yo‘li — islohotlarni o‘tkazishda jiddiy muvaffaqiyatga erishish, chunki bu mamlakat biznes va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun ochiq ekanligi haqida kuchli signal beradi.

Xorijiy investorlar uchun bashoratlilik va barqarorlik zarur. Ular kutilmagan hodisalarni yoqtirishmaydi. Ular o‘yin qoidalarini tushunishlari kerak. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar roliga kelsak, ular, so‘zsiz, ish o‘rinlarini yaratish yo‘li bilan qashshoqlikni kamaytirishga yordam berishi mumkin. Ular ishlab chiqarish yoki xizmatlarda texnologik darajani oshirishi, shuningdek, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga yordam berishi mumkin.

Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, mamlakat uchun yangi mahsulotlarni eksport qilishni boshlash juda qiyin. Va muvaffaqiyatli bo‘lgan holatlar asosan transmilliy kompaniyalar bilan bog‘liq. Qanday qilib investitsiyalar eksport portfelini yoki iqtisodiyot strukturasini diversifikatsiya qilish uchun ishlatilishi mumkin? Buni ma’lum sohalardagi kompaniyalarga murojaat qilish orqali amalga oshirish mumkin.

Investitsiyalarni jalb qilish haqida gapirganda, katta soliq imtiyozlarini nazarda tutmayapman. Investorlarni nega aynan O‘zbekistonga kelishlari kerakligi sabablari haqida ma’lumot berish va bu murojaatni muayyan iqtisodiy tarmoqlarga moslashtirish ulkan foyda beradi.

O‘zbekistonni biznesning barcha yo‘nalishlarini yuritish uchun emas, balki ma’lum bir sohada biznes yuritish uchun ajoyib joy deb aytilsa, sarmoyani jalb qilish bo‘yicha kampaniya ancha samarali bo‘ladi. O‘zbekistonning ma’lum bir tarmoqlar yoki sektorlardagi afzalliklarini ko‘rsatish lozim.

беата яворчик, еттб, эрик ливни

Erik Livni: Xorijiy investorlarning muvaffaqiyatlari borasida ko‘plab misollar mavjud. Mijozlarimizdan biri bo‘lgan Indorama mamlakatda ko‘p yillardan buyon ishlab kelmoqda. Ular vertikal ravishda yuqoriga ham, pastga qarab ham kengaymoqda. Indorama paxtani qayta ishlashdan boshlagan, hozir esa uni yetishtirmoqda, shuningdek, qishloq xo‘jaligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun ikkita o‘g‘it zavodi sotib oldi. Bunday muvaffaqiyatlarni xorijda namoyish etish orqali yanada ko‘proq sarmoya jalb etishingiz mumkin.

So‘nggi bir necha yil ichida birinchi yig‘ilishi o‘tgan yil noyabrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Xorijiy investorlar kengashining tashkil etilishida muhim rol o‘ynadik. Unda prezident Mirziyoyev va YeTTB rahbari ishtirok etdi. Fantastik darajada o‘zaro hamkorlik bo‘ldi, jumladan, kompaniyalar muammolarni ko‘tarishlari mumkin bo‘ldi, e’tibor va keyingi reaksiya bo‘ldi. Soliq va bojxona sohasidagi muammolarni hal etish, litsenziyalar, ruxsatnomalar olish, muammolar yuzaga kelgan taqdirda korrupsiya unsurlarini bartaraf etish bo‘yicha ishchi guruhlari faoliyat yuritmoqda. Bunday institutsional tuzilma investitsiyalarni jalb qilgandan keyin yuzaga keladigan muammolarni hal etish uchun juda mos keladi. Investorlarni jalb qilish — bir ish. Ularning mamnun bo‘lib qolishi esa boshqa bir masala.

O‘zbekiston haligacha duch kelayotgan bir muammo shundaki, ko‘plab masalalar hali ham eng yuqorida, yaxshi ma’noda, lekin eng yuqorida hal qilinmoqda. Va hamma ham eng yuqori pog‘onagacha chiqa olmaydi. Shuning uchun kichik va katta muammolarni eng yuqori darajaga yetmasdan hal qilish imkonini beradigan tizimlar bo‘lishi kerak.

