Oliy sud matbuot xizmati Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 52 yoshli erkak 13 yashar mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisini zo‘rlab, homilador qilib qo‘ygani aytilgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Tarqalgan xabarda erkak 8 nafar tarbiyalanuvchini asrab olib, ulardan biri — 13 yoshli qizni homilador qilgani va bolani majburan tushirgani yozilgan. Biroq sud hali o‘tkazilmagani qayd etilgan. Oliy sud holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Jinoyat kodeksining 129-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 2-qismi va 118-moddasi (Nomusga tegish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilayotgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan K.T. (1971-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumani sudida 7-aprel kuni boshlanadi.

Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (Sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq mazkur jinoyat ishi yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatida oilaviy mehribonlik uyining voyaga yetmagan 3 nafar tarbiyalanuvchisi viloyat adliya boshqarmasi va tuman FVV rahbarlari bilan jinsiy aloqa qilishga majburlangani xabar qilingandi. Mehribonlik uyi rahbari 5 yilu 6 oyga qamalgan, mansabdor shaxslarning esa ozodligi cheklanib, qo‘yib yuborilgan.

Bosh prokuratura mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini zo‘rlash ishi bo‘yicha protest kiritgan. Zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi asoschisi Irina Matviyenko qizlarning zo‘rlangani haqida rasmiylarga 2 oy oldin xabar berilganini bildirgandi.

Bolalar ombudsmani tarbiyalanuvchilarini zo‘rlash bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganayotganini, prezidentning qizi Saida Mirziyoyeva esa ular hozirda xavfsizlikda ekanini ma’lum qilgandi.

Keyinchalik Oliy sudga mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqada bo‘lganlikda aybdor deb topilgan viloyat adliya boshqarmasi va tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq rahbarlariga nisbatan chiqarilgan hukm yuzasidan Xorazm viloyati prokuraturasi protesti kelib tushgan. Ushbu protest 6-aprel kuni yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.