O‘zbekistonda 6 mlrd dollarlik mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 yanvar kuni sanoatni rivojlantirish hamda qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov oldiga bu boradagi vazifalarni belgilab berdi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevga hududiy investitsiya dasturlariga kiritilgan 3 mingga yaqin loyihaning o‘z vaqtida ishga tushirilishini nazorat qilish, mavjud muammolarni joylarda tezkorlik bilan hal etish, har bir tuman va shaharga kamida 50 mln dollardan kam bo‘lmagan qo‘shimcha sarmoya jalb etilishini nazorat qilish topshirildi.

Davlat rahbari investitsiya dasturlari doirasida joriy yilda 1 mlrd dollarlik metall konstruksiya, nasoslar va sovutgich uskunalarini import qilish rejalashtirilganini aytdi. «Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun katta bozor degani emasmi? Xorijdan import qilinadigan mahsulotlarni mamlakatimizda qanday ishlab chiqarish mumkinligini tahlil qilib, mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish kerak. Bu 1 mlrd dollarni qanday qilib o‘zimizga qoldirib, xalqimizga oylik beramiz, shu haqda», dedi u.

2023 yilda barcha zaxiralardan foydalangan holda sanoat ishlab chiqarishini 14 foizga oshirish mumkin, deyiladi yig‘ilishda. Shu bilan birga, 2023 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda 5,1−6,9 foiz o‘sish prognozi ko‘zda tutilmoqda.

Import o‘rnini bosuvchi siyosat muammolari

Iqtisodchi, Janubiy Koreyaning Chonbuk Milliy universiteti magistri Mirkomil Xolboyev O‘zbekistonda mahalliylashtirishni saraton bilan taqqosladi.

«Yangi davr boshlanishi bilan ko‘pchilikda erkinroq va dunyoga integratsiyalashgan davlatga aylanishimizga umidlar paydo bo‘lgan edi. Qaysidir ma’noda bu umidlar JSTga qo‘shilish, qo‘shnilar bilan integratsiyasning kuchayishi bilan yanada ortib bordi. Lekin ko‘rmoqdamizki, so‘ngi yillarda dunyoga ochilish borasidagi harakatlar sekinlashgandek, ba’zi yo‘nalishlarda esa hatto orqaga qaytish ham kuzatilayotgandek. Oxirgi yillarda savdoning ochilishi bilan bog‘liq qarorlarning deyarli barchasi vaqtincha va imkonsizlikdan (ya’ni boshqa alternativa deyarli qolmaganligidan) qabul qilinmoqda. Hamda savdoning erkinlashtirilishi bilan bog‘liq qarorlarning aksariyati oziq-ovqat tovarlari bilan bog‘liq vaqtincha qarorlardir», — dedi u.

Iqtisodchining fikricha, JSTga a’zo bo‘lish harakatlari davom etayotganligiga qaramasdan, uning savdoni erkinlashtirish maqsadida qilinayotganligi sezilmayapti.

«Bunday sharoitda tashkilotga a’zo bo‘lish katta o‘zgarishlarga olib kelmasligi turgan gap. Ya’ni balki ba’zi tovar guruhlari uchun bojlar pasayishi mumkin lekin, o‘ylaymanki, hozirgi ideologiya bilan savdoning erkinlashishi boshqa tomondan ma’muriy yoki qandaydir yashirin usullar bilan uning cheklanishini yanada kuchaytirishining ehtimoli yuqori», — dedi u.

Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda «import doim yoqmagan» va uning o‘sishi salbiy hodisa sifatida ko‘rilgan.

«Shu sabab eski davrda importning eksportdan oshib ketmasligini ta’minlash maqsadida turli ma’muriy usullardan foydalanilgan. Yangi davr boshlanishi bilan esa importning o‘sishiga cheklovlarlar deyarli olib tashlandi. Ammo importni yomon ko‘rish hamda mahalliylashtirish g‘oyasi oxirgi yillarda yana kuchayishni boshlagandek», — deya keltirgan u.

