Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Yashnobod tumani sudi sudyasi (erkak kishi) 4000 dollar olgani gumon qilinmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz» manbasi ma’lum qildi.

17 fevral kuni Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati Bosh prokuratura taqdimnoma kiritganini xabar qildi. Unga ko‘ra, sudya I.B.ni Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 3-qismi tegishli bandi bilan jinoiy javobgarlikka tortish masalasi ko‘rilgan.

Kengash xulosasi bilan I.B.ni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berildi va uning sudyalik vakolati to‘xtatildi.

Agar sudda aybov o‘z isbotini topsa, gumonlanuvchi 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Juma kuni kechga yaqin Oliy sud matbuot xizmati ham mazkur masala yuzasidan Oliy sud Plenumining majlisi o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Bosh prokuror taqdimnomasiga asosan Oliy sud ham sudyani jinoiy javobgarlikka tortish va unga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga rozilik berdi.