Har yili an’anaga ko‘ra O‘zbekistonda kelayotgan yilga nom beriladi. Va har yili an’anaga ko‘ra Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi qabul qilinadi. 2023-yil ham bundan mustasno emas — yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berildi. Hozirda Davlat dasturi loyihasining jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tmoqda. Oldingi yillarda ham shunga o‘xshash dasturlar qabul qilinganini inobatga olsak, uzviylikni ta’minlash maqsadida 2023-yilga mo‘ljallangan dastur ilgari boshlangan ishlarni davom ettirishga harakat qiladi, deb taxmin qilish mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi. Bu taxmin qanchalik haqiqatga yaqin? “Gazeta.uz” kolumnisti, ta’lim sohasi eksperti Komil Jalilov Davlat dasturining ta’lim sohasidagi islohotlarga oid ayrim bandlari misolida buni tahlil qilishga harakat qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 20-dekabr kuni Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida ta’lim sohasida boshlangan islohotlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladi. Prezidentning 2023-yilga oid Davlat dasturi to‘g‘risidagi farmoni loyihasida “2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularda kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, hamkorlikda ishlash, tadqiqotchilik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan yangi o‘quv dasturlarini amaliyotga kiritilish” vazifasi belgilangan.

Buning uchun 1−4-sinflarni “ilg‘or xorijiy tajriba” asosida ishlab chiqilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish (farmon loyihasi ilovasida — 2023-yil davlat dasturida bu vazifa “boshlang‘ich sinf darsliklarini xalqaro standartlar asosida joriy etish” tarzida belgilangan), 5−11 sinflar uchun esa “STEAM fanlari darsliklarini ixtisoslashgan ta’lim muassasalari darsliklari va o‘quv-metodik majmualari asosida, shu jumladan xorijiy tajribani inobatga olgan holda joriy etish bo‘yicha aniq choralarni belgilash” singari vazifalar qo‘yilgan. Xuddi shu yerda savollar tug‘iladi.

Yangi o‘quv dasturlari?

Farmon loyihasi matnidagi ifodadan (8b bandi) kelib chiqib xulosa qilinsa, yangi o‘quv dasturlarini 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich joriy etish kutilmoqda. Farmon ilovasiga muvofiq esa, Milliy o‘quv dasturini joriy qilish davom ettiriladi (167-band). Hujjat tasdiqlansa, bu ikki vazifadan qaysi biri bajarilishi kerak bo‘ladi?

“Malakali pedagog, ilmiy xodimlar, psixolog va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish” vazifasi prezidentning 2020-yil 6-noyabrdagi farmoni bilan Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga topshirilgan edi. Prezidentning tegishli farmonlari bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida (42-maqsad) va 2022 — 2026-yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturda 2026-yilgacha mazkur dasturni to‘liq amaliyotga joriy qilish ko‘zda tutilgan. 2017-yilda 12 yillik ta’lim uchun tasdiqlangan umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limning avvalgi davlat ta’lim standartlari 2021-yildan o‘z kuchini yo‘qotgan.

Respublika ta’lim markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 22 ta fan bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqishga 246 nafar ekspert, shu jumladan, maktab o‘qituvchilari, metodistlar, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari hamda BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) va AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ekspertlari jalb etilgan. Markazning ta’kidlashicha, “milliy o‘quv dasturlari XXI asr talablaridan kelib chiqqan holda o‘quvchilarda rivojlanishi kerak bo‘lgan ko‘nikmalarni belgilab beradi”. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi esa, o‘z navbatida, maktab o‘quv dasturlarining maktabgacha, professional va oliy ta’lim dasturlari bilan uzviyligini ta’minlash uchun 600dan ortiq mutaxassislar jalb etilgani haqida ma’lumot bergan edi.

UNICEF tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston ta’lim sektorining 2021-yilgi Tahlilida ta’kidlanishicha, Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqishda UNICEF va USAID`dan tashqari Britaniya Kengashi va boshqa tashkilotlar ishtirok etgan, jarayon bir necha bosqichda amalga oshirilgan va dasturni ishlab chiqishda qatnashayotgan mutaxassislar uchun o‘nlab treninglar tashkil qilingan. Birgina UNICEF 2020−2021-yillarda ushbu islohotni qo‘llab-quvvatlash uchun 150 ming AQSh dollariga teng mablag‘ ajratgan.

