Turkiyada 6-fevral kuni mamlakat tarixidagi eng kuchli zilzilalardan biri yuz berdi, yerosti silkinishlari qo‘shni Suriyaga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. 7,7−7,8 magnitudali dastlabki zilziladan so‘ng seysmologlar 300 dan ortiq takroriy silkinishlarni qayd etdi, ular orasida 7,6 magnitudalisi ham bor edi. Minglab binolar, xususan, turar joylar, kasalxona va maktablar vayronaga aylandi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya va Suriyada 7,7 dan ziyod odam halok bo‘lgan, Turkiyaning o‘zida salkam 35 ming kishi tan jarohati olgan. Qurbonlar va jabrlanuvchilar, shuningdek, bedarak yo‘qolganlar orasida o‘zbekistonliklar ham bor. Qidiruv-qutqaruv ishlarida o‘zbekistonlik qutqaruvchilar ham qatnashmoqda. Ular hozirda 10 mingdan ortiq o‘zbek istiqomat qiladigan Hatay viloyatida ishlayapti.

“Gazeta.uz” Turkiyadagi zilzila vaqti hayoti xavf ostida qolgan, falokating jonli guvohiga aylangan o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi.

Hataydagi toshkentlik Sanjar, 30 yosh

Hataydagi zilzila oqibatida yuz bergan vayronagarchiliklar, 2023-yil 7-fevral. Foto: ReutersHataydagi zilzila oqibatida yuz bergan vayronagarchiliklar, 2023-yil 7-fevral. Foto: Reuters

Salkam bir oydan beri Hatay viloyatidagi Kirxan shahrida binolarni ta’mirlash bilan shug‘ullanib kelgan Sanjar 6-fevral kuni tong soat 4:00 larda kuchli zilziladan uyg‘onib ketgan.

“Nima qilishni bilmay qoldim, shokda edim, chunki zilzila juda daxshatli bo‘ldi. Keyin chiroq o‘chdi. Pasport va telefonimni olib, tashqariga qarab yugurdim. Ko‘chada odam juda ko‘p edi. O‘zim yashaydigan to‘rt qavatli uy zilzila asoratlari oqibatida ko‘zim oldida quladi. Adashmasam, uydagi xonadonlardan hali tashqariga chiqishga ulgurmaganlar ham bor edi. Qutqaruvchilar kelib, ularga yordam berdi. Soat 6:00 gacha ko‘chada turdik”, — deydi u.

Uning ta’kidlashicha, shifoxona, benzin va nonga uzun navbatlar paydo bo‘lgan.

“Shifoxona oldida odam ko‘p edi. Menimcha, tibbiy yordam faqat ahvoli og‘ir yoki jarohatlanganlarga ko‘rsatilyapti, xolos. Lekin ko‘rinishidan sog‘lomdek ko‘ringanlar ham navbatda turgandi. Non olishga ham navbat juda katta. Soatlab navbatda turib, atigi ikkita non xarid qildim. Yoqilg‘i quyish shoxobchalarining aksariyati ishlamayapti. Shu bois AYOQSHlardagi navbatlar ham uzun — mashinalarning oxiri ko‘rinmaydi. Benzin quyishga borganlarning deyarli bari biryo‘la telefonini quvvatlantirib olish uchun ham navbatda turibdi”, — deydi u.

Vatandoshning so‘zlariga ko‘ra, Hatay viloyatidagi manzaralarni ko‘rgan kishi o‘zini kinoga tushib qolgandek his qiladi.

