22 dekabr kuni Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 18 nafar bemor «Dok-1 Maks» siropini ichib, vafot etgani haqida yozgandik. Keyinroq, Qashqadaryoda ham 1 yoshli bola davolash chog‘ida ushbu siropdan 5 kun ichirilgani ortidan haloq bo‘lgandi.

Bundan tashqari, Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida ham 10 nafarga yaqin bola shamollash asoratlari sabab reanimatsiya bo‘limida davolanayotgani ma’lum bo‘ldi. «Gazeta.uz» muxbirlari shifoxonaga borib, bolalarning ota-onalari va shifokorlar bilan suhbatlashdi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (16-shahar shifoxonasi) bolalar reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i Alisher Mustaqimov hozir 14 bemor reanimatsiya bo‘limida davolanyotgani, ularning 10 nafari shamollash asoratlari bilan yotganini ma’lum qildi.

«Hozirgi paytda buyrakka asorat berayotgan respirator infeksiyalar soni bir muncha oshgan. Buyrak yetishmovchiligi bilan yotgan kasallar o‘zi har doim bo‘lgan. Hozir ham bor. Ayni vaqtda oshib ketdi, ko‘paydi deyolmayman. 10 nafar bemorning bir necha nafarining onasi shamollashga qarshi bo‘lgan dorilarni ichishganini aytdi. Lekin, bu hozircha o‘z tasdig‘ini topgani yo‘q. Hozir bitta doriga taqalib qolishdan yiroqdamiz. Chunki, bunday dorilarni ichmasdan buyrak kasalligi bilan og‘riganlar ham bor. Bir necha xil dorilarni birga qabul qilgan bemorlar ham bor. Ularning bittasini qo‘llagan bemorlar ham bor», — deya ta’kidladi shifokor.

Tibbiyot markaziga kelgan bemorning qarindoshi jiyani o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanayotganini ma’lum qildi.

«Buxoro viloyatidan keldim. 2 yoshli jiyanim hozir bolalar qabul bo‘limida yotib, davolanyapti. Kelganimizga ikki kun bo‘lgan bo‘lsa, hozir u koma holatiga tushgan. Ko‘pchilik qatori unda ham o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Lekin, jiyanim „Dok-1 Maks“ siropini qabul qilmagan. Oxirgi shamollagan davrida „Quramax“ kompaniyasining „Abronol“ siropini qabul qilgan», — dedi Yolqin Muqimov.

Uning davolanayotgan bolalarning ota-onalaridan eshitgani bo‘yicha so‘zlab berishicha, bolalariga hammasi ham «Dok-1 Maks» siropini ichirmagan. Balki, xuddi o‘sha «Quramax» kompaniyasining («Dok-1 Maks» dorisini O‘zbekistonga aynan Quramax Medical MCHJ import qilgan) Hindistondan keltirilgan boshqa nom ostidagi dorilarini ichirishgan.

«Boshqa ota-onalardan so‘rasak, Sinepar Kid va boshqa dorilarini iste’mol qilishganini aytib o‘tyapti. Rasmiylarimizdan shu dorilarni ham qo‘shimcha tekshiruvga olishlarini so‘raymiz. Haqiqatdan ham bolalardagi o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kasalligiga „Ambronol“ siropi tarkibidagi etilenglikol moddasini haddan miqdori ko‘pligi sabab bo‘lyaptimi yoki yo‘q?», — dedi bemorning yaqini.

Shuningdek, u jiyani «Ambronol» siropini bir hafta oldin kuniga 2 mahal qabul qilganini aytib o‘tdi.

