Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida joriy yilda inflyatsiya darajasini pasaytirish choralari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Inflyatsiya faqatgina makroiqtisodiy ko‘rsatkich emas, aholi daromadi va turmush tarziga ta’sir qiluvchi omil hisoblanadi, deya ta’kidladi prezident matbuot xizmati. 2022 yil yakuni bilan mamlakatda inflyatsiya 12,3 foizni tashkil etgan edi. Barcha iqtisodiy mexanizmlarni qo‘llab, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 10 foizdan pastga tushirish maqsad qilinmoqda.

Shavkat Mirziyoyev buning uchun iste’mol tovarlari, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, ularni «daladan dasturxongacha» yetkazib berishdagi xarajatlarni qisqartirib, arzon bo‘lishini ta’minlash zarurligini ta’kidladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish uchun aholiga ajratilgan jami 200 ming gektar yerdan unumli foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ushbu chora-tadbirlarni tizimli tashkil etish uchun hududlar salohiyatidan kelib chiqib, har bir tuman va shahar bo‘yicha alohida «yo‘l xaritalari» ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Aholi daromadlarini oshirishda ularning bo‘sh pul mablag‘larini moliya bozoriga jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Bu borada yaratilayotgan qulayliklar o‘z natijasini bermoqda. Jumladan, oxirgi uch yilda aholining bankdagi omonatlari 2 baravarga oshdi.

Lekin, bu yo‘nalishda hali imkoniyatlar ko‘p. Shu bois yig‘ilishda aholi uchun jozibador moliyaviy xizmatlar turlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi, deya qayd etildi.

Rezidentning iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, investitsion va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Obid Hakimovning aytishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda aholining qariyb 45 foizi jamg‘armalariga ega, lekin ularni bankda saqlamaydi (ma’lumotlarga ko‘ra). Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, katta yoshli aholining atigi 3 foizi omonatlarda pul saqlaydi).

Shu munosabat bilan prezident aholi uchun jozibador moliyaviy xizmatlar turlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

O‘zbekiston Markaziy banki 2023 yilda inflyatsiya 8,5−9,5 foiz darajasida o‘sishini bashorat qilmoqda. Inflyatsiyaning o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun davlat xarajatlarini qisqartirish muhimligini Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov hamda sobiq moliya vaziri, hozirda prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov ham ta’kidlab o‘tgan edi.

«O‘zbekiston budjet intizomini ta’minlash uchun asosiy e’tiborni davlat budjeti taqchilligini kamaytirishga qaratishi kerak, — dedi moliya vaziri Timur Ishmetov. «Bizning siyosatimiz inflyatsiyaga qarshi kurashish uchun muvofiqlashtirilishi lozim… hatto barcha xarajatlarimizni qisqartirishimiz kerak bo‘lsa ham. Lekin bu yaxshilik uchun», — degan edi Ishmetov.

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi noyabr oyida O‘zbekistonda iqtisodiyotning sekinlashishi va inflyatsiyaning ildiz otishi, jumladan, dunyodagi noaniqliklar tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlardan ogohlantirgandi.