Hatayda suvga navbatda turganlar. Foto: Sergey Ponomaryov / The New York TimesHatayda suvga navbatda turganlar. Foto: Sergey Ponomaryov / The New York Times

Xuddi kinoning ichiga tushib qolgandekman „Ertadan keyin“, „2012“ filmlaridagi sahnalar ko‘z oldimdan o‘tyapti. Bu yerda hamma jonini saqlashga urinyapti. Yo‘llar yorilib ketgan, g‘ildiragi yoriqlarga tushib qolgan mashinalar ko‘p. Ayrimlar mashinasini shundoq yo‘l o‘rtasida tashlab ketgan. Boshqa davlatlardan kelgan, ko‘rinishidan lo‘lilarga o‘xshaydigan ayollar, bolalar do‘konlarning oynalarini sindirib, mahsulotlarni o‘g‘irlab ketishayotganini ko‘rdim. Ularni turklar haydayapti. Zilzila bo‘lgan hududlarda o‘zbekistonlik tanishlarim yo‘q, men tanigan-bilgan hamma Istanbulda yashaydi”, — deydi u.

Sanjarning qo‘shimcha qilishicha, hodisadan so‘ng turkiyalik keksa bir otaxon uni uyida mehmon qilishini aytib, vaziyat iziga tushgunicha birga yashab turishni ham taklif etgan.

“Issiq choy, non va ovqat berib, mehmon qildi. Hozir ham uning 5 qavatli binoda joylashgan uyida yashayapman, xizmatlarini qilib, yordamlashyapman. Istanbul yoki Anqaraga ketmoqchi edim, ammo avtobuslar umuman yo‘q, viloyatlararo chegara yo‘llari ham berk ekanligini aytishyapti. Konsullikdan qo‘ng‘iroq qilib, odam jo‘natishlarini aytishdi. Bugun O‘zbekistondan kelgan qutqaruvchilarning bir guruhini ko‘rib qoldim. „FVV“ yozuvi tushirilgan, O‘zbekiston bayrog‘i ilingan mashinani ko‘rib, g‘ururlanib ketdim”, — deydi vatandosh.

Hatayda qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlab yuborgan o‘zbekistonlik qutqaruvchilar. Foto: FVVHatayda qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlab yuborgan o‘zbekistonlik qutqaruvchilar. Foto: FVV

Uning aytishicha, u yashayotgan hududda hali ham yerosti silkinishlari davom etyapti. “Mana, hozir siz bilan gaplashayotgan vaqtimda ham zilzila bo‘lyapti. Birinchi kungidek kuchli emas, ammo yer qimirlayotgani seziladi”, — dedi u.

Gaziantepdagi sirdaryolik Malika, 48 yosh

Sirdaryolik Malika opa asli hamshira, ammo O‘zbekistonda hamshiralik ishi ortidan olgan oz maoshi ro‘zg‘ordan ortmagan. U “uyidagi chala qolgan qurilishlarini tugatish” maqsadida ishlagani Turkiyaga kelgandi. U bu yerda o‘g‘li chet elda yashaydigan 74 yashar onaxonga “xuddi o‘zining onasiga qaragandek” qarar, ovqatini qilib, kirini yuvib, uyini tozalardi.

Turkiyadagi 7,8 magnitudali birinchi zilzila epitsentri Gaziantep shahri yaqinida edi. Malika opa esa o‘zi qaraydigan onaxon bilan birgalikda ushbu shahar chekkasidagi Ibrohimli dahasidagi ko‘p qavatli uylarning birida yashardi. Vatandoshning eslashicha, zilzila vaqti uy xuddi belanchakdek tinmay tebranib turgan.

“O‘tgan yili kuzda AFAD (Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi) zilzila bo‘lishi kutilayotgani, odamlar bunga tayyorgarlik ko‘rishi kerakligi haqida SMS’lar yuborgandi. Noyabr oxirida bir marta 4 ballik zilzila bo‘ldi. Ammo 6-fevraldagi zilzila juda kuchli, dahshatli bo‘ldi. O‘sha kuni negadir soat 04:00 gacha uyqum kelmadi. Ko‘zim endi ilingan vaqtda kimdir gursillatib eshikni tepayotgandek ovoz eshitildi: uy halinchakdek to‘xtovsiz chayqalyapti, ko‘p qavatli uy tebranib, uyoqdan buyoqqa borib kelyapti. Shkaflar ochilib, hamma narsa tushib ketdi. Onaxon qo‘rqqanidan tinmay baqirardi. Bunaqasini avval faqat internet yo televizorda ko‘rgandim. Karaxt bo‘lib qoldim”, — deydi u.