Beata Yavorchik: Investitsiyalarni muvafaqqiyatli jalb qilishning to‘rtta tarkibiy qismi mavjud. Birinchidan — o‘z mamlakatingizni targ‘ib qilishingiz kerak. Ko‘plab davlatlar o‘zlarini ajoyib sayyohlik yo‘nalishi yoki sarmoyaviy jannat sifatida reklama qiladi. Bu birinchi qadam. Dunyoga biznes uchun ochiq ekanligingizni ayting.

Ikkinchi qadam — potensial investor bilan aloqa o‘rnatish. Buni xalqaro ko‘rgazmalarda mintaqada faoliyat yuritayotgan kompaniya va yetkazib beruvchilarga murojaat qilish orqali amalga oshirish mumkin.

Uchinchi qadam — qiziqish bildirgan yoki potensial manfaatdor investor mavjud bo‘lganda, unga byurokratik changalzordan o‘tishga yordam berish kerak. Bu yerda esa hukumatning xolis niyati va jarayong sodiqligi muhim. Davlat apparatidagi turli aktorlar bu jarayonni iloji boricha og‘riqsiz qilishlari kerakligini tushunishlari kerak. Chunki jarayon juda murakkab bo‘lsa, xorijlik sarmoyadorlar shunchaki boshqa joyga ketib qolishadi. Investitsiyalarni rag‘batlantirish uchun mas’ul organlar investorlarga jarayonni boshqarishda yordam berishlari lozim.

Va oxirgi band — hamkasbim aytganidek, investorlarning muammolarini qaror qabul qiluvchi shaxslargacha olib chiqish usuli. Xorijiy sarmoyadorlar kengashi — qanday qilib yuqori rahbariyatni xabardor qilish va o‘zgarishlarga rag‘bat uyg‘otishga misoldir.

Erik Livni: O‘zbekistonda IT sohasi katta muvaffaqiyatga erishdi va bu to‘rt bosqichni amalga oshirishning ajoyib namunasi bo‘ldi. IT Park O‘zbekistonning jozibadorligini oshirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda: aeroportda investorlarni kutib oladi, viza, litsenziya olishda yordam beradi, barcha hujjat ishlari imkon qadar tezroq bajariladi va o‘z majmuasida ofis xonalari bilan ta’minlaydi. IT sohasida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar soni esa kundan-kunga ortib bormoqda. Ko‘pgina kompaniyalar Rossiya, Belarus, Ukrainadan ko‘chib o‘tmoqda. Ular bu yerga kelishadi, lekin imkoniyatdan foydalanish kerak. Siz ishchi kuchini tayyorlashingiz zarur, chunki bu kompaniyalar xodimlarni yollashmoqda. Agar ular yollash, o‘qitish va rivojlantirish uchun dasturchilar bo‘lmasa, ular ishlay olmaydi. Qolaversa, raqobat juda kuchli: Qirg‘iziston va Qozog‘iston ham shunday qilmoqda. Bu yaxshi raqobat va biz bu borada katta muvaffaqiyatlarga guvoh bo‘lmoqdamiz: har bir mamlakat ko‘proq IT-texnologiyalari, ko‘proq kompyuter mahsulotlari va xizmatlarini eksport qilmoqda va ular sof autsorsingdan haqiqiy mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilishga o‘tmoqda.

Beata Yavorchik: Bunday mehmondo‘stlikning ahamiyatiga yetarlicha baho bermaslik mumkin emas. Irlandiya yoki Chexiya kabi muvaffaqiyatlar tarixi esingizda bo‘lsa, har ikki mamlakatda ham investitsiyalarni ilgari surish benihoya samarali organlar faoliyat ko‘rsatgan, hukumat ham investitsiyalarni jalb qilish borasida astoydil ish olib bordi.

