O‘zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Senati a’zosi, Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari, shoira Enaxon Siddiqova 13-yanvar kuni 68 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati xabar qildi.
Enaxon Siddiqova 1954-yil 28-avgust kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida tavallud topgan. Farg‘ona davlat institutining filologiya fakultetida (1972−1976) tahsil olgan. Oltiariq va Farg‘ona tumanlari maktablarida o‘qituvchi, maktab direktori vazifalarida xizmat qilgan (1976−1996). O‘zbekiston XDP Farg‘ona tumani ikkinchi kotibi (1996), “Farg‘ona haqiqati” — “Ferganskaya pravda” gazetasi muxbiri (1990−1997), Farg‘ona viloyati hokimligi xodimi (1997−2001) lavozimlarida ishlagan.
Shoira shu kunga qadar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari, “Qalb sadosi” haftalik gazetasining bosh muharriri vazifasida xizmat qilib kelayotgan, 2015-yildan shu kunga qadar Oliy Majlis Senati a’zosi edi.
Enaxon Siddiqova “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Unga 2004-yili “Do‘stlik”, 2009-yili “El-yurt hurmati” ordenlari, 2016-yili esa “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoni berilgan. 2018-yili Farg‘ona davlat universitetining faxriy professori unviniga munosib ko‘rilgan edi.