Ijtimoiy tarmoqlarda Ohangaron shahrida bola o‘g‘rilari ushlangani aytilgan video tarqalgandi. Holat Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.

Aniqlanishicha, 20 fevral kuni 3 ayol hasharotlarga qarshi dori sotish maqsadida Ohangaron shahriga borgan.

«Jarayonda ularning xatti-harakatidan mahalliy aholi shubhalanib (ayollar bola o‘g‘irlamoqchi, deya videoga olib), hududiy IIBga xabar bergan. Internetda tarqatilgan ushbu xabar mazmunan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», — deyiladi munosabatda.

IIBB axborot xizmati ayollarning shaxsiga aniqlik kiritilganini bildirdi. Ular 1985 yilda tug‘ilgan D.Sh. hamda M.K. va D.Q. ekani, Toshkent shahrida yashashi ma’lum bo‘ldi. Ayollarning faoliyatini o‘rganish uchun soliq organi jarayonga jalb qilingan.

Bola o‘g‘irlash bo‘yicha rad etilgan holatlar

31 yanvar kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanida zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan 12 yoshli qizning murdasi topilgani haqida xabar berilgandi. Shundan beri bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, ularni o‘g‘irlash kabi holatlar jamoatchilik e’tibor markazida turibdi.

Xususan, fevral oyi boshida poytaxtda maktabdan qaytayotgan bolalarni noma’lum shaxslar o‘g‘irlab ketmoqchi bo‘lgani aytilgan videoxabar tarqaldi. IIV esa xabarlar asossiz ekanini bildirdi. Bu holatda bolalar mashinaga muz bo‘lagini tepgan, avtomobildagi o‘quvchi esa ularni ichki ishlarga olib borishini aytib qo‘rqitgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi maktab yaqinida erkak kishi yosh bolaning qo‘lidan ushlab tortgani va bola undan qochib ketgani aks etgan videolar tarqaldi. Holat o‘rganilgach, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi 1994 yilda tug‘ilgan erkak spirtli ichimlik iste’mol qilib, 2011 yilda tug‘ilgan bolani to‘xtatib, uni savol-javobga tutib, qo‘lidan qo‘yib yubormasdan, mayda bezorilik qilgan deb topdi va 10 sutka qamoq jazosi tayinladi.

Erkak esa holatni: «Shoshilib yugurib ketayotganida to‘xta, yiqilib tushasan, degan ma’noda to‘xtatgandim», — deya izohladi.

Bundan tashqari, Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida 9 yoshli bolani keksa ayol qorong‘i joyga olib borgani va bola undan qo‘rqib qochib ketgani haqidagi xabarlarga ham aniqlik kiritildi.

Unga ko‘ra, keksa yoshdagi ayol boladan qo‘lidagi xaltalarni ko‘tarishda yordam berishini so‘ragan. Voyaga yetmagan A.A. keksa ayolga yordamlashgan. Yo‘lda noma’lum erkakni ko‘rib qolgach, bola qorong‘i tushganini aytib, uyi tomonga yugurib ketgan. Keksa ayol va noma’lum erkak tomonidan unga nisbatan noqonuniy harakatlar sodir etilmagan deb topilgan.