Erik Livni: O‘zbekiston bu borada qiyosiy ustunlikka ega, chunki bu davlat asrlar davomida mehmonlarni, karvonlarni, savdogarlarni qabul qilib kelgan mamlakat. Va mamlakat bu borada juda yaxshi. Va taomlari a’lo darajada, hazillashmayapman. Investorlar yaxshi turmush darajasini istashadi, bunga xavfsizlik, barlar, restoranlar, qahvaxonalar va maktablar sifati kabi madaniy omillar ham kiradi. Xalqaro maktablarni ham aytib o‘tgan bo‘lardim, chunki odamlar o‘z oilalari bilan kelishadi. Demak, sizda bu ingrediyentlarning barchasi bor, lekin faqat Toshkentda. Boshqa hududlarda ham shunday sharoit yaratish biroz qiyinroq. Shunday ekan, bunga erishganingizdan so‘ng investorlar chekka hududlarga ham jalb qilinadi.

— Sun’iy intellektning (AI) milliy iqtisodiyotga ta’siri bo‘yicha qanday prognozlaringiz bor va hukumatlar qanday siyosat yuritishlari lozim?

Beata Yavorchik: YeTTBning o‘tgan yilgi hisoboti raqamlashtirishga bag‘ishlangan bo‘lib, unda mamlakatlar raqamlashtirishning qaysi bosqichida ekanligini ko‘rib chiqdik. Davlat tomonidan tartibga solish, keng polosali ulanish, ko‘nikmalar, elektron hukumat va hokazolarni hisobga oldik. Garchi O‘zbekiston 2015 va 2020-yillar oralig‘ida ma’lum yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, raqamlashtirish bo‘yicha YeTTB mamlakatlari orasida hali ham yuqori o‘rinlarda emas. Bu yo‘nalishda hali ko‘p ishlar qilinishi kerak.

YeTTB mamlakatlari sharoitida nafaqat AI, balki avtomatlashtirish haqida ham gapirish yaxshiroqdir. Biz bandlik tarkibini o‘rganish uchun tadqiqot o‘tkazdik va o‘zimizga YeTTB mamlakatlari avtomatlashtirish yoki sun’iy intellektni joriy etish tufayli ish o‘rinlari yo‘qoladimi yoki tarkibiy o‘zgarishlarga duchor bo‘ladimi, degan savollarni berdik. Ular bu xatardan G‘arbiy Yevropadan kam zararga uchramayotganini ko‘rib, hayratda qoldik. Chunki ko‘plab davlatlar avtomatlashtirilishi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarishga qaram.

Biroq, shu bilan birga, avtomatlashtirish mehnat piramidasining o‘rtasida joylashgan ishlarnigina siqib chiqaradi. Yuqori texnologiyali ish o‘rinlari xavfsizlikda, chunki ularni avtomatlashtirish mumkin emas va sun’iy intellekt ularning o‘rnini bosa olmaydi. Piramidaning pastki qismidagi kasblarni, masalan, oddiy tozalash ishlarini ham avtomatlashtirish mumkin emas. Shunday qilib, o‘rta darajadagi kasblar tahdid ostida qolmoqda.

Shuning uchun hududlarimiz avtomatlashtirish va sun’iy intellekt olib keladigan tarkibiy o‘zgarishlarga tayyorganlik ko‘rishlari kerak. Bu sunamiga o‘xshaydi, uni to‘xtatib bo‘lmaydi. Bu o‘zgarishlar yaqinlashmoqda. Hududlarimizdagi muammolardan biri shundaki, ayniqsa keksa ishchilar texnologiya sohasida boshqa mamlakatlardagi hamkasblariga qaraganda past malakaga ega. Yoshlar esa iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar aholisidan qolishmaydi.

беата яворчик, еттб, эрик ливни

— Ayrimlar islohotlarni orqaga qaytarib bo‘lmaydi, deb o‘ylashlari mumkin. Ammo, amalda ko‘rib turganimizdek, hatto o‘tish davrini muvaffaqiyatli tugatganlar ham ortga qadam tashlashlari mumkin ekan. Islohotlar natijalari uzoq muddat qolishi va orqaga qaytish nihoyatda qiyin bo‘lishini kafolatlash uchun jamiyat sifatida nima qilishimiz kerak?

