10-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “Tashabbusli budjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Hujjatda tizimga oid bir qator vazifa hamda qoidalar belgilandi. Xususan, 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 1309 ta loyiha uchun ham qo‘shimcha ravishda 1,3 trln so‘m mablag‘ ajratiladi. 2023-yilninng 1-mavsumida g‘olib deb topilgan 2975 ta loyihaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi qat’iy nazoratga olinadi.

Bunda:

  • jihozlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish so‘nggi muddati etib joriy yilning iyul oyi;
  • qurilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish so‘nggi muddati etib avgust oyi belgilanadi.

Tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari doirasida budjet tashkilotlarining rahbar xodimlari tomonidan majburiy ovoz yig‘ish bo‘yicha xodimlarga topshiriq berishlari taqiqlanadi. Bunda majburiy ovoz yig‘ishga majburlash tegishli tashkilot xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanadi.

Ta’kidlanishicha, tashabbusli budjet jarayonida ovoz to‘plash va g‘oliblarni aniqlash mexanizmini tanqidiy ko‘rib chiqish, jumladan keng jamoatchilik bilan muhokama qilgan holda takliflar ishlab chiqishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi.

Mavsum davomida xodimlarini ovoz yig‘ishga majburlash holatlari kuzatildi. Xususan, Surxondaryo viloyati Angor tumanida o‘qituvchilarga ovoz yig‘ishga majburiy topshiriq berilgani aytilgan. Maktabgacha va maktab vaziri Hilola Umarova ularni ovoz yig‘ishga majburlashga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qilib, holat bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlanganini bildirgandi.

Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 9-maktab direktori esa o‘qituvchilarni 100 tadan ovoz yig‘ishga majburlagan. Unga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanib, xatti-harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari bor-yo‘qligi o‘rganilmoqda.

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida ham o‘quvchilar ovoz to‘plashga SIM-karta sotib olish uchun pul yig‘ishga jalb qilingan. O‘shanda maktab direktori ishdan bo‘shatilgan. Viloyat hokimi haqiqatan ham ehtiyoj bo‘lsa, maktabni mahalliy budjet hisobidan jihozlash bo‘yicha topshiriq bergan.

“Gazeta.uz” yashash hududidagi muammolarni hal etish uchun loyiha taklif etgan aholi ko‘proq ovoz yig‘ish uchun turli usullardan foydalanayotgan jarayon ishtirokchilariga mikrofon tutgandi.

Ma’lumot o‘rnida, “Tashabbusli budjet” loyihasining 2023-yildagi 1-mavsumiga ovoz berish 7-aprelda yakunlandi. Jami 1666 ta loyiha g‘olib deb topildi va ularni amalga oshirish uchun 1,6 trln so‘mga yaqin mablag‘lar yo‘naltiriladi.