O‘zbekiston maktablarida qishki ta’til salkam bir oyga cho‘zildi. Odatda 11 yanvardan boshlanadigan uchinchi chorak darslariga yana salkam 2 hafta o‘tib kirishildi. Bungacha ta’til muddati 3 marta o‘zgardi. O‘quvchilar hokimliklar chiqargan qarorlar sabab maktabga bir kun borib, so‘ng yana ta’tilni davom ettirishiga ham to‘g‘ri keldi. Shundan so‘ng, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda tuman-shahar hokimliklari qarorlari bilan ta’til 22 yanvar kuni tugashi ma’lum bo‘ldi.

«Gazeta.uz» erta tongdan Toshkentdagi bir necha maktablarda bo‘lib, sinf xonalaridagi haroratni hamda o‘quvchilarning kayfiyatini o‘rgandi.

Xususan, ayrim maktablar xalq ta’limi bo‘limining ruxsatisiz ma’lumot berolmasligini bildirib, suratga olishni taqiqladi. Maktablar rahbariyatlari Xalq ta’limi bo‘limlariga qo‘ng‘iroq qilib ko‘rishdi, biroq mas’ullar javob bermadi.

darslar, maktab

Yashnobod tumanidagi 307-maktabda ham darslar oflayn davom etyapti. Binoning aksariyat qismi issiq, isitish tizimi hamma xonalarda turli haroratda ishlayapti. Xatto koridorlardagi «otopleniya»lar ham sovuq emas. Maktab rahbariyatining ma’lum qilishicha, davomat 90 foizdan yuqori. O‘qituvchilar dars qoldirgan o‘quvchilarning ayrimlari kasalligi, ayrimlari uxlab qolgani va ba’zilari boshqa sabablar bilan dars qoldirganini aytdi.

«Mening sinfimda 35 nafar o‘quvchi bo‘lib, bugun ularning barchasi darsga keldi. Ular dam olishdan ham charchashgan, maktabni sog‘inishgan. Bilim olishni istashyapti. Sinfxona iliq. Barcha o‘quvchilar jemfer va sviterlarda o‘tirishibdi. Boshida ko‘p o‘quvchilar 11 yanvarda kelishgandi, o‘sha kuni o‘qidik. Biroq, u vaqtda juda qattiq sovuq bo‘lgandi. Ota-onalarning ayrimlari bolalarini uyda olib qolishdi. Keyin ta’til 18 yanvargacha davom etishini aytishdi. Undan keyin darslar 23 yanvardan boshlanishini ota-onalar yangiliklar orqali bilib olishdi, o‘qituvchilar ham ma’lumot uchun bu haqda xabarlarni yetkazib turdi», — dedi 307-maktbaning Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Oksana Kryajeva.

darslar, maktab

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Oksana Kryajeva.

«Sinfda 34 ta o‘quvchim bor. Ularning 4 nafari kasalligi uchun kela olmadi. Ulardan xabar oldim», — dedi boshqa bir o‘qituvchi.

darslar, maktab

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Matluba Berdiyeva.

O‘quvchilarning ba’zilari uydan ko‘ra, maktab issiqroq ekanini aytib, yashash joyida chiroq muntazam o‘chib turganini bildirdi. Boshqalari esa uyi issiqroq tuyilmoqda ekan.

darslar, maktab

«Uydan ko‘ra maktab issiqroq. Uy sovuq. Oyim ikki qavat „kolgotka“, shapka, kurtka, jemfer kiydirib yubordi», — dedi bir o‘quvchi qiz.

darslar, maktab

«Maktabdan ko‘ra, uyim issiqroq», dedi yana bir o‘quvchi bola. Yana bir yuqori sinf o‘quvchisining aytishicha, ular uyida alohida pech yoqishadi, shu sabab maktabdan ko‘ra uylari issiqroq.

Maktab direktori o‘rinbosarining aytishicha, binoda isitish tizimi ta’tilda ham o‘chirilmagan. Faqat bosim pasayganida harorat tushgan bo‘lishi mumkin.

darslar, maktab

307-Maktab direktori o‘rinbosari Surayyo Abduvaliyeva.

«Bizda istish tizimi qish vaqti ham to‘xtamadi. Shaharlarda ommaviy issiqlik ta’minoti qachon yoqilgan bo‘lsa, shundan beri „otopleniye“ o‘chirilmagan. Gaz bosimi pasaygan paytda issiqlik bosimi pasaygan bo‘lishi mumkin. Shundan keyin agar sistemada havo probkalari chiqarib yuborilsa, yana tizim o‘z ishini boshlaydi. Biz asosan o‘qish to‘xtab qolmasligi tarafdorimiz», — deya ta’kidladi Surayyo Abduvaliyeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir-ikki hafta ortiqcha bo‘sh qolgan bolalarni yig‘ib olish ham qiyin bo‘ladi.

«Gazeta.uz» muxbiri Shohruh Haydarov Mirobod tumanidagi 110-maktabga bordi, biroq u yerda ham suratga olishga qarshiliklar ko‘rsatildi. Shundan so‘ng muxbir 328-maktabdagi sharoitlar bilan tanishdi.

»darslar,

Mirobod tumanidagi 328-maktab direktori o‘rinbosari Yelena Rahimova.

«Maktabimizda 1470 nafar o‘quvchi bo‘lsa, bugun ulardan 1227 nafari darsga keldi. III chorak boshlanishidan oldin barcha xonalarimizni issiqlik bilan ta’minlash choralari ko‘rilgan. Hozir xonalarimizda harorat 18−19 darajani tashkil qiladi, ota-onalardan hech qanday shikoyat kelib tushayotgani yo‘q», — dedi 328-maktab direktori o‘rinbosari Yelena Rahimova.

Shuningdek, ota-onalardan biri maktabga 3−4 kun avval kelib ketganini, issiqlik darajasi yaxshi ekanligini qayd etdi.

Suhbatdoshlar ta’kidlaganidek, qishki ta’til boshqa uzaytirilmasa kerak. Endi qolgan muammoli maktablarning isitish bilan bog‘liq kamchiliklari bartaraf etilsa, onlayn o‘qiyotgan o‘quvchilar ham tezroq o‘z partalariga qaytgan bo‘lardi.