O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlari poytaxtning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni Toshkent xalqaro aeroportida to‘xtatib qolgan bo‘lishi mumkin, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» manbasi.

Ma’lum qilinishicha, sobiq hokim va uning oilasi 16 yanvar kuni Turkiyaning Istanbul shahriga uchgan Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY 271 reysiga ro‘yxatdan o‘tgan. Parvoz soat 7:40 da amalga oshirilishi kerak bo‘lgan.

Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan olinganini ma’lum qildi.

«Qish mavsumiga lozim tayyorgarlik qilmagani uchun Toshkent shahri hokimi Ortiqxo‘jayevni kechasi shtabda ishdan oldim. Quruq gap bilan, yolg‘on „svodka“ bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun uni ishdan oldim», — degandi prezident.

Ta’kidlanishicha, poytaxtning Bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani oqibatida ruxsatsiz qurilgan obyektlar soni 250 dan oshib ketgani, qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, bozorlarda oziq-ovqat muzlab qolmasligi, narx-navo oshib ketmasligi uchun chora ko‘rilmayotgani uchun poytaxt mutasaddilariga qat’iy e’tiroz bildirildi.

Jahongir Ortiqxo‘jayevdan tashqari, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa tumanlari hokimlari ham lavozimidan ozod etilib, hokim vazifasini bajaruvchisi lavozimiga tushirildi. DXX va Bosh prokuraturaga ularning faoliyatini o‘rganish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, Xalq deputatlari Toshkent shahar sessiyasida 2018 yil 21 dekabr kuni tashkiliy masala ko‘rilib, Shavkat Mirziyoyev shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Jahongir Ortiqxo‘jayev nomzodini shahar hokimi lavozimiga tavsiya etgan.