Beata Yavorchik: Islohotlarni ijtimoiy nuqtai nazardan barqaror qilishingiz kerak, ya’ni jamiyat islohotlarni qo‘llab-quvvatlashi lozim — bu qisqa javob. Har qanday o‘zgarishdan keyin g‘oliblar va mag‘lublar paydo bo‘ladi. Yutqazganlar uchun qayg‘urish, islohotlar natijasida ishsiz qolgan aholiga qandaydir yordam ko‘rsatilishini ta’minlash muhim. Chunki jamiyat islohotlarni adolatli oqibatlarga olib keladigan voqelik sifatida qabul qilishi zarur. Jamiyat islohotlar nima uchun amalga oshirilayotganini va ular qanday yordam berishi mumkinligini tushunishi kerak. Muvaffaqiyatga erishgan post-kommunistik davlatlar mavjud va taqlid qilish mumkin bo‘lgan misollar ham bor. O‘tish davridagi 30 yillik tajribadan foydalanishingiz ham mumkin.

Erik Livni: O‘zbekiston sharoitida meni ko‘proq xususiylashtirish jarayoni tashvishga solmoqda. Xususiylashtirish natijalari legitim va ishonchli deb ko‘rilishi juda muhimdir. O‘tgan asrning 90-yillarida aholi ham, boshqalar ham legitim deb hisoblanmagan xususiylashtirishni amalga oshirgan davlatlarni ko‘rdik. Va ular ortga qaytishdi.

O‘zbekistonda aholining qishloq xo‘jaligidan boshqa faoliyat sohalariga o‘tishini ko‘rishimiz ehtimoli katta. Ish o‘rinlari hammaga yetarli emas, degan xavotirlar ham bor. Men 40 yoshdan oshgan odamlar haqida gapiryapman. Demak, kimdir ularga ham g‘amxo‘rlik qilishi lozim. Mehnat bozorida faol siyosat yoki qayta tayyorlash o‘tkazilishi zarur. Bu o‘tish jarayonini silliq qilish kerak, chunki aks holda norozilik paydo bo‘ladi va odamlar ko‘chaga chiqishi mumkin.

O‘zbekiston uchun yana bir muhim soha kommunal xizmatlar narxidir. Biz o‘tgan qishda juda sovuq bo‘lganida inqiroz guvohi bo‘ldik. Mamlakatda gaz yetarli emas va quvurlardagi bosim yetarli darajada yuqori emas, elektr quvvati yetarli emas, infratuzilma juda yaxshi holatda emas. Bu sohalarga investitsiyalar kerak.

Energetika sektoriga xususiy investitsiyalarni jalb qilish mumkin, lekin ular biz xohlaganchalik tez kelmaydi, chunki tariflar juda past. Bu borada nimadir qilish lozim. Biroq masala shundaki, odamlar bunga qodirmi? Shu bois, bir tomondan, ekspluatatsiya xarajatlarini qoplash, sarmoyalarni jalb qilish, ikkinchi tomondan, haqiqatan ham yordamga muhtojlarga yordam beradigan siyosat yuritish zarur.

Hamma uchun energiya narxini subsidiyalash shart emas. Haqiqiy bozor narxini to‘lashga qodir odamlar bor: yirik binolar va dang‘illama uy egalari. Biroq juda kichik uylari bo‘lgan odamlar kam iste’mol qiladilar, lekin har bir kilovattga muhtoj. Ular yordam va ko‘makka muhtoj. Va o‘shanda ishonchliroq energiya sektorimiz va butun boshli kommunal xizmatlarimiz bo‘ladi. Bu iqtisodiyotni qurish mumkin bo‘lgan poydevordir.

Beata Yavorchik: Bu bizni davlat korxonalari haqidagi yuqoridagi bahslarga qaytaradi. Davlat sektori qandaydir xizmatlar ko‘rsatishi kerak bo‘lsa-yu, lekin hech kim budjetlashtirish haqida o‘ylamasa hamda xizmatlar va tovarlar subsidiya asosida taqdim etilsa, bunday holatda to‘satdan taqchillik paydo bo‘ladi. Ularning vazifasi nimadan iboratligi, xizmat ko‘rsatish qanchaga tushishi va kimga xizmatni subsidiyalangan tarif bo‘yicha taqdim etishingiz hamda bozor narxini kim to‘lashga qodirligini aniq bilishingiz kerak.

Davlat Umarov suhbatlashdi.