Majburiy ta’limning barcha bosqichlari va fanlarini qamrab oluvchi milliy o‘quv dasturi kabi keng ko‘lamli hujjatni ishlab chiqish — mashaqqatli va qimmat jarayondir. Hatto yetarlicha moddiy va insoniy resurslarga ega rivojlangan davlatlar ham bunday hujjatni tez-tez yaratmaydi. Masalan, Buyuk Britaniyada 1988-yilda joriy etilgan milliy o‘quv dasturi faqat 1994−95-yillarda qayta ko‘rib chiqilgan va bunda ham yangi dastur ishlab chiqilmagan, balki amaldagi dastur ta’lim mazmunini yengillashtirish maqsadida tahrir qilingan edi. Hozirgi kunda ham amal qilayotgan yangi milliy o‘quv dasturi esa 2014-yilda joriy qilingan.

Finlyandiyada 2004-yilgi milliy o‘quv dasturi bundan o‘n yil avval ishlab chiqilgan dastur o‘rniga joriy qilingan. 2018-yilgi PISA xalqaro tadqiqotlari natijalari bo‘yicha kuchli o‘ntalikka kirgan yagona postsovet davlati bo‘lmish Estoniyada ham milliy o‘quv dasturi taxminan har o‘n yilda bir marta ko‘rib chiqiladi. Balki O‘zbekiston ham yangi ishni boshlashdan oldin xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda boshlangan oldingi ishlarni oxirigacha yetkazishi va natijalarini tahlil qilib ko‘rishi samaraliroqdir?

Darsliklar: “ilg‘or xorijiy tajriba” izidan?

Farmon loyihasiga ko‘ra, boshlang‘ich sinflarda “ilg‘or xorijiy tajriba” (qaror loyihasi matnida shunday deyilgan) yoki “xalqaro standartlar” (qarorga ilova matnida shunday) asosida yaratilgan darsliklar joriy etiladi, yuqori sinflar uchun esa STEAM fanlari bo‘yicha “shu jumladan xorijiy tajribani inobatga olgan holda” darsliklarni joriy etish bo‘yicha choralar belgilanadi. Matnda bir narsa mavhum qolmoqda: Milliy o‘quv dasturi asosida darsliklarni nashr etish ishlari davom etadimi yoki bu yangi darsliklar bo‘ladimi?

2021-yil mart oyida o‘sha paytdagi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Milliy o‘quv dasturi asosida ishlab chiqilgan 1−2-sinflar uchun yangi darsliklarni taqdimot qildi. Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov “zamonaviy darsliklardagi yondashuv va rejalar davlatimiz rahbariga ma’qul bo‘ldi, shu sur’atda davom etish topshirig‘ini oldik”, deb yozdi. Prezidentning 2022-yil 11-maydagi farmonida “2021/2022-o‘quv yilidan boshlab 1- va 2-sinflarda 252 nomdagi yangi zamonaviy darsliklar, o‘quvchi mashq daftarlari hamda pedagoglar uchun o‘quv qo‘llanmalar joriy qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinishi” qayd etilib, qolgan sinflar uchun ham Milliy o‘quv dasturi asosida darsliklarni yaratish muddatlari belgilandi. 2022/2023 o‘quv yilida Respublika ta’lim markazi tomonidan 3, 6, 7, 10-sinflar uchun darsliklar yangilandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, faqat 2022-yilda bu maqsadlar uchun 1,1 trillion so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan edi.

UNICEF 1−3-sinflar uchun ona tili va o‘qish savodxonligi, matematika va tabiiy fanlar darsliklarini yaratishda ishtirok etganligini ma’lum qildi. Darsliklarni yaratishga jalb qilingan xalqaro ekspertlar dastur va o‘quv qo‘llanmalarini yaratishda xorijiy tajribaning inobatga olinishi, tanqidiy va ijodiy fikrlashni rivojlantirishi, darsliklarning xalqaro standartlarga muvofiqligi haqida bayonotlar bilan chiqishdi.

2019-yilda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) budjeti 29,5 million dollar bo‘lgan 4 yillik “O‘zbekistonda barkamollik uchun ta’lim” dasturi boshlanishini e’lon қилди. Dastur doirasida ingliz tili va informatika bo‘yicha Kembrij darsliklarini mahalliylashtirishdan tashqari, 1−4-sinflar uchun ona tili va o‘qish savodxonligi hamda matematika darsliklari va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar ham ishlab chiqildi. 2022-yil iyul oyida bu darslik va qo‘llanmalar ikki viloyatda tajriba-sinovdan o‘tkazish uchun Xalq ta’limi vazirligiga topshirildi. Darsliklar va ularga asos bo‘lgan standartlar tajribali milliy va xalqaro ekspertlar guruhi tomonidan O‘zbekistondagi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.