Iqtisodchi prezident tomonidan qiymati 6 mlrd dollarlik mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish vazifasi qo‘yilgani, biroq uning muddati belgilanmaganiga e’tibor qaratdi.

«Agar bu vazifa joriy yilga qo‘yilgan bo‘lsa, unda import umuman o‘smasligi kerak. 2022 yilda import hajmi agar so‘nggi oyda ham o‘tgan davrdagi o‘sish saqlanib qolsa, taxminan 5 mlrd dollarga o‘sgan. Ya’ni birgina 2023 yilda 6 mlrd dollarlik mahalliylashtirish loyihasi amalga oshsa, unda joriy yilda import umuman o‘smasligi kerak», — deb yozadi ekspert. Uning fikricha, bu «zararli va samarasiz» yechim bo‘ladi.

«Tarixga, ayniqsa oltin, paxta va energetika mahsulotlari eksporti umumiy tovarlar eksportining 60 foizdan oshiqroq qismini tashkil etgan 2000-yillarga qarashning o‘zi kifoya. Bugungi kunga kelib oltin, rangli metallar va energitika mahsulotlarining tovarlar eksportidagi ulushi 50 foiz atrofida. Erkatoy hamda subsidiya va imtiyozlarning kushandasiga aylangan avtomobil zovodimiz eksporti esa umumiy eksportning 2 foiz atrofidagi ulushni tashkil etadi, xolos (tovarlar eksportidagi ulushi biroz yuqori). Bundan tashqari, ichki bozordagi iste’molchilarni ham zavod istagan kuyiga solib kelmoqda», — dedi iqtisodchi.

Mirkomil Xolboyevning fikricha, shuncha yil davomida import o‘rnini bosish siyosati olib borilayotganiga qaramay, O‘zbekiston xomashyo o‘rniga ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qiladigan davlatga aylangani yo‘q.

«Importning o‘rnini bosuvchi siyosat bilan 2000-yillarda xomashyo eksportchisidan sanoat tovarlarini eksport qiluvchi davlatga aylanib qoldikmi? Tabiiyki, bu savolga javob — „yo‘q“. 0-yillarda xomashyo eksporteridan hozirgi kunda qazilma boyliklarini eksport qiluvchi mamlakatga aylandik, xolos» — deya ta’kidladi Xolboyev.

Imort o‘rnini bosish siyosati haqida yozar ekan, Holboyev shunday deydi: «importning o‘rnini bosuvchi siyosat, bu — saraton. O‘simta qancha uzoq vaqt yashasa, u shunchalik kattalashadi va undan qutilish qiyinlashib (balki imkonsiz bo‘lib) boradi. Mahalliylashtirish xuddi o‘simta kabi qanchalik kattalashsa, undan voz kechish shunchalik qimmatlashib hamda qiyinlashib boradi. Saraton o‘zining hostini bir kuni o‘ldirgani kabi, mahalliylashtirish mamlakatni o‘nglanmas kambag‘allik botqog‘iga botiradi».

2018 yil fevralida Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yillarda qabul qilingan mahalliylashtirish dasturlarini «firibgarlik va imtiyozlar olish uchun bahona» deb atagandi.

2021 yil noyabr oyida investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev faqat ichki bozorga yo‘naltirilgan mahalliylashtirish haqida gapirishdan ma’no yo‘q ekanligini tan olgandi, bu faqat ichki bozorga qaratilgan. «Biz bunga o‘zimizning achchiq tajribamizdan ham, o‘sha paytda import o‘rnini bosish bilan shug‘ullangan boshqa Lotin Amerikasi davlatlarining tajribasidan ham amin bo‘ldik», — degandi u.

O‘sha yilning aprel oyida sobiq bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri (hozirda prezident Administratsiyasi rahbari) Sardor Umurzakov O‘zbekiston mahalliylashtirish dasturi orqali yil oxirigacha 3 mlrd dollarlik mahsulot importini almashtirishni rejalashtirayotganini aytgandi. Buning uchun 2300 dan ortiq loyiha amalga oshirilishi kutilgan edi.