Xorazm viloyati hokimligi hududdagi bog‘cha va maktablarda o‘qish jarayonlarini boshlash sanasini 16 yanvarga ko‘chirdi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati rahbari Bobur Bekmurodov ma’lum qildi.

U harakat nomidan viloyat hokimining qarorini olqishladi. Avvalroq viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi 11 yanvar sanasidan barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qish jarayoni boshlanishini e’lon qilgan. Boshqarma bu qarorni havo haroratining keskin tushib ketmasligi bilan izohlagan.

Qolaversa, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi ham barcha oliy ta’lim muassasalari va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ta’til vaqtini 16 yanvargacha uzaytirdi.

5 yanvar kuni O‘zbekistondagi barcha ta’lim muassasalarida qishki ta’til ob-havo sovuqligi sababli 17 yanvarga qadar uzaytirilgandi. Biroq 10 yanvar kuni hukumat hokimiyatlarga ta’til jadvalini mustaqil belgilashga ruxsat bergani ma’lum bo‘ldi.

Shu kuni “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov mas’ullarni o‘qish jarayonlarini keyingi haftadan boshlash masalasini ko‘rib chiqishga chaqirdi. Qarorning nafaqat ta’lim muassasalari ma’muriyati, balki ota-onalar va pedagogik tarkib bilan maslahatlashgan holda qabul qilinishi lozimligini qayd etdi.

Shunga qaramay, deyarli barcha hududlarda 11 yanvardan ta’lim muassasalari faoliyatini to‘liq yoki qisman tiklashga qaror qilindi.

Buxoro viloyati hokimligi ham ota-onalar murojaatiga ko‘ra maktab, oliy o‘quv yurtlari va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining ochilishini 16 yanvarga ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Avvalroq darslar 11 yanvardan boshlab yuborilgandi.