«Hozir jiyanim ushbu siropidan kasal bo‘lganmi yoki yo‘q, bu haqda qo‘limda hech qanaqa isbotim yo‘q. Yaqinlarimning aytishicha bir oy oldin jiyanimga „Dok-1 Maks“ siropini berishgan. U hech qanaqa asorat qoldirmagan. Dorini shifokor tavsiyasi bilan olingandi. Lekin, bu yerda shifokorda nima ayb yoki bu vaziyatni ommaga oshkor qilgan insonlarda nima ayb? Dorixonachi ham bu yerda aybdor emas. Ayb kimda bo‘lishi mumkin? Sotilishidan oldin dorini tekshiradigan instansiyalar bor. Mana shu yerdagi mas’ullardan ham vaziyatni so‘rash kerak, deb o‘ylayman», — deya ta’kidladi u.

Yana bir «Ambronol» siropini qabul qilgan bemorni Surxondaryodan uning bobosi Erkin Doniyorov olib keldi.

«Surxondaryo viloyatidan keldim, 8 kundan beri nevaram shu shifoxonada yotibdi. Hozir holati og‘ir, 6 ta dializ oldi. Kasal bo‘lishidan 15 kun oldin „Ambronol“ dorisini ichgan, menimcha oldin ham bu dorini ichgandi. Birinchi boshlanganda, ertalabgacha temperatura qilib, qusib chiqdi. Uni qishloq shifoxonasiga olib bordik. U yerdan tuman markaziga yuborishdi. Tuman markazidan viloyatga. U yerda tekshirib ko‘ryaptiki, haqiqatdan ham buyrak ishlamayapti. Bola 3−4 kun peshob ajratmadi. Surxondaryoda dializ qilishga sharoit yo‘q ekan. Keyin Toshkentga keldik. Poytaxtdagi shifoxonada peshob ajratishni boshladi. Hech nimaga pul so‘rashgani yo‘q. Men bilan birga Muzrabod tumanidan bir sherigim ham keldi. Uning o‘g‘li „Dok-1 Maks“ ichgan ekan. U ham shu shifoxonada yotibdi. U ham, mening nevaram ham asta-asta peshob ajrata boshladi. Lekin, baribir bu masalaning oxiriga yetish kerak», — dedi u.

Buxoro viloyatidan kelgan yana bir bemorning dadasining so‘zlariga ko‘ra, uning farzandi shamollash kasalligining oldini olish uchun «Sinepar Kid» siropini ichgan.

«Buxoro viloyatining Romitan tumanidan keldim, o‘g‘lim shu yerda yotibdi. Shamollaganda «Sinepar Kid» degan sirop berganman. Kelganimizga 4 kun bo‘ldi. Dorini esa 8 kun oldin ichgandi. U boshida qayt qildi, temperaturasi ko‘tarildi. «Sinepar Kid»ni bundan avval ham berardik. Oxirgisi menimcha yomon chiqdimi, bilmadim. Buxorodan asosiy 3 ta og‘ir kasallar Toshkentga yuborilgan. Qolganlar viloyatda davolanyapti. O‘sha paytda shifokor 22 bemor sig‘adigan joyda, 72 nafar bemor bolalar borligini aytgandi», — dedi u.

Reanimatsiya bo‘limi boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, 28 dekabr kuni 2 yoshli Jizzax viloyatidan kelgan bemor vafot etdi.

bolalar, док-1 макс, doriхonalar, kasalлик

Alisher Mustaqimov.

«3−4 kun ichida faqat bir bemor vafot etdi, bundan boshqa hozircha vafot etganlar bo‘lmadi. Unda shamollashning o‘tkir respirator infeksiyasi hisobiga buyrak yetishmovchiligi holati yuzaga kelgan. U ham shu „paratsetamol“ qaysidir bir turini qabul qilgan», — dedi u.

Mana shu holatdan kelib chiqib, o‘z fikrimni aytadigan bo‘lsam, ota-onalar farzandiga dori olayotganda dorixonachilardan so‘raydi. farmatsevt yetarlicha ilmli bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun asosan shifokorga murojaat qilish va dorini retsept bilan yozish kerak, dedi Alisher Mustaqimov.