23 yanvar kuni respublikaning barcha umumta’lim maktablarida o‘qish jarayonlari boshlandi, xususan, 717 tasida masofaviy shaklda olib borilmoqda, deya xabar berdi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Hududlardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda 10 104 ta maktabdan 9387 tasida o‘quv jarayonlari an’anaviy shaklda, sinf xonalarda havo haroratini me’yor darajasida saqlash imkoniyati bo‘lmagan maktablarda esa o‘quv jarayonlari vaqtincha masofaviy shaklda boshlandi.

Vazirlik tegishli idoralar, hududiy hokimliklar, kommunal xizmati tashkilotlari bilan birgalikda ta’lim muassasalarida o‘qish jarayonlarini tashkil etish yuzasidan zarur choralarni ko‘rib, bosqichma-bosqich masofaviy ta’lim shaklida bo‘lgan maktablarni ham an’anaviy shaklga o‘tkazish choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.

Quyidagi havolalar orqali hududlar kesimida o‘quv jarayonlari masofaviy hamda an’anaviy shaklda tashkil etilgan maktablar ro‘yxati bilan tanishish mumkin:

Bundan avval, Sanitariya-epidemiologiya xizmati ta’lim muassasalarining o‘quv xonalarida havo harorati +16 darajadan past bo‘lmasligi kerakligini ma’lum qilgandi.