Vazirlar Mahkamasida bosh vazir Abdulla Aripov raisligida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sel oqimlari, toshqin va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar qildi hukumat matbuot xizmati.

«O‘zgidromet»ning ma’lumotiga ko‘ra, shu haftadan havo harorati kunduzi +10 darajagacha va kechalari +3 darajagacha ko‘tariladi. Hatto tog‘oldi va tog‘li hududlarda 2−7 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.

Havo haroratining ko‘tarilishi — qor va muzlar erishini tezlatib, sel, ko‘chki va suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimolini yanada kuchaytiradi.

Yig‘ilishda mavjud holat hududlar kesimida chuqur tahlil qilinib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy hodisalarni oldini olish va bartaraf etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar hamda hokimliklar rahbarlariga topshiriqlar berildi. Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan sel oqimlari, toshqinlar va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha doimiy shtab tashkil etildi, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbarining 2022 yil 18 noyabrdagi qaroriga asosan Toshqinga qarshi hukumat hamda hududiy komissiyalar tuzilgan va ularning asosiy vazifasilari belgilangan. Vazirlar Mahkamasida o‘tgan yig‘ilish bayoni bilan ushbu komissiya a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlariga biriktirildi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatning turli hududlarida sel va toshqinlardan nafaqat obyektlar zarar ko‘rgan, balki hodisalar bir necha fuqarolarning vafotiga sababchi bo‘lgan. Xususan, 2022 yilning noyabr oyida yoqqan kuchli yomg‘ir sabab Qashqadaryo viloyatining Kitob, Qamashi, G‘uzor va Dehqonobod tumanlaridagi ariqlar, lotoklar hamda boshqa suv o‘tkazish inshootlarida yig‘ilgan yomg‘ir suvlari toshib chiqqan. Bunda aholi va xonadonlarga ziyon yetmagan.

Ammo 2022 yil may oyida Surxondaryoning Sariosiyo tumanida selda oqib ketgan ikki fuqaroning jasadi va mashina «To‘palang» daryosi o‘zanidan topilgan.

Bundan 1 oy ilgari — aprelda esa Jizzax viloyati Egizbuloq mahallasiga kelgan sel 70 dan ortiq qabrni oqizib ketgan. SES xodimlari aholi orasida turli kasalliklar tarqalishining oldini olish uchun suv va tuproq namunalarini olgan hamda aholiga dori va antiseptik vositalari tarqatgan.

O‘shanda «Gazeta.uz» muxbiri Abdullo Yodgorov 2 kun davomida hududda bo‘lib, aholi turar joylari va ularning ko‘p yillik ro‘zg‘origa yetgan zararlarni fotokarema obyektiviga muhrlagandi.

Shuningdek, 2020 yil may oyida Sardoba suv ombori to‘g‘oni buzilishi oqibatida sodir bo‘lgan toshqin suvlari 10 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari (23 ta aholi punktlari) hududlaridagi 4711 ta turar va 277 ta noturar joy obyektlariga hamda 30 718 ga ekin maydonlariga zarar yetkazgani ma’lum bo‘lgan. Toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun 2500 dan ortiq texnika jalb etilgan. Ushbu talafot oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat budjetidan jami 1,5 trln so‘m ajratilishi aytib o‘tilgan.