Zilzilaning Gaziantepdagi oqibatlari. Foto: Al JazeeraZilzilaning Gaziantepdagi oqibatlari. Foto: Al Jazeera

Malika opaning so‘zlariga ko‘ra, u zilzila tufayli o‘ligi begona yurtda qolib ketishidan juda qo‘rqqan.

“Onaxonni bir amallab 4-qavatdan pastga olib tushdim. Qor yog‘ayotgandi. Hammayoq qiy-chuv, qarsillagan ovozlar eshitiladi. Ko‘chada turgan mashinalardan birining oldiga borib, haydovchi bilan gaplashib, tong otguncha o‘sha mashinada o‘tirdik. Uyimiz atrofidagi bir nechta ko‘p qavatli uylar quladi. Bizning uy ham yashab bo‘lmaydigan holga kelib qolgandi. Shunday bo‘lsa-da, onaxonning dorilari, zarur kiyimlarini olish uchun ikki, majburlikdan uch marta shu uyga kirib chiqdim. O‘sha vaqti o‘limdan emas, o‘ligim begona yurtda qolib ketishidan qo‘rqdim. Men kabi pul topish uchun kelib, qiyinchiliklarni yengayotgan musofir odamlar taqdirini o‘ylab, ichim juda achidi”, — deydi u.

Gaziantepda tonggi zilziladan so‘ng, kechga borib qor va yomg‘ir yoqqan. 7-fevral kuni ertalabdan quyosh charaqlab chiqqaniga qaramay, havo harorati -5 darajagacha sovib ketgan.

“Bu yerdagi manzarani ta’riflab berishim qiyin. Qutqaruvchilar yer bilan bitta bo‘lgan binolar tagida qidiruv va qutqaruv ishlarini olib boryapti, vayronalar ostidan jasadlar olib chiqilyapti, hamma dod-faryod qilyapti. Odamlar jonini saqlash ilinjida. Ularning ko‘ziga qarashga qo‘rqasiz: kimdir onasini, yana kimdir farzandini qidirib, juda tushkunlikka tushib yig‘layapti. Biz hozir onaxonning qishloqda yashaydigan qarindoshinikidamiz. Kunduzi ikki qavatli uyda ovqatlanyapmiz, kechasi mashinada yotyapmiz. Odamlar baland binolar bo‘lmagan, keng joylarda mashina ichida yashab, jon saqlayapti”, — deya hikoya qiladi Malika opa.

Iskenderun shahrida zilziladan jabrlanganlarga kiyim-kechak tarqatayotgan ko‘ngillilar. Foto: Sergey Ponomaryov / The New York TimesIskenderun shahrida zilziladan jabrlanganlarga kiyim-kechak tarqatayotgan ko‘ngillilar. Foto: Sergey Ponomaryov / The New York Times

Vatandoshning aytishicha, u yashayotgan hududda kuchsiz zilzilalar hali ham kuzatilmoqda.

“Yo‘llar yorilib ketgan. Gaz va elektr energiya ta’minoti uzilgan. Ko‘plab do‘konlar yopiqligi uchun non sotib olishga katta navbatlar yuzaga kelgan — bir kishiga ko‘pi bilan beshta non berilyapti. Odamlar navbatlarda janjallashib ham ketyapti shekilli, politsiya nazorati ham o‘rnatilgan. Turkiyada turli xayriya jamiyatlari, tashkilotlari ko‘p ekan. Qizil yarim oy jamiyati, Yashil oy jamiyati va boshqa shu kabi tashkilotlar odamlarga issiq ovqat tarqatyapti. O‘zbekistondan qutqaruvchilar kelganini eshitib, juda quvondim. Gaziantepning boshqa bir tumanida gulistonlik bir tanish qiz ishlardi. Ammo uning telefoni o‘chiq, bog‘lana olmayapman. Aloqa sifati ham yaxshi emas”, — dedi u.