Toshkentning Chilonzor tumani prokuraturasi Mittivine yumoristik loyihasi asoschisi vayner Farhod Mannopovning o‘limi bo‘yicha jinoyat ishini tergov qilishni davom ettirmoqda, deya xabar berdi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Tergov davomida jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan Star Med Center klinikasi shifokorlari, anesteziolog hamda marhumning tanishlari, shuningdek, jami 15 nafar shaxs guvoh tariqasida so‘roq qilingan.

Shu bilan birga, jinoyat ishi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayinlangan xizmat tekshiruvi xulosasi olinib, jinoyat ishi hujjatlariga qo‘shilgan. Bundan tashqari, jinoyat ishi doirasida murakkab ekspertizalarni o‘tkazish jarayoni ketmoqda.

Dastlab olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida 2013-yilda ushbu klinikada yana bir shaxs jarrohlik amaliyoti vaqtida vafot etganligi haqida ko‘rsatma olingan. Biroq tergov davomida ushbu vaj o‘z tasdig‘ini topmaganligi sababli jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi “a” bandidan (ehtiyotsizlik orqasida odamlar o‘lishiga sabab bo‘lsa) 116-moddasi 3-qismiga (ehtiyotsizlik orqasida odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) qayta malakalangan.

Qalampir.uz nashrining Sog‘liqni saqlash vazirligi xulosasiga tayanib xabar qilishicha, Farhod Mannopovga tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi yagona Nizomning 27- ilovasida belgilab berilgan bir qator litsenziya talab va shartlari buzilgan.

Xususan, Farhod Mannopov operatsiya qilingan Star Med Center klinikasida bemorga anestiziolog va reanimatolog sifatida xizmat ko‘rsatgan shifokor J. Q.da malakaviy toifa bo‘lmagan. Klinika esa bunday sharoitda uning bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ygan.

Tibbiy faoliyat litsenziyasi talab va shartlariga ko‘ra esa tibbiy xodimlarga nisbatan talablar belgilangan bo‘lib, vrach-mutaxassislarda tegishli tibbiy mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumot va malakaviy toifa hamda belgilangan tartibda olingan malaka oshirish bo‘yicha amaldagi sertifikat mavjud bo‘lishi shart.

Sayt ma’lumotlariga ko‘ra, Farhod Mannopovning plastik jarroh shifokori ham yetarli tajribaga ega emas bo‘lib chiqqan.

Gap shundaki, Mannopovga operatsiya vaqtida plastik jarroh shifokori sifatida xizmat ko‘rsatgan shifokor E.A. Andijon davlat meditsina institutining davolash ishi, umumiy amaliyot shifokori yo‘nalishini 2019-yilda tugatgan.

“Mazkur mutaxassisning ish staji besh yil bo‘lmaganligi uchun undan davolash ishi, umumiy amaliyot shifokori yo‘nalishida tibbiy faoliyat yuritishi, shuningdek, plastik jarrohlik bo‘yicha ambulator sharoitda bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun malaka toifasiga ega bo‘lishi talab etilmagan. Biroq u bemor Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun kamida birinchi malakaviy toifaga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.

Omad Plyus MCHJ (Star Med Center) tomonidan plastik jarroh shifokori E. A.da malakaviy toifasi bo‘lmagan bir vaziyatda bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilgan va litsenziya talabi buzilgan

Bundan tashqari, bosh va burun sohasidan jiddiy jarohat olgan blogerga tibbiy xizmat ko‘rsatgan laborant shifokor J. Sh. hamda ultratovush tekshiruvlari shifokori R. S.ning o‘zlari faoliyat yuritayotgan tibbiy ixtisosliklar bo‘yicha malakaviy toifalarini tasdiqlovchi amaldagi hujjatlar tekshiruvda taqdim etilmagan.

Eslatib o‘tamiz, 2-mart kuni Farhod Mannopov basseynda suzish chog‘ida boshi va burnidan jarohat olgani aks etgan video paydo bo‘lgan edi. Shundan so‘ng u Star Med Center klinikasida operatsiya qilingan, biroq komaga tushib, 5-mart kuni vafot etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 12-mart kuni Star Med markazining tekshiruvlar davom etayotgani sababli faoliyatini vaqtincha to‘xtatganini ma’lum qildi.