Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huhuqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB)ning Ehtiyojlarni baholash missiyasi 17-may kuni O‘zbekistonga keldi. Tashrifdan maqsad 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgarigi prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishish, deb xabar bermoqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.

Tashrif doirasida missiya vakillari YeXHT DIIHB Saylov departamenti rahbari Megan Fitsdjerald hamda saylovlar bo‘yicha maslahatchisi Kseniya Dashutsina Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev bilan uchrashdi.

MSK ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda missiya vakillariga muddatidan ilgari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan milliy saylov qonunchiligi va tasdiqlangan kalendar reja asosida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

“Muloqotda DIIHB saylovlarni kuzatish missiyalarining O‘zbekistonda o‘tkazilgan saylovlar natijalari bo‘yicha yakuniy xulosalarida keltirilgan tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga implementatsiya qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida, shu jumladan, Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida amalga oshirilgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi”, — deyiladi xabarda.

YeXHT DIIHB metodologiyasi bo‘yicha Ehtiyojlarni baholash missiyasi tomonidan baholash muayyan saylov oldidan amalga oshiriladi va saylovoldi holatiga beriladigan baho hamda milliy saylov qonunchiligining umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga mosligi natijalaridan kelib chiqib, saylovni kuzatishning maqsadga muvofiqligi, kuzatish shakli, muddati va kuzatuvchilarning zaruriy soni haqida qaror qabul qilinadi.

Missiya vakillari mamlakatda saylov tartib-tamoyillarining takomillashtirilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi hamda bo‘lajak saylovlarning umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada o‘tishiga ishonch bildirdi, deyiladi MSK xabarida.

Tashrif doirasida missiya vakillari qator vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashishni rejalashtirgan.

YeXHT DIIHB missiyalari O‘zbekistonda o‘tkazilgan barcha saylovlarni kuzatib boradi. Bunday missiya yaqinda qayta ko‘rib chiqilgan Konstitutsiya bo‘yicha o‘tkazilgan referendumda ham ishtirok etdi. Biz unga berilgan xulosalar haqida yozgandik.