2022-yil noyabr oyida o‘sha paytda Xalq ta’limi vazirligidan mustaqil bo‘lgan Prezident ta’lim muassasalari agentligi (hozirda — Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi) fizika va biologiya bo‘yicha Kembrij darsliklarini mahalliylashtirish loyihasi boshlanganini e’lon qildi.

2022-yilning ikkinchi yarmida Finlyandiya tajribasini maktab ta’limiga joriy etish haqida ham ko‘p gapirildi. Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov “1−4-sinflar uchun o‘quv majmualari o‘zimizning mutaxassislar tomonidan fin standartlari asosida tayyorlanayotganini”, Xalq ta’limi vazirligi “2023-yil yanvar oyidan 1−4 sinflarda Finlandiya mas’ul idoralari tomonidan sifat belgisi bilan qayd etilgan zamonaviy darsliklarning aprobatsiyasi o‘tkazilishini” e’lon qildi.

2022-yil 29-dekabr kuni davlat rahbariga maxsus ishchi guruh tomonidan “ilg‘or xorijiy metodika asosida” yangidan tayyorlangan 1−4-sinf darsliklari taqdimot qilindi. Keyinroq “Ozodlik” radiosi o‘zbek xizmatiga bergan intervyusida Komil Allamjonov ushbu darsliklarni yaratish 2019-yilda boshlangani va bu jarayonni o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirganligini ma’lum qildi. Shuningdek, “katta sinflar uchun ham harakat boshlangani” e’lon qilindi.

Ushbu maxsus ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan darsliklar “XXI asr kishisi uchun eng zarur bo‘lgan ko‘nikmalar” — tanqidiy va kreativ fikrlash, jamoa bo‘lib ishlash, muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan, deya taqdim etilgan. 2023-yilgi Davlat dasturi to‘g‘risidagi qaror loyihasida ushbu ko‘nikmalarni shakllantirish boshlang‘ich sinflarda “ilg‘or xorijiy tajriba"ga asoslangan darsliklarni joriy etishdan kutilayotgan natija sifatida ko‘rsatilgan.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, hozirgi kunga kelib nimalar bor:

  • Milliy o‘quv dasturi asosida Respublika ta’lim markazi tomonidan UNICEF ko‘magida ishlab chiqilgan 1−3 va 6, 7, 10-sinflar darsliklari;
  • USAID mablag‘lari hisobidan yaratilgan 1−4-sinflar ona tili va o‘qish savodxonligi hamda matematika darsliklari;
  • Maxsus ishchi guruh tomonidan 1−4-sinflar uchun yaratilgan darsliklar — ushbu guruh yuqori sinflar uchun ham darsliklar yozishni boshlagan;
  • Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan mahalliylashtirilayotgan Kembrij nashriyotining fizika va biologiya darsliklari.

Ularning barchasi, bayonotlarga ko‘ra, xalqaro tajribaga asoslangan. 2023-yilga mo‘ljallangan dastur loyihasida ushbu to‘plamlardan qaysi birini joriy qilish nazarda tutilgan? Ushbu darsliklardan biri tanlanadimi? Agar “ha” bo‘lsa, kim tomonidan va qaysi mezonlar asosida?

Hozirda mavjud bo‘lgan to‘plamlarning barchasi muqobil sifatida (hukumat qarori muqobil darsliklarni joriy etishga imkon beradi, bu bo‘yicha tavsiyalarni UNICEF ham bergan edi) joriy qilinadimi? Agar “ha” bo‘lsa, darsliklarning davlat tomonidan tasdiqlangan ta’limiy maqsadlarga mosligi qanday ta’minlanadi?

Agar butunlay yangi darsliklar ishlab chiqiladigan bo‘lsa, yaratilishi va chop etilishi uchun soliq to‘lovchilar tomonidan allaqachon pul to‘langan darsliklarning taqdiri nima bo‘ladi? Davlat tomonidan ham, xalqaro donorlar tomonidan ham katta kuch va mablag‘ sarflangan Milliy o‘quv dasturi asosida darsliklar yaratish jarayoni mantiqiy yakuniga yetkaziladimi? Mas’ul idoralar ushbu savollarga javob berishini xohlardik.

Muallif Milliy o‘quv dasturi va ushbu dastur asosida 6, 7, 10-sinflar uchun adabiyot darsliklarini ishlab chiqishda ishtirok etgan.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.