Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Dok-1 Maks» siropini qabul qilib vafot etgan bolalar haqida xabar bergan Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori, professor Mamatqul Azizov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Azizov va yana olti nafar tibbiyot xodimining ishdan bo‘shatilishi sabablari so‘ralganda, vazirlik payshanba kuni shu yuzasidan brifing o‘tkazishini va savollarga o‘sha yerda javob berilishini ma’lum qildi.

Avvalroq, Sog‘liqni saqlash vazirligi «xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lganligi, bolalar o‘limi holatlarini o‘z vaqtida tahlil qilmagani va zarur choralar ko‘rilmagani uchun» yetti nafar mansabdor shaxs egallab turgan lavozimidan ozod etilgani, qator mutaxassislarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llangani haqida xabar bergan edi.

Kun.uz xabariga ko‘ra, Mamatqul Azizovdan tashqari quyidagilar ham ishdan olingan bo‘lishi mumkin:

  • Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari S.Mo‘minov;
  • Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi onalik va bolalik salomatligini rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi S.Rasulov;
  • Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori M.Azizov;
  • Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining gemodializ bo‘yicha mutaxassisi B.G‘aniyev;
  • Toyloq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Olmazor OSHP mudiri X.Muzaffarov, oilaviy shifokori U.Mahmudov, doya hamshirasi M.Siddiqova.

Eslatib o‘tamiz, Hindiston ishlab chiqaruvchisi Marion Biotech tomonidan «Dok-1 Maks» dorisini qabul qilgan bolalarning o‘limi Mamatqul Azizovning 15 dekabrdagi xatidan ma’lum bo‘ldi. Unda aytilishicha, oxirgi 2 oyda 21 nafar bemor shu dori vositasini qabul qiligandan so‘ng nojo‘ya ta’siri bilan murojaat qilgan. Bemor bolalarda asosan anuriya kuzatilgan.

«17 ta bolalarda kasallik nihoyatda og‘ir kechdi. Hatto bir necha gemodializ seanslarini o‘tkazishga ham to‘g‘ri keldi. 15 nafarida o‘lim holati kuzatildi», — deyiladi maktubda.

Shundan so‘ng, 22 dekabrdan boshlab ushbu dori vositasining butun O‘zbekiston bo‘ylab sotuvi vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda «Quramax Medical» MCHJ tomonidan realizatsiya qilingan tashkilotlarga xabar yuborilgan. Shunga qaramay, aholi «Dok-1 Maks» dan foydalanish xavfi haqida ommaviy ogohlantirish olmagan.

Oradan bir necha kun o‘tib, bolalar ombudsmanı Aliya Yunusova Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlaridan 18 nafar bola vafot etgani haqida xabar berdi. Keyinroq Qashqadaryoda sirop ichgan yana bir bola vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev «Dok-1 Maks» Max siropini qabul qilgan bolalar o‘limi haqidagi ma’lumotlar vazirlikdan yashirilganini aytdi.

Davlat xavfsizlik xizmati ushbu holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va import qiluvchi «Quramax Medical» kompaniyasi va Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi mansabdor shaxslari hibsga olingani haqida ma’lum qildi.