2022 yil iyul oyi boshida Qoraqalpog‘istonda yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasi sobiq boshlig‘i, 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Polat Shamshetovning tergov hibsxonasidagi o‘limi holatini o‘rganish yakunlari bo‘yicha bayonot e’lon qildi.

Komissiya a’zolari Polat Shamshetovning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida 4-sonli Tergov hibsxonasiga borib, u yerdagi sharoitlar, kamera yozuvlari, dastlabki tibbiy xulosa va boshqa tegishli hujjatlarni o‘rganishdi. Shuningdek, marhum bilan bitta kamerada bo‘lgan shaxslar va tergov hibsxonasi xodimlari bilan suhbat o‘tkazishdi.

“Ular 3 fevral kuni nonushtadan keyin kamerada sud hukmini qayta-qayta o‘qigan, muhokama qilishgan, tushlikdan so‘ng sayr qilishgach, kameraga qaytishgan. Ularning aytishicha, shu kunlarda P. Shamshetov ko‘p tamaki chekkani tufayli nafas olishi og‘irroq bo‘lib qolgan. Xonadoshlarning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni marhum ko‘p bezovtalangan, to‘satdan ularning ko‘z o‘ngida hushini yo‘qotgan”, — deyiladi xabarda.

Kamera yozuvlarida marhum Shamshetovning o‘sha kundagi harakatlari, sanitariya-gigiyena xodimi va tez tibbiy yordamning operativ harakatlari aniq aks etgan.

“4 fevral kuni soat 01:50da P.Shamshetovning sog‘ligi yomonlashganligi sababli kameradoshlari hibsxona tibbiyot bo‘limi shifokorini chaqirtirgan. Hibsxona tibbiyot bo‘limi feldsheri katta serjant D. Temirov kameraga kelgan vaqtida mahkum P.Shamshetov hushsiz holatda bo‘lgan. Soat 02:15 da RSHTTYOIM Buxoro viloyati filiali tez yordam shifokori A. G‘afurov va feldsher M. Raxmonov yetib kelgan vaqtda mahkum P. Shamshetovni biologik o‘lim holatida ekanligini aniqlangan”, — deya qayd etilgan bayonotda.

O‘rganish davomida Buxoro viloyat sud tibbiy ekpertizasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarning videoyozuvlari ham tahlil qilindi.

Shuningdek, Komissiya a’zolari marhum vafot etgan kunda o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro viloyatidagi filialidan jalb qilingan tez yordam shifokori A.G‘afurov va feldsher M.Raxmonov hamda sud-tibbiy ekspertizasini o‘tkazgan Respublika Sud tibbiy ekspertiza markazi Buxoro viloyat filiali mutaxassislari bilan ham suhbatlashib, kerakli ma’lumotlarni olishdi.

“Bundan tashqari, mahbuslarga tasdiqlangan menyu asosida berilgan taomlar ko‘rib chiqildi va oshxonadagi sharoitlar o‘rganildi. O‘rganish davomida, marhumga nisbatan ruhiy yoki jismoniy qiynoq qo‘llanilishi mumkinligiga oid ma’lumotlar assosiz ekanligi aniqlandi”, — deya qayd etdi komissiya.

Avvalroq Polat Shamshetov o‘limidan so‘ng uning kamerasi Buxoro viloyati prokurori, viloyat IIB boshlig‘i, sud-tibbiyot ekspertlari, Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi hududiy vakili boshchiligidagi tergov-tezkor guruhi, shuningdek, advokat va marhumning yaqin qarindoshlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 45 yoshli Polat Shamshetov o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir yurak-qon tomiri yetishmovchiligi natijasida vafot etgan.

Polat Shamshetovning dafn marosimi 6 fevral, dushanba kuni Nukusda bo‘lib o‘tdi.