Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi kanalga o‘zini tashlagan erkak halok bo‘ldi. Bu haqda Zoʻr TV telekanalining Bu kun dasturida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, holat tumanning «Bekobod» MFY hududidan oqib o‘tuvchi Shimoliy Farg‘ona kanali hududida ro‘y bergan. U yerda yaqinlari bilan ketayotgan 54 yoshli fuqaro o‘zini suvga tashlagan.Hozircha uning nega bunday qilgani noma’lum.

Erkak ko‘p suv yutib yuborishi oqibatida halok bo‘lgan. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot kotibining bildirishicha, qutqaruvchilar voqea joyiga yetib borib, kanalda bir kishining oqib ketayotganini ko‘rgan. Shundan so‘ng fuqaroning jasadi suvdan olib chiqib berilgan.

«Shu o‘rinda fuqarolarimizdan yoz fasli yaqinlashayotgani sababli taqiqlangan joylarda cho‘milmaslikni, daryo va kanal bo‘ylarida farzandlarini nazoratsiz qoldirmasliklarini tavsiya qilamiz», — deydi boshqarma xodimi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilgi yoz mavsumi davomida 142 nafar fuqaro, shundan 51 nafari cho‘milish, 85 nafari esa ehtiyotsizlik oqibatida suvda cho‘kib halok bo‘lgandi, cho‘kkanlarning 45,